Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:58

Sud Peterburg portlashlaridagi guvohlar ko‘rsatmalarida ziddiyatlar borligini aniqladi (VIDEO)


11 nafar sudlanayotganlardan biri - Shohista Karimova sud zalida.
11 nafar sudlanayotganlardan biri - Shohista Karimova sud zalida.

2017 yilning 3 aprelida​ Peterburg metrosidagi portlashlarga aloqadorlikda ayblanayotgan markaziy osiyolik muhojirlar sudi jarayonida sud guvohlarning dastlabki tergov va sud paytidagi ko‘rsatmalari o‘rtasida jiddiy ziddiyatlar borligini aniqladi.

Guvohlar tergovchilar ular ko‘rsatmalarini “biroz noto‘g‘riroq talqinda protokollashtirgani” va hujjatni “o‘qimasdan qo‘l qo‘ygani”ga e’tibor aytgan.

Sankt-Peterburgning Moskva okrug harbiy sudining sayyor mahkamasida o‘tgan hafta davomida Peterburg metrosidagi bomba hujumiga aloqador 11 nafar o‘zbek muhojiri ishi bo‘yicha guvohlar so‘roq qilindi.

Sud materiallariga ko‘ra, Peterburgning Tovarishcheskiy prospekti 22 uyda 2017 yilning 6 apreli tong saharda 7 nafar muhojir qo‘lga olingan edi.

Tergovchilar bu kvartirada tintuv paytida portlovchi moslama topganini ma’lum qilgan.

Qo‘shni kvartirada yashovchi Svetlana Ageeva bu kvartirada yashovchi o‘zbeklar unga doimo “shubhali” ko‘rinib kelganini yodga oldi.

- U yerda doimo qovog‘i solingan, kamgap odamlar yashar edi. Uchrashganimizda ko‘zlarini yashirishga harakat qilardi. Yashirincha yashashardi. Pastdagi qo‘shnilarimiz kvartiradan kelayotgan shovqinlardan shikoyat qilardi, go‘yo kimdir u yerda kurashayotgandek. O‘zim hech qanday shovqin eshitmaganman, - dedi Ageeva xonim.

Shu bilan birga, guvoh Svetlana Ageeva sudda 5 aprel kuni poliklinikaga ketayotib, ikki kishini uchratgani va ulardan biri Akrom Azimov ekani to‘g‘risida guvohlik berdi.

- Men Peterburgda hech qachon bo‘lmaganman. 5 aprel kuni esa Rossiyada ham emas – o‘z shahrimda edim. Buni tasdiqlovchi qator hujjatlarim, shu jumladan pasportimdan ko‘rishingiz mumkin, - dedi bunga javoban Akrom Azimov.

Akrom Azimovning aviachiptasi
Akrom Azimovning aviachiptasi

​Yana bir guvoh-qo‘shni Irina Abrogomovich ayblanuvchilardan bir qavat tepada yashab kelgan.

U sudga panjara ortida o‘tirgan shaxslardan birortasini ilgari ko‘rmagani va biror shubhali narsalar e’tiborini tortmaganini aytdi.

Biroq, prokuror bu ayol dastlabki tergov davomida ularni bir necha marotaba ko‘rgani, kavkazliklar kvartiraga allaqanday sumkalarni olib kirayotgani va yashirincha hayot kechirayotganiga guvohlik berganini eslatdi.

Suddagi va tergov paytidagi ko‘rsatmalar o‘rtasidagi tafovutlarni u “tergov paytida tunda so‘roqqa tutilgani” va “tergovchi yozib bergan ma’lumotlarga e’tiborsizlik bilan qo‘l qo‘ygani “bilan izohlashga urindi.

“Siz osiyolikni kavkazliklardan farqlay olasizmi?” degan savolga “Ha, albatta. Kvartirada kavkazliklar turgan”, javobini oldi.

Prokurorning panjara ortida o‘tirgan o‘zbekistonlik, tojikistonlik va qirg‘izistonlikga qarata “Sudlanuvchilarga qarab aytingchi – ular kavkazlikmi osiyolikmi?”, deb bergan savoliga Irina “Menimcha, kavkazlik!”, deya javob qaytarib, sudya va ayblanuvchilarni hayratga soldi.

Акромжон Азимовнинг яқинлари унинг граната билан қўлга олинишини “уйдирма томоша” демоқдалар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:34 0:00

Sudda so‘zga chiqqan advokat Marat Sagitov qo‘shnilarning bu asossiz ko‘rsatmalari bilan tergovchilar “o‘z ishida yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni yopmoqchi”, dedi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Akromning onasi ikki yildan buyon Rossiya tergovchilari va huquq-tartibot organlari o‘g‘lining Qirg‘izistondan o‘g‘irlab ketilgani to‘g‘risidagi isbot-dalillarga befarq bo‘lib kelayotganini aytdi:

- 28 martda Rossiyadan Qirg‘izistonga kelgani bo‘yicha, 15 aprelda bolnisadan olib ketishgan bolamni. U mahal Akrom Qirg‘izistonda bo‘lgan. Aynan 5 aprel kuni Qirg‘izistonda qanaqadir bayram ekan – Jalolobod shahrida oldirib qo‘ygandi haydovchilik guvohnomasini Akromjon! 10 aprelda u 1300 so‘m jarimasini to‘lab, pravasini olib, 11 kuni “Hosiyat” bolnisasiga moshinada borgan, dedi Vazira Azimova.

Akrom Azimovning qiynoqlar ustidan bergan shikoyat arizasi
Akrom Azimovning qiynoqlar ustidan bergan shikoyat arizasi

Sudlanuvchi Akrom Azimov tergov paytida unga qiynoqlar qo‘llanilgani ustidan huquq-tartibot organlariga ariza yuborgani, ammo rad javobini olgani Ozodlikka taqdim etilgan arizadan ma’lum bo‘ldi.

Hozirga kelib 2017 yilning 3 aprelida Peterburg metrosidagi portlash yuzasidan jabr ko‘rgan yuzdan ortiq odamdan sanoqlilarigina davogar deb topildi.

Masalan, “Peterburgskiy metropoliten” Davlat unitar korxonasi ayblanuvchi 11 nafar muhojirdan 110 million rubl undirib berishni so‘rab, sudga davo arizasi kiritgan.

25 aprel kungi mahkamada sud portlagan vagonning keyingisida jarohat olgani aytilayotgan Darya Fefelkina ham “o‘shandan beri boshi og‘riq bo‘lib qolgani” va “faqat taksida yurishga majbur” ekanini bildirib, suddan 1,1 million undirib berishni so‘radi.

Sud uning davosini qondirdi.

Ayblanuvchilar Darya Fefelkinaga o‘z hamdardligini bildirib, o‘zlari ham bu portlash qurbonlari ekanini aytdi:

- Shaxsan men bu jinoyatlarga aloqam yo‘q va bu davongizni qabul qila olmayman, kechirasiz! – dedi o‘zbekistonlik Shohista Karimova.

Guvohlar bilan savol-javoblar yakuniga y, harbiy sud may oyi bayramlari tugaguncha tanaffus e’lon qildi.

Sud raisi Andrey Morozov keyingi mahkamalar joriy yilning 14, 15 va 16 may kunlari bo‘lib o‘tishini bildirdi.

2017 yilning 3 aprelida Peterburg metrosida portlash sodir bo‘lib, 16 odam, jumladan xudkush ekani iddao qilinayotgan 22 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi Akbarjon Jalilov halok bo‘lgan edi. Portlashda 103 odam jarohatlangan. O‘lganlarning 9 nafari ayol, 7 nafari erkak edi.

XS
SM
MD
LG