Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:52

Xorazmda aholi chorvasiga hujum qilgan yovvoyi itlar otib o‘ldirilmoqda(VIDEO)


Yovvoyi itni otib o‘ldirgan ovchi
Yovvoyi itni otib o‘ldirgan ovchi

Xorazm viloyatida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, yovvoyi itlarni ovlash xizmati, obodonlashtirish boshqarmasi xodimlaridan tarkib topgan maxsus guruh aholining chorvasiga hujum qilgan bir necha yovvoyi itni otib o‘ldirdi.

Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda, otib o‘ldirilgan yirtqich hayvon g‘ayritabiiy ko‘rinishdagi maxluq ekanligiga urg‘u berilmoqda.

Ammo, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Xorazm viloyati boshqarmasi mutaxassisi bu borada vahima tarqatmaslikka, otib o‘ldirilgan hayvon yovvoyi itning bir turi ekanligini aytmoqda.

Хоразмда аҳоли чорвасига ҳужум қилган ёввойи итлар отиб ўлдирилмоқда(ВИДЕО)
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:43 0:00

​Ijtimoiy tarmoqlarda Hazorasp tumani obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining itga o‘xshagan bir hayvonni otib o‘ldirgani aks etgani tarqalgan videoda, ovchilar “noma’lum bir mavjudot”lardan birining yo‘q qilinganini aytar ekan, uni tasvirda ko‘rsatib turib, shoqolga o‘xshamasligini ta’kidlaydi.

“Mana, Pitnak shahri hududidagi noma’lum mavjudot, maxluq aniqlandi va uning bittasi yo‘q qilindi. Mana, bu maxluqning birisi shoqollarga o‘xshamaydi. Shu ishda xizmat qilib kelgan barcha tashkilotlar xodimlariga rahmat. Xudo xohlasa, qolganlarini ham yo‘q qilib, fuqarolarning tinchligi va mol-mulkini saqlaymiz”.

Ikkinchi videoda esa otilgan yirtqich hayvon to‘rtta o‘q bilan o‘ldirilgani aytiladi.

Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida yovvoyi yirtqich hayvonlarning aholi chorvasini bo‘g‘izlab, yeb ketayotgani haqida pitnaklik 70 yashar Aminboy aka Ozodlikka shunday deydi:

- Bu hayvon kechasi soat ikkidan keyin paydo bo‘ladi ekan. U chiyabo‘rimi, shoqolmi, itmi, hech kim bilmayapti. Bir maxluq. Asosan qo‘ylarga hujum qiladi. Shuning uchun qo‘yu mollar daladan qaytganidan so‘ng, eshik darvozalarni qulflaymiz. Dalada ishlayotgan odamlarga ham soat beshdan javob berib yuborishyapti, mabodo hujum qilib qolmasin, deb. Ilhom degan bir cho‘pon o‘tgan yilning oxirida bittasini otib, hokimga olib borgan ekan, 800 ming so‘m mukofot beribdi.

Aminboy akaning aytishicha, ilgari bunday voqealar sodir bo‘lmagan:

- Birdan paydo bo‘ldida, bu. Bizning Pitnak qishlog‘i Hazorasp tumani markazidan 30 kilometr uzoqda joylashgan. Bu maxluqlarning qaerdan kelganini hech kim bilmaydi. Bir, Turkmanistonda bir to‘qayga o‘t ketgan ekan, o‘sha yerdan chiqqan deyishadi, bir shoqol it bilan chatishib paydo bo‘lgan deyishadi. Hozir Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari kechalari navbatchilikka chiqqan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Xorazm viloyati boshqarmasining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassisi aholiga xavf tug‘dirayotgan yovvoyi itlar xatarini yo‘q qilish uchun barcha chora-tadbirlar qo‘llanilayotganini Ozodlikka aytdi:

“Yovvoyi itlarni ovlash xizmati, obodonlashtirish boshqarmasi, veterinariya xizmati hamda bizning vakillardan iborat ikki gruppa hozir chegara hududlariga chiqib ketganiga uch kun bo‘ldi. Mana, kuni-kecha bu yovvoyi hayvon otib o‘ldirilgani haqida video tarqaldi. Bu itning bir turi. Buni veterinariya mutaxassisi ham tasdiqladi. Albatta, it yovvoyilashgandan keyin, junini tashlaydi, agressiv bo‘ladi. Shovotda bo‘lgan voqeada ham qopqonga it tushgan edi. Biz, aholining vahimaga tushmasligini so‘raymiz, ba’zilar maxluq, ba’zilar chupakabra deb nom ham qo‘yib olishibdi. Chupakabra dinozavrlar davridagi hayvon va ularning hozir bo‘lmasligi tabiiy. Quturgan va yovvoyilashgan itlarga bunday nomlarni qo‘yib, vahima qilishga asos yo‘q”.

Ozodlik 23 mart kuni Xorazm viloyatining Shovot tumani Beruniy qishlog‘ida noma’lum yirtqich hayvon yigirmaga yaqin qo‘yni bo‘g‘izlab ketgani haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG