Линклар

Шошилинч хабар
30 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:17

Moskvada samolyot halokati oqibatida 41 odam nobud bo‘ldi (VIDEO)


Moskvaning Sheremetyevo aeroportida halokatga uchragan samolyot.
Moskvaning Sheremetyevo aeroportida halokatga uchragan samolyot.

Rossiya tergov qo‘mitasi yakshanba kuni kechqurun Moskvaning Sheremetyevo aeroportida Aeroflot shirkatining "Suxoy Superdjet" samolyoti halokatga uchragani oqibatida 41 odam, jumladan ekipajning bir a’zosi nobud bo‘lganini ma’lum qildi.

Samolyot bortida 73 yo‘lovchi va ekipajning besh a’zosi, jami 78 nafar odam bo‘lgan. Ulardan 37 nafari tirik qoldi. Aeroflot tirik qolgan 33 yo‘lovchining ro‘yxatini e’lon qildi. Tirik qolganlardan kamida ikki nafarining ahvoli og‘ir. Besh nafar yo‘lovchi kasalxonaga yotqizildi.

Sheremetyevo aeroportidan Moskva vaqti bilan 17:57da uchgan SU-1492 Moskva – Murmansk samolyoti uchuvchilari 18:25da avariya holati yuz berganini ma’lum qilib, besh minutdan so‘ng aeroportga qo‘ngan va samolyot yona boshlagan.

Aeroflot shirkati matbuot kotibi aeroportga qo‘ngan samolyotdan odamlar 55 sekund ichida evakuatsiya qilinganini, bu esa me’yorlarda belgilanganidan ancha tez ekanini aytdi. Biroq “Interfaks” agentligi manbalarga tayangan holda, samolyotning dum tomonidagi yo‘lovchilarning bir qismini evakuatsiya qilishga ulgurilmaganini xabar qildi.

Samolyot uchuvchisi Denis Yevdokimovning aytishicha, samolyotga chaqmoq tekkan va shundan so‘ng yer bilan aloqa uzilib, uchish tizimining bir qismi ishdan chiqqan. Biroq samolyot havoda yonmagan. Samolyot qo‘nayotgan paytida yerga urilgan va shundan so‘ng yong‘in boshlangan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev mazkur hodisa oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik maktubi yo‘lladi.

Shavkat Mirziyoev halok bo‘lganlarning yaqinlariga samimiy ta’ziya va hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tez fursatda sog‘ayishlarini tilab qolgan.

XS
SM
MD
LG