Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:40

Namanganda ikki bitiruvchi kafeda elektr toki urishidan halok bo‘ldi


Illyustrativ surat, uning Popda sodir bo‘lgan fojiaga aloqasi yo‘q.
Illyustrativ surat, uning Popda sodir bo‘lgan fojiaga aloqasi yo‘q.

Namangan viloyat, Pop tumani markazidagi 67-umumta’lim maktabining ikki nafar 11 sinf o‘quvchisi 22 may kuni elektr toki urishidan halok bo‘ldi.

Voqea guvohlarining aytishicha, ikki sinfdosh muzqaymoq kafesining ariq chetiga o‘rnatilgan panjarasini ushlaganda tok urgan.

Pop tumani ichki ishlar bo‘limi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi.

Pop tumanidagi 67-umumta’lim maktabining ikki nafar 11-sinf o‘quvchisini tok urib halok bo‘lgani haqida, ismi sir qolishini so‘ragan voqea guvohlaridan biri Ozodlikka xabar qildi:

“22 may kuni 67 -maktabning yonidan o‘tib ketayotgan edim. Shu maktabning ro‘parasidagi muzqaymoq sotadigan kafening oldida Tez yordam turgan ekan. Borib qarasam, ikki bolani olib ketishyapti. So‘rasam, ariq chetidagi panjarani ushlashganda tok urgan ekan. Keyin eshitsam, bu bolalar vafot etgan ekan. Bu bolalar darsda bo‘lganmi yoki bo‘lmaganmi, bunisini bilolmadim”.

67-umumta’lim maktabining direktori Gulnora Qodirova o‘quvchilar falokat sodir bo‘lgan payt, maktabdagi darslarni tugatib, uyiga ketganligini aytdi:

“Bu o‘quvchilarimiz darsdan chiqib uyiga borgan, keyin trenirovkaga bormoqchi bo‘lishganda, hali vaqt borku deb, muzqaymoq yegani kirishgan. Kafe ishchilari muzqaymoq chiqaradigan apparatni zazemlenie qilaman deb, uning ikkita simini chiqarib, ariq bo‘yidagi panjaraga ulab qo‘ygan ekan. Ko‘rganlardan birining aytishicha, bolalardan biri qo‘lini yuvaman deb, ariq bo‘yiga tushganu bitta qo‘li bilan shu panjarani ushlagan, bir qo‘lini suv olaman deb ariqqa tiqqan. Shu payt uni tok urib, ariqning ichiga yiqilgan. Uning o‘rtog‘i, tok urganini bilmaydiku, o‘rtog‘ini ariqdan olib chiqayotganda u ham o‘sha panjarani ushlagan ekan, uni ham urib yiqitibdi”.

Maktab direktorining aytishicha, shundan so‘ng bolalarga birinchi yordam ko‘rsatishga harakat qilingan:

“Keyin shovqin-suron bo‘ldi. Biz yugurib chiqsak, shu holat. Odamlar o‘zlari bilgancha birinchi yordam ko‘rsatayotgan edi, Tez yordam keldi, sun’iy nafas berishga harakat qildi. Keyin zambarga solib olib ketdi. Ammo, afsus, kasalxonaga olib borishganda ikkisining ham joni uzilgan ekan. So‘nggi qo‘ng‘iroqqa ikki kun qolganda shunday mudhish voqea bo‘ldi. Hammamiz hozir shokka tushib o‘tiribmiz”.

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining Pop tumanida yashaydigan faoli Arabboy Qodirovning aytishicha, muzqaymoq kafesi hozir yopib qo‘yilgan:

“Kafe ishlamayapti, stollari yig‘ishtirib qo‘yilgan. Kafe egalariga jinoyat ishi ochilganmi, ochilmaganmi, bundan xabarim yo‘q”.

Pop tuman ichki ishlar bo‘limining navbatchisi, muzqaymoq kafesida ikki o‘quvchi elektr toki urishi oqibatida halok bo‘lganini tasdiqladi. Ammo, bu haqda telefon orqali batafsil ma’lumot berolmasligini aytdi.

XS
SM
MD
LG