Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:45

Ingushetiyada bolasini tilanchilikka majburlagan o‘zbekistonliklar jazolandi


Tilanchi bola
Tilanchi bola

Ingushetiya poytaxti Nazran shahrida o‘z farzandlarini tilanchilik qilishga majburlagan bir guruh markaziy osiyolik, shu jumladan o‘zbekistonlik ayol ishi sudga oshirildi.

Qo‘shni Qorabuloq shahrida esa yana bir o‘zbekistonlik ayolga 3 yashar o‘g‘lini masjid oldida tilanchilik qildirgani uchun 2 yillik shartli ravishda jazo tayinlandi.

Joriy yilda Ingushetiya poytaxti Nazran shahri politsiyasi voyaga yetmagan bolalarni gadoychilikka jalb qilgan uch shaxsni jinoiy javobgarlikka tortdi.

O‘zbekiston, Tojikiston va Rossiya grajdanlari bo‘lgan bu shaxslar oldin ham huquq muxofazasi organlari xodimlari nazariga tushgan, bolalarni tilanchilikka jalb qilishni bas qilish borasida bir necha marotaba ogohlantirilgan, dedi Ozodlik gaplashgan IIB rasmiysi.

- Bu ishlar sud organlariga o‘tkazildi, sud ko‘rib chiqishni boshladi. Bundan oldin Ingushetiyada vaqtincha yashab kelgan bu ayollar ma’muriy javobgarlikka tortilgan, biroq ular 5 dan 8 yoshgacha bo‘lgan o‘z farzandlarini jinoiy biznesga jalb qilishni davom etavergandan keyin, uchchaloviga ham jinoiy ish ochildi. Tergov yakuniga yetdi va qo‘zg‘atilgan ishlar sudga yuborildi, dedi Ingushetiya Ichki ishlar boshqarmasining Ozodlik bog‘langan navbatchisi.

Rasmiy bu ayollar Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 151- moddasi 2-qismi (“Voyaga yetmagan bolani ota-onasi tomonidan tilanchilikka jalb qilish”) asosida sud tomonidan 5 yilgacha qamoqqa tashlanishi mumkinligini bildirdi.

Hozirda ota-onalaridan tortib olingan bolalar¸ aytilishicha¸ vrachlar va tarbiyachi-psixologlar nazorati ostidagi maxsus muassasalarga joylashtirilgan.

Ayni paytda¸ o‘tgan hafta Ingushetiyaning Qorabuloq shahar sudi 3 yashar bolasini gadoychilik qilishga majburlagan yana bir o‘zbekistonlik ayolga nisbatan hukm o‘qidi.

Mahalliy suddan olingan ma’lumotga ko‘ra, ismi oshkor etilmayotgan O‘zbekiston vatandoshi 2018 yilning sentabrida mahalliy masjid oldida bolasini odamlardan pul yig‘ishga majburlaganlikda gumonlanib, politsiyachilar tomonidan ushlangan.

Tergovchilar muhojir ayolda bolani tilanchilik qilishga biror jo‘yali sabab bo‘lmagani, O‘zbekistonda uning uy-joyi borligi, shunchaki u O‘zbekistondan aynan tilanchilikka kelgani aniqlanganini bildirdi.

16 aprel kuni Qorabuloq sudi o‘zbekistonlik ayolga shartli ravishda 2 yillik qamoq jazosi va 6 oylik sinov muddati tayinladi.

Rossiyada tilanchilik qonunan taqiqlanishi mumkin

Ingushetiyada muhojirlarning o‘z farzandlarini gadoychilikka majburlash holatlari haqidagi xabarlar tarqagan ayni kunlarda Rossiya parlamenti tilanchilikni qonunan taqiqlash to‘g‘risidagi taklifni muhokama qilishni boshladi.

Davlat Dumasi deputati Sergey Vostretsov tilanchilik qilayotganlarning aksar qismi yo alkogol, yo kriminal tizimlarga ishlayotgani to‘g‘risida taxminlar borligini aytdi.

- Tilanchilik bilan bog‘liq masalani uzil-kesil hal qilmoq zarur. KO‘chalarimizda ishga layoqatli, ko‘chada qo‘l cho‘zmasdan o‘ziga ish topa oladigan odamlar soni keskin ko‘payib bormoqda, deya xavotir bildirdi deputat Vostretsov.

Deputat tilanchilik qilayotganlarni ishga joylashtirish va uy-joy bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqilishini taklif qildi.

Ayni paytda deputat tashabbusida xorijlik tilanchilar va gadoylar masalasiga e’tibor qaratilmagan.

XS
SM
MD
LG