Ikki yashar bolasi xovuzga cho‘kayotgan paytda qutqarilgan shofirkonlik Muhabbat Muhammedova Ozodlik bilan suhbatda tirik bolani "o‘ldi" deb morgga yuborgan vrachlarni aybladi. Onaning iddaosiga ko‘ra, "bola birinchi yordam malakali bo‘lmagani bois" nogiron bo‘lib qolgan.
Buxoro viloyat tibbiyot markazining Ozodlik suhbatlashgan vrachlari esa bu yuzadan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani va hovuzga cho‘kkan bolaga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilganini aytdilar.
Buxoro viloyat prokuraturasi o‘tkazgan tekshiruvda ham vrach xatosi oqibatida bola nogiron bo‘lgani yuzasidan qilingan ota-ona shikoyati o‘z tasdig‘ini topmagan.
Ayni paytda klinik o‘limni boshidan kechirgan 2 yashar Nazirboy Ne’matullaevni tekshirgan Moskvadagi bolalar psixonevroligi markazi bergan xulosada "bolaning miyasi anoksik fatorat oqibatida kislorod yetishmay shikastlangan" deyilgan.
Ozodlik suhbatlashgan moskvalik vrach Lyudmila Isakovaning izohiga ko‘ra¸ anoksik fatorat oqibatida miyaning bir muddat kislorodsiz qolishi ilk tibbiy yordamning vaqtida ko‘rsatilmagani oqibati bo‘lishi mumkin.
- Agar o‘z vaqtida bola yuksak texnologiya bilan jihozlangan tez yordam mashinasi yotog‘ida kislorod ingalyatsiyasi qilinsa, oqibat bu qadar yomon bo‘lmas edi¸ - deydi bolalar nevropatologiyasi bo‘yicha mutaxasis Isakova.
O‘lib tirilgan bola
Shofirkonlik Muhabbat Muhammedova Ozodlik bilan suhbatda “o‘lib tirilgan” bolasi boshdan kechirgan hodisani hikoya qildi:
- Yonimizda baliq boqiladigan hovuz bor. Men qo‘shni bilan gaplashib turuvdum. Besh-o‘n minut o‘g‘lim qarovsiz qoldi. Bola emaklab borib o‘sha hovuzga cho‘kib ketdi. Yugurib borib, suvdan chiqarib oldim. Qo‘shnilar yugurib keldi. Bolani o‘zimiz kasalxonaga obordik. Yo‘lda nafas olayotgan edi. Kasalxonaga borsak doktorlar ko‘rib "bu bola o‘lib bo‘libdi", deb morgga yuborishdi. Ichkariga olib kirib, "o‘lgan", deb bolani ustini yopib qo‘yibdilar¸ - deydi suhbatdosh.
Ana shundan keyin Muhabbat Muhammedova “o‘ldi” deya tashxis qo‘yilgan Nazarboyni quchoqlab uyiga olib ketadi:
- Quchog‘imga olsam nafas olib boshladi. "Bolam tirik¸ tirik" deb uni uyga olib keldim. Qo‘lchalarini massaj qildim. Birdan chuqur nafas olib aksa urdi. Keyin yig‘ladi. Yana tez yordam chaqirdik. Doktor kelib, osma ukol qildi. Oshqozondagi suvni chiqardi. Keyin statsionarga borib bir muddat davolandik. Bu orada bola 8 kun koma holatini boshdan kechirdi. Komadan chiqqandan keyin bola nogiron bo‘lib qoldi, - deydi suhbatdosh.
Ozodlik bilan suhbatda Muhabbat Muhammedova doktorlarni malakasizlikda aybladi:
- Mening bolamni tekshirgan moskvalik vrachlar birinchi yordam vaqtida berilmagan deyishdi. Men Shofirkon tuman kasalxonasi vrachlari Ne’matov va Oxunovni o‘z vaqtida malakali yordam bera olmaganlikda ayblab shikoyat qildim¸ - deydi Muhabbat Muhammedova.
Xizmat tekshiruvi
Ozodlik bu shikoyat yuzasidan xizmat tekshiruvini tashkil qilgan Buxoro viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiët markazi vrachi Hushnud Jalilov bilan suhbatlashdi.
Jalilov tekshiruv xulosasiga tayangan holda “bolaga o‘z vaqtida ilk tibbiy yordam malakali tarzda ko‘rsatilganini” ta’kidladi.
- Shikoyat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Vrachlar bola hayotini qutqarish uchun malakali harakat qilgani aniqlandi. Onaning shikoyati o‘rinsiz deb topildi¸ - dedi vrach.
Ozodlik tasarrufida davolovchi vrach Xushnud Jalilov imzo chekkan 1812-249 sonli kasallik tarixi mavjud.
Bu hujjatda bolaning suvga cho‘kishi bilan bog‘liq gipoksik entsefalopatiya holatida ekani va bosh miya kognitiv faoliyati buzilgani ta’kidlangan.
Vrach Xushnud Jalilov ta’kidiga ko‘ra¸ bola cho‘kishdan oldin ham salomatligi yaxshi bo‘lmagan:
- Bola vaqtidan o‘tib 11 oyligida tug‘ilgan. Gepatit va septik pnevmoniya bilan og‘rigan, - dedi Xushnud Jalilov.
Shu kunlarda Muhabbat Muhammedova koma va klinik o‘limni boshdan kechirgani ortidan oyoqlari tortishib qoladigan bo‘lgan o‘g‘lini oyoqqa turg‘azishga harakat qilmoqda.
Komadagi tibbiyot
Kasallik tarixi va boshqa hujjatlar bilan tanishgan bolalar nevropatologiyasi bo‘yicha mutaxassis Lyudmila Isakova Ozodlik bilan suhbatda ikki yashar bolaning klinik o‘lim va komani boshdan kechirgani bolan bog‘liq hodiisa bir necha salbiy omillar hosilasi ekanini aytadi:
- Bola hali ona qornidalik paytida vrach nazorati deyarli bo‘lmagan, degan fikrdaman. Bola ikki oy kech tug‘ilgan. Ota-onaning Rossiyada ishlagani bois bola e’tiborsiz qolgan. Baliq boqiladigan suv havzasiga cho‘kib ketishi ham ana shu e’tiborsizlik oqibatidir. Shofirkonda yaxshi jihozlangan tez yordam mashinasi yo‘qligi ham ana shu omillardan biri¸ - deydi Lyudmila Isakova.