Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:38

Xorazmlik fermerlar: Prokuror sholi ekmaslik haqida majburiy tilxat yozdirib olmoqda!


Sholi maydoni
Sholi maydoni

Xorazm viloyati Shovot tumani fermerlari, hokim buyrug‘i bilan tuman prokurorining o‘zlaridan sholi ekmaslik haqida majburiy tilxat yozdirib olayotganidan shikoyat qildi.

Ozodlikka bog‘langan fermerlar yerlari olib qo‘yilishidan qo‘rqib¸ shaxslari sir turilishini so‘radi.

Ular iddaosicha¸ prokuraturaga tilxat yozgani bormayotgan fermerlarni profilaktika inspektorlari majburan olib ketmoqda.

Tuman hokimining sholi ekmaslik talabi¸ fermerlarga ko‘ra¸ paxtaga suv yetmasligi bilan izohlanmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, shovotlik fermerlar sabzovot, poliz, kartoshka, kunjut, mosh va ozuqa ekinlari ekilishi nazarda tutilgan yer maydonlariga o‘zboshimchalik bilan sholi ekmoqchi bo‘lgan.

“Shovot tumani hokimi fermerlarga sholi ektirmayapti. Sholi eksang¸ yeringni olaman deb ko‘rqitayapti. Hudud rahbarlari prokuraturadan "sholi ekmayman" degan hujjat olib kelib, fermerlarga pechat bostirayapti. Agar fermer rozi bo‘lmasa, profilaktika inspektorlari uni prokuraturaga olib borib, “rozi” qilib kelayapti. Suv yo‘q desa, hamma joyni suv bosib yotibdi”, deyiladi Ozodlikka sakkiz nafar fermer imzosi bilan yuborilgan maktubda.

Ozodlik 17 may kuni suhbatlashgan fermerlardan biri¸ hokimning bu topshirig‘ini ijro qilish jarayonida nihoyatda kuchli ma’muriy bosim bo‘layotganini aytdi.

“Uch kundan buyon uchastkavoyimiz meni prokuratura olib bormoqchi bo‘layapti, men bormayapman. Kelsin deydi, "sholi ekmayman" deb tilxat yozib bersin, deydi. Qariyb 100 gektar paxtam bor. Paxta bo‘lmaydigan, 3-4 gektar sho‘r, zax yerlarga har yili sholi ekar edik. Bunday yerlarga suv ko‘p talab qilinmaydi, bir yoki ikki marta sug‘orib olsak bo‘ldi, yerning nami bilan sholi bo‘lardi. Bu sholidan davlatga ham topshirardik, paxtaga ishlaydigan odamlarimizga ham berardik. Hozir har bir gektar yerni yagana va chopiq qilish 500 ming so‘m bo‘layapti. Buning ustiga¸ yerim aholi punktida 25 kilometr uzoqda, har kuni ishchilarni olib borib, olib kelish kerak. Xarajatlarimizga yarab turardi. Endi esa shu ham yo‘q, fermerlikni topshiraman endi, bo‘lmaydi”.

Bo‘yrachi hududidagi fermerlardan biri bunday bosimning faqat Shovotda bo‘layotganini ta’kidladi.

“Buni qarang, Yangibozor tumanida bunday gap yo‘q, Gurlanda yo‘q, Shovotda esa bor. Chunki Shovot hokimi o‘ziga xon. Prokuror ham aytganini xo‘p deb, bajaradi. Suv bo‘lmagan yillari ham sholi ekib, hech bo‘lmaganda 10 sentnerdan topshirganmiz. Na urug‘lik beradi, na solyarka, shunday bo‘lsa ham har yili sholimizdan hokimlik oladi. Sholidan bizga deyarli foyda qolmaydi, undan olingan foydani paxtaga sarflaymiz”.

Fermerning aytishicha, cho‘l hududga ekiladigan sholi joyida paxta bo‘lmaydi:

“Botqoqqa o‘xshagan joy, namligi kuchli, bir marta suv ichsa bo‘ldi, u yog‘i o‘zi bo‘ladi. Hozir suv shunchalik ko‘pki, hamma joyni suv bosib yotibdi. Hokim bilan prokuror esa, xalqqa zulm qilayapti. Uning o‘rniga, sholingni ek, paxtani qilib ber desa, bo‘ladiku. Paxtaga ishlaydigan ishchilar ham, sholiga ozgina yer bersang, ishlayman, deydi. Hozir 500-600 ming so‘mga hech kim ertadan kechgacha issiqda paxta chopmaydi. Bir agat paxtani 17 ming so‘mdan chopayapti, bir gektari bir million so‘mga borayapti”.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa uch nafar fermer ham, ishdan qo‘li sovigani, fermerlikni topshirish haqida o‘ylayotganini aytdi.

Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonovning mobil telefoni javob bermagani uchun u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Shovot tumani prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi qo‘ng‘iroq tushgan joy prokuratura ekanligini tasdiqladi, ammo Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilinayotganini eshitganidan so‘ng, “adashdingiz, bu boshqa joy” deb, aloqani uzdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati bu holat yuzasidan yuborilgan Ozodlik so‘roviga shunday javob berdi:

"Shovot tumanida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29.03.2019 yildagi “2019 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi 259-sonli qarori hamda uning ijrosi yuzasidan viloyat hokimining 04.04.2019 yildagi 172k-sonli qarori talablariga rioya qilinmayotganligi aniqlangan.

Xususan, tumanda sug‘oriladigan ekin maydonlarining jami
3975 gektari, shundan yuqoridagi qarorlar bilan joylashtirilgan rejadagi 485 ga sabzavot, 213 ga poliz ekinlari, 198 ga kartoshka, 332 ga kunjut, 802 ga mosh va 2873 ga ozuqa ekinlari ekilmagan.
Ushbu 3975 gektar sabzavot, poliz, kartoshka, kunjut, mosh va ozuqa ekinlari ekilishi nazarda tutilgan yer maydonlariga fermer xo‘jaliklari tomonidan yuqoridagi qarorlar bilan tasdiqlangan ekin turlarini ekmasdan, o‘zboshimchalik bilan sholi ekish maqsadida tayyorlanib kelinayotganligi haqida ma’lumotlar kelib tushgan.

​Shunga ko‘ra, yuqorida keltirilgan qarorlar ijrosini ta’minlash va ushbu qaror talablarini buzilishini oldini olish maqsadida Shovot tuman prokuraturasi tomonidan fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ular qonun hujjatlari buzilishini oldini olish yuzasidan rasman ogohlantirilgan".

XS
SM
MD
LG