Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:47

Prezidentning Baytqo‘rg‘ondagi rezidensiyasini bezayotgan o‘ymakor ustalar ustaxonalari buzilmoqda


Ustaxonasi buzilayotgan ustalar Islom Karimov maqbarasiga eshik va panjara yasagan.
Ustaxonasi buzilayotgan ustalar Islom Karimov maqbarasiga eshik va panjara yasagan.

Toshkent shahar, Uchtepa tumanida joylashgan 18 ta yog‘och o‘ymakorligi ustaxonasi buzilmoqda.

Ustaxonalar egalarini binolarni bo‘shatish haqida Realhouse qurilish shirkati 23 mayda ogohlantirdi.

Tilga olingan shirkat ustaxonalar joylashgan hududda ko‘p qavatli uy qurmoqchi.

24 mayda ustaxonalarga yondosh binolar o‘rab olinib, ularning tomini buzish boshlandi.

Buzilishi kutilayotgan ustaxonalar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yilning oktabrida imzolagan PQ-3393-sonli qaror asosida naqqosh¸ kandakor va yog‘och o‘ymakorlaridan iborat 18 ustaga Toshkent hokimi buyrug‘iga ko‘ra berilgan.

Prezident qarorida davlat mulki binolari va xonalari ustalarga bepul foydalanish uchun topshirilishi aytiladi.

Ayni ustaxonalardan birida ishlaydigan 45 yashar taniqli o‘ymakor usta Xayrilla Husanovning 24 may kuni Ozodlikka aytishicha¸ Realhouse shirkati va shahar hokimligi vakillari kelib, binoni bo‘shatishni so‘rashgan.

Suhbatdosh bu uchrashuv aks etgan videotasvirlarni Ozodlikka taqdim qildi. Videoda 100 ga yaqin usta va ularning shogirdlari hovlida yig‘ilib turgani va ularga uch nafar mulozimning ko‘chish taklifini bildirayotgani aks etgan.

O‘ymakor usta Xayrilla Husanovga ko‘ra¸ qurilish shirkati vakili “tez ko‘chib ketinglar¸ binoni bo‘shatinglar” deya bosim qilgan:

- Hech qanaqa hujjat bermasdan "bo‘shat, buzamiz" deyapti. Realhouse o‘tgan yili ham kelib buzamiz deganda biz xat qilib chiqib to‘xtatgandik. Mana bir haftadan beri ular yana kalxatdek ustimizda aylana boshladi.

Ozodlik suhbatlashgan Realhouse qurilish shirkati vakiliga ko‘ra¸ “ustaxonalar o‘rnida quriladigan ko‘p qavatli binoning smeta hujjatlari to‘la tasdiqlanmagan va bino poydevori uchun joyni tozalash ishlari uchun ruxsat olingan”.

Prezident qarori bilan berilgan binoni xususiy shirkat buza olmaydi

Ustalar a’zo bo‘lgan “Hunarmand” uyushmasi respublika idorasi vakili Bibishahribonu Rahmatullaevaning Ozodlikka aytishicha¸ "bu ustalar respublika prezidenti qarori bilan shu ustaxonalarga joylashgan va hususiy firmaning ularni shundoq chiqarib yuborishga haqqi yo‘q”

“Hunarmand” uyushmasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Suyunovning aniqlik kiritishicha, ustaxonalar buzilgan taqdirda “o‘rniga o‘rin ustaxona berish” yuzasidan Toshkent shahar hokimligi bilan maslahatlashuv bo‘lgan:

- Shaharsozlik mantig‘idan kelib chiqib sanoat zonasida joy ajratiladi. Katta-katta naqshin ustunlar ishlaydigan ustalar ular. Har biriga kamida 300 kvadrat metr joy kerak. Shovqin bo‘lgani sabab aholi yashaydigan joydan uzoq bo‘lishi kerak. Shaharda tez-tez chiroq o‘chadi. Sanoat zonasida doimiy elektr borligi ham maqsadga muvofiq.

Uning so‘zlaridan ustaxonalarning buzilishi aniq bo‘lgani tushunildi.

Bundan bir yil oldin Suzuk ota mavzeida azaldan mavjud bo‘lgan ustaxonalar buzilgan va naqqosh ustalarga Uchtepa tumanidagi sobiq buyum bozoridagi omborlari 10 yil muddatga foydalanishga berilgan edi.

Prezident saroyini bezagan ustazodalar

Bu ustalar qo‘li bilan yasalgan o‘ymakor eshik¸ naqshin ustunlar O‘zbekiston prezidentining Baytqo‘rg‘ondagi qarorgohi bezalgan. Shuningdek, bu ustalar Checheniston poytaxti Grozniydagi masjid eshik ustunlarini ham yasagan. Naqqosh usta Xayrilla Husanovning aytishicha, bugungi kunda ham ustalarning bir qismi "Baytqo‘rg‘on" qarorgohida ishlamoqda:

- Baytqo‘rg‘on rezidensiyasi qurilishi boshlangandan beri o‘sha yerdamiz. Asosiy zaldagi naqshin eshik va ustunlarni biz yasadik. Hozir ham ustalarimizning bir qismi o‘sha yerda rezidensiyanig ikkinchi blogida ishlayapti. Bundan tashqari Islom ota masjidi¸ Shaxrisabzdagi Amir Temur qo‘rg‘oni va Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboev qarorgohini ham bezaganmiz, dedi usta.

XS
SM
MD
LG