Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:34

Farg‘onalik ekologlar "Ekologik partiya"ga a’zo bo‘lishga majburlanmoqda


“O‘zbekiston Ekologik partiyasi” Markaziy kengashining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi partiya safini kengaytirish uchun O‘zbekistonning barcha viloyat va tumanlarida yangi a’zolarni jalb etish ishlari olib borilayotganini aytdi.
“O‘zbekiston Ekologik partiyasi” Markaziy kengashining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi partiya safini kengaytirish uchun O‘zbekistonning barcha viloyat va tumanlarida yangi a’zolarni jalb etish ishlari olib borilayotganini aytdi.

Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ayrim xodimlari Ozodlikka “O‘zbekiston Ekologik partiyasi” ga a’zo bo‘lishga majburlanganliklarini xabar qildi.

Boshqarmaning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan xodimi o‘zi va o‘nlab hamkasbi ishdan haydalish haqidagi po‘pisalar bilan “O‘zbekiston Ekologik partiyasi” a’zosiga aylantirilganini aytdi.

Ulardan partiyaga har oy 2200 so‘mlik a’zolik badalini to‘lashga roziligi haqida ham tilxat olingan.

“O‘zbekiston Ekologik partiyasi” Markaziy Kengashining Ozodlik gaplashgan mulozimi partiyaga a’zolarni jalb etish mutlaqo ixtiyoriy bo‘layotganini aytdi.

Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan xodimi "O‘zbekiston Ekologik partiyasi" a’zolarni qabul qilish partiya ustavi va mamlakat konstitutsiyasiga zid tarzda amalga oshirilayotganini aytdi.

“Ekologik harakat" negizida yaqinda "Ekologik partiya" tuzilgandi. 400 mingta a’zosi bo‘lmasa¸ partiya bo‘lmas ekan. Shunga bular boshlig‘imizni o‘rtaga qo‘yib bizni hammamizni, mutlaqo qonunchilikka zid tarzda a’zo qildirishayapti. A’zo bo‘lishdan bosh tortganlarni ro‘yxat qilib, rahbarning stoliga qo‘yishar ekan. Qo‘rqib hamma a’zo bo‘layapti”.

Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining yana bir xodimi ilgari boshqa partiyaga a’zo bo‘lib qo‘yganlar ham “O‘zbekiston Ekologik partiyasi”ga a’zo qildirilayotganini aytadi.

“Bizga har oy vznos to‘lash yoqmayapti. Hozircha bir oyda 2200 so‘m bo‘lib, yil sayin ortib borar ekan bu. Shunaqa plan qo‘yishgan, 100 foiz hamma shu partiyaning a’zosi bo‘lishi kerak ekan. Ilgari boshqa partiyaga a’zo bo‘lib qo‘yganlarni ham majburlashyapti. Hujjatlarni to‘ldirishga ham odamlarni olib kelishgan, anketalarni o‘zlari to‘ldirib, partiyaga qo‘shib qo‘yishyapti”.

Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi idoraning aksar xodimi "O‘zbekiston Ekologik partiyasi" a’zoligiga qabul qilinganini tasdiqladi.

"Xohlovchilar deyildi, majburlash bo‘lmadi. Deyarli 100 foiz odam qo‘shildi. O‘zi ko‘pchilik ilgaridan so‘rab yurishuvdi ular shu partiyaga qanday a’zo bo‘lsak bo‘ladi, deb. Chunki bizning ishimiz ham ekologiya bilan bog‘liq-da".

Boshqa viloyatlardagi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalari xodimlarining "Ekologik partiya"ga a’zo bo‘lishga majburlanayotgani haqida hozircha Ozodlik ixtiyorida ma’lumot yo‘q.

“O‘zbekiston Ekologik partiyasi” Markaziy kengashining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi partiya safini kengaytirish uchun barcha viloyat va tumanlarda yangi a’zolarni jalb etish ishlari olib borilayotganini aytdi.

Ayni paytda bu mulozim ham partiyaga yangi a’zolarni jalb etish mutlaqo ixtiyoriy asosda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

“Hozir partiya saflarini kengaytirish uchun joylarda ishlar ketayapti. Lekin, xech qanaqa majburlash bo‘layotgani yo‘q, odamlarning o‘zlari istab qo‘shilayapti, o‘zlari kelayapti "meni a’zo qiling", deb. Hech qanaqa majburlash bo‘layotgani yo‘q”.

“O‘zbekiston Ekologik partiyasi” Markaziy Kengashi mulozimi partiyaga nega odamlar a’zo bo‘lishga intilayotgani va ularga partiyaga a’zolik qanday naf berishi haqidagi Ozodlik savolini javobsiz qoldirdi.

"O‘zbekiston Ekologik partiyasi" ustavida a’zolik yakka tartibda, ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi aytilgan.

Partiya a’zosi ayni paytda boshqa partiya a’zo bo‘lishi mumkin emasligi ham ustavda qayd etilgan.

"O‘zbekiston Ekologik partiyasi" 2008 tashkil etilgan "O‘zbekiston ekologik harakati" negizida shu yil 8 yanvar kuni ta’sis etildi.

Partiyaning rasmiy saytida qancha a’zosi borligi haqida ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistondagi rasmiy matbuotda 2008 tashkil etilgan "O‘zbekiston ekologik harakati"ning 75 ming a’zosi bo‘lgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG