Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:46

Nazarboev prezidentlikka xalafi Qosimjo‘mart To‘qaev nomzodini ko‘rsatdi


Muvaqqat prezident Qosimjo‘mart To‘qaev "Nur Otan" qurultoyida elboshi Nazarboevning o‘ng tomonida o‘tirdi.
Muvaqqat prezident Qosimjo‘mart To‘qaev "Nur Otan" qurultoyida elboshi Nazarboevning o‘ng tomonida o‘tirdi.

Qozog‘istondagi hukmron “Nur Otan” partiyasi muvaqqat prezident Qosimjo‘mart To‘qaevning nomzodini prezidentlikka ko‘rsatdi.

Partiyaning 23 aprel kuni o‘tgan qurultoyida To‘qaev nomzodini sobiq prezident Nursulton Nazarboev taklif qildi.

-“Nur Otan” partiyasi raisi sifatida men qurultoyga Qosimjo‘mart To‘qaevni prezidentlik lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etaman. Barchadan bu nomzodni qo‘llab -quvvatlashni iltimos qilaman, - dedi Nazarboev.

So‘zida davom etgan sobiq prezident katta mas’uliyatni his qilgan holda bu taklifni kiritganini aytdi.

19 martda mamlakatni qariyb 30 yil boshqargan prezident Nursulton Nazarboev iste’fo bergani ortidan 20 mart kuni Qozog‘iston muvaqqat prezidenti sifatida qasamyodga keltirilgan Qosimjo‘mart To‘qaev aprel oyining boshlarida mamlakatda 9 iyunda navbatdan tashqari prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qilgan edi.

Televidenie orqali chiqish qilgan To‘qaev "erkin va adolatli saylov"ni o‘tkazishga va’da berdi, biroq unda o‘zi ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligi haqida lom-mim demagandi.

79 yashar Nazarboev prezidentlikdan iste’fo berganiga qaramay, Qozog‘iston Xavfsizlik Kengashi va iqtidordagi "Nur-Otan" partiyasi raisi bo‘lib qolmoqda.

Tahlilchilar avtoritar boshqaruvchi sifatida tilga olinadigan Nazarboev demokratik jarayonni manipulyatsiya qilish orqali hokimiyatdagi umrini uzaytirishga muvaffaq bo‘ldi, deb hisoblaydilar.

Nazarboev boshqaruvining so‘nggi oylarida Qozog‘istonda norozilik namoyishlari mamlakat hayotining ajralmas qismiga aylanib borayotganini kuzatish mumkin bo‘ldi.

Masalan, 4 fevral kuni Ostona (hozirgi Nursulton)da ota-ona qarovisiz qolgan 3 oylikdan 13 yoshgacha bo‘lgan besh nafar qizaloqning uyda chiqqan yong‘inda halok bo‘lganlari ham xalqni namoyishlarga undadi.

Namoyishchilar hukumat oddiy odamlarning talab va ehtiyojlarini e’tiborsiz qoldirayotgani ortidan mana shunday fojia yuzaga kelganini aytib chiqqanlar.

Qozog‘iston prezidentligiga nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni 10 aprelda boshlanib, 28 aprel kuni yakunlanadi. Nomzodlarni rasman ro‘yxatga olish esa 11 may kuni nihoyasiga yetadi.

XS
SM
MD
LG