Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:40

Namanganda paxtani ko‘paytirish maqsadida yuzlab gektar poliz ekinlari va sabzavot buzib tashlandi


Buzib tashlanayotgan poliz ekinlari
Buzib tashlanayotgan poliz ekinlari

Namangan viloyati, Pop tumanida fermer va dehqonlarning ko‘karib turgan qovun, tarvuz, sabzavotiga traktor solindi.

Fermerlarning aytishlaricha, Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, poliz ekinlari va sabzavot yetishtirishga ularda ruxsat bo‘lsa-da, lekin tuman va viloyat hokimligi paxta maydonini ko‘paytirish uchun gulga kirayotgan ekinzorlarni buzib tashlamoqda.

Fermerning yerida ishlab berish sharti bilan, suv chiqmaydigan maydonlarda qovun yetishtirish uchun butun oilasi bilan kapa qurib ishlayotgan o‘nlab dehqonlar sarflagan xarajatiga kuyib qoldi.

Pop tumani qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mulozimlari Ozodlik bilan bu haqda suhbatlashishdan bosh tortdi.

Наманганда пахтани кўпайтириш мақсадида юзлаб гектар полиз экинлари ва сабзавот бузиб ташланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:00 0:00
Бевосита линк

Pop tumanidagi bir qancha fermer yeriga ekilgan poliz ekinlari va sabzavotning buzib tashlanayotgani haqida, fermerlardan biri Ozodlikka xabar berdi:

“Popda fermerlarning poliz va sabzavot ekinlariga shartnoma qilingan yerlardagi sabzi, qovun va tarvuzlar viloyat va tuman hokimliklari tomonidan shafqatsizlarcha buzilmoqda. Buning oqibatida bor-budini ana shu yerga sarflagan dehqonlar o‘z joniga qasd qilishga ham urindi. Nahotki, ko‘karib gulga kiray deb turgan qovunu tarvuzlarni haydab tashlashga bu rahbarlarning vijdoni chidasa, iltimos, bizga yordam bering, xonavayron bo‘ldik”.

Buzib tashlanayotgan poliz ekinlari
Buzib tashlanayotgan poliz ekinlari

"Sabzavot uchun ajratilgan yer noqonuniy emas"

Ozodlik bilan 20 aprel kuni suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, garchi yuz gektardan ortiq yerining o‘n gektari sabzavot va poliz uchun ajratilgan bo‘lsa-da, uning ekinlari ham haydab tashlangan:

“Bizniki og‘ir zona, nasos bilan suv chiqadi. Nasosiga o‘zimiz pul to‘laymiz. Paxtamizga ishlov beradigan traktorchiga tarvuz uchun ikki gektar yer ajratib bergan edim. Kadastrda ham 10 gektar sabzavotchilikka ajratilgani haqidagi hujjat ham bor. Lekin shunga qaramay ko‘karib turgan ekinning o‘rtasidan traktor solib, buzib tashlashdi. Bu yerga 20 million so‘m xarajat qilgandim. Razmeshenie bo‘yicha ajratilgan yerga paxtani ekib qo‘yganmiz. Endi buni o‘rniga ham paxta ekasan deyapti. Hayron bo‘lib turibmiz”

Fermerning aytishicha, unga sabzavot uchun ajratilgan yer noqonuniy emas:

“Qishloq xo‘jaligi boshqarmasining boshlig‘ini moshinamda olib kelib ko‘rsatgan edim. U yerning holatini ko‘rib, bu yerda paxta yaxshi bo‘lmaydi, mayli, 10 gektar sizga ajratib beramiz, sizniki nasos ekan, uning remonti, xarajati bor, deb o‘zi aytgan edi. Lekin, viloyatdan buyruq bo‘lgan ekan, melisalarni olib kelib, hammani qiyratishyapti”

"Sabzavot emas, paxta yeymiz!"

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, hokimlarning bu xatti-harakati prezident qarorining qo‘pol ravishda buzilishidir:

“Mening yerimdagi qovun va tarvuzlarni ham payhon qilib tashlashdi. Men boshqarma boshlig‘iga aytdim, sening eshigingda prezidentning farmoni turibdi, dedim. Qarorda, agar yuz gektar yeri bo‘lsa, rejalarni to‘ldirib kelgan bo‘lsa, 10 foiz sabzavotga ajratib beringlar, deyilgan, dedim. Bu qaror boshqarmaning eshigidan kiraverishda shunday ilib qo‘yilgan. Lekin, ular bunga quloq ham solmadi”.

Fermerning aytishicha, uning yerida ishlayotgan dehqonlar kuchli norozilik bildirgan:

“Rosa to‘polon, qiy-chuv bo‘ldi. Xotinlar traktorlarning oldiga, haydamaysan, deb yotib oldi. Melisalar xotinlarni ko‘tarib, olib chiqib tashladi. Sang, To‘da qishloqlari hududidagi yerlarga Olmos qishlog‘idan oilaviy kelgan, dalada chayla qilib yashayotgan o‘nlab mavsumiy dehqonlar zor qaqshab qoldi. Ularning har biri yeriga 15-20 million so‘m sarf qilgan. Har yili shunday ishlardik, paxta va g‘alla rejamizni ortig‘i bilan bajarib kelganmiz. Mavsumiy ishchilarimiz paxtaga ham qarardi, dehqonchiligini ham qilardi. Ish ham bor edi, qovunu tarvuz ham. Endi esa, ishchi ham yo‘q, traktorchi ham. Fermerlar zoru tavallo qildi, biz shu gektardan chiqadigan paxtani ham topib beramiz, qo‘yinglar buzmanglar uvol bo‘ladi, desa ham rahbarlar quloq solishmadi”

"Mening gunohim dehqon bo‘lganimmi?"

Chust tumanining Olmos qishlog‘idan oilasi bilan kelib fermer yerida qovun ekkan dehqon og‘ir holatga tushib qolganini aytadi:

“Biz ketmon va dehqonchilikdan boshqa narsani bilmaymiz. Men shaxsan nomimni ham yozolmayman. Har yili 40 kilometr uzoqlikdagi qishlog‘imizdan 20-30 xo‘jalik bola-chaqamiz bilan ko‘chib kelamiz. Shu dalada chayla qurib yashaymiz. Fermer bilan kelishib 1-2 gektar yer olamiz, o‘rniga paxtasiga, bug‘doyiga qarashamiz. Biz ekkan qovunlar Namanganda birinchi bo‘lib chiqardi. Hozir qovunlar naycha tortib qolgan edi”.

Dehqonning aytishicha, ularning hokimiyat vakillariga taklif qilgan murosa yo‘li ham ish bermagan:

“Biz aytdik, iltimos, faqat buzmanglar, mayli shartnoma qilaylik, hosilning ma’lum bir foizidan davlatga topshiraylik yoki bo‘lmasa birinchi daromaddan pul to‘laylik, desak ham tushunishmadi. Bizga gektar kerak, paxta ekamiz, deyishdi. Lekin, bu yerda suv yo‘q, paxta bo‘lmaydi. Biz oddiy dehqon, davlat siyosatiga qarshi bo‘lmaganmiz, lekin nega bizni xonavayron qilishadi. Mening gunohim, oddiy dehqon bo‘lganimmi?”.

"80-yillar paxta siyosatiga qaytyapmiz"

Chust tumani qishloq xo‘jaligi boshqarmasida ishlaydigan, matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassisning Ozodlikka aytishicha, mahalliy hokimlar nima qilib bo‘lsa ham paxta rejasini bajarish uchun, Prezidentning oziq-ovqat mustaqilligi haqida aytgan gaplarini sabotaj qilyapti:

“Pop tumaniga 10300 gektar yerga paxta ekish rejalashtirilgan. Lekin Namangan viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Tohir Rapiqov yana 3000 gektar qo‘shimcha ekasan, deyapti. Prezidentning 15 sentnerdan kam yerga paxta ekma degan ko‘rsatmasi bor. Lekin, bular prezidentga qarshi ish qilib, rejani to‘ldirish uchun poliz va sabzavot ekinlari yerlari hisobidan paxta ektiryapti. Juda katta hajmdagi ekinzorlarni buzish ishlari boshlandi. Bu o‘tgan asrning 80-yillarini eslatyapti. O‘shanda tomingga ham paxta ek deyishgandi. Xalq qattiq norozi bo‘lyapti. Kuch ishlatar tizimlari xodimlarini olib kelib, ayovsiz gurkirab o‘sayotgan ekinzorlarni haydab tashlayapti”.

Ozodlik Pop tumani qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Ikrom Ahmadaliev bilan bog‘lanib, ushbu masalaga izoh olmoqchi bo‘ldi. Lekin Ilhom Ahmadaliev Ozodlikning savolini eshitishi bilanoq, aloqani uzib qo‘ydi.

Namangan viloyati hokimligidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG