Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:27

Jahon matbuoti Ramazon haqida: Axlatga tashlanayotgan 600 tonna ovqat, ro‘zasiz mahbuslar, musulmon bolalarga tuhfa


Afg‘onistonning Jalolobod shahrida Ramazon munosabati bilan bepul ovqat tarqatilmoqda.
Afg‘onistonning Jalolobod shahrida Ramazon munosabati bilan bepul ovqat tarqatilmoqda.
Жаҳон матбуоти Рамазон ҳақида: Аҳлатга ташланаётган 600 тонна овқат, рўзасиз маҳбуслар, мусулмон болаларга туҳфа
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00

Arab davlatlarida AQSh va Yevropaga qaraganda uch barobar ko‘p ovqat axlatga tashlanadi

Britaniyaning Economist nashri Ramazon oyida arab davlatlarida katta isrofgarchiliklar bo‘lishi haqida yozdi. Nashrga ko‘ra, bu oyda minglab tonna oziq-ovqat axlatga tashlanadi.

Jurnal 2016 yildan beri o‘tkazgan tadqiqotlar natijasida aniqlanishicha, Saudiya Arabistonida har bir odam yiliga 427 kilo ovqatni axlatga tashlaydi. Bu esa Amerika va Yevropaga solishtirganda uch barobarga ko‘pdir.

Misrda esa, ayniqsa, ro‘za paytida, meva-sabzavotlarning teng yarmi yeyilmasdan chirib ketadi. Ramazon oyida tayyorlangan ovqatlarning 67 foizi yeyilmay, achib ketadi. Har kuni har bir odam 1 kilo 800 gramm oziq-ovqat mahsulotini axlatga tashlaydi.

Dubayda Ramazon oyida oziq-ovqatning 55 foizi, qolgan oylarda 22 foizi axlatga tashlanadi. Bahraynda bir kunda 600 tonna ovqat yeyilmay qoladi.

Dubaydagi ayrim mehmonxonalar isrofgarchilikka qarshi kurash boshladi va yeyilmay qolayotgan ovqatlarni menyudan chiqarib yubordi. Misrda esa oshib qolgan ovqatlarni kambag‘al oilalarga tarqatish tadbiri uyushtirilmoqda.

AQShdagi kamida ikkita qamoqxonada mahbuslar ro‘za tuta olmayapti

The Intercept nashrining yozishicha, AQShning Virjiniya shtatidagi kamida ikkita hukumat qamoqxonasida mahbuslarning diniy e’tiqod erkinligi buzilmoqda.

Amerikalik huquq faollari Paund shahridagi Red Onion va Independens shahridagi River North axloq tuzatish markazida ro‘za tutmoqchi bo‘lgan musulmon mahbuslarga ertalab kun chiqquniga qadar, kechqurun esa iftordan bir-ikki soat o‘tmaguniga qadar ovqat berilmayotganini bildirganlar.

Huquq faollari qamoqxonalar ma’muriyatlaridan zudlikda bu holatga barham berishni va Ramazon oyini hamda ro‘za tutish huquqini hurmat qilishni talab etmoqda.

“Virjiniya axloq tuzatish muassasalari boshqarmasi hozircha faollarning bu talabiga rasman javob qaytargani yo‘q”, deyiladi maqolada.

Britaniyada nasroniylar boqib olgan 500 musulmon bolaga Ramazon tuhfalari topshirildi

Bu haqda xabar bergan Aljazeera “hadyalar musulmon bo‘lmagan oilalar tomonidan asrab olingan musulmon bolalarning individualligini saqlab qolish maqsadi”dan kelib chiqib tarqatilganini yozdi.

Xabarda aytilishicha, Britaniyadagi kamida 500 nafar bola suratli kitoblar, taqinchoqlar, Qur’onning ingliz tilidagi tarjimasi, tanaffus paytida tanavvul qilinadigan yegulik, shirinliklar va Ramazon to‘g‘risidagi kitoblar hamda taomlar retseptidan iborat hadyalarni qabul qilib olgan.

Penny Appeal mehr-muruvvat tashkiloti hamda Koventri universiteti o‘tkazgan tadqiqotga qaraganda, Britaniyada yil sayin 4500 musulmon bola asrab olinmoqda. Ularning ko‘pchiligi Suriya kabi urush bo‘lgan hududlardan qochib kelgan bolalardir.

Afrikada kim qanday ro‘za tutadi?

Daily News Egypt nashrining yozishicha, 250ta qabila yashaydigan Kamerun aholisining 45 foizini musulmonlar tashkil qiladi. Kamerunda nafaqat masjidlarda, balki jamoat markazlari va cherkovlarda ham Ramazon oyida iftorlik o‘tkazish an’anaga aylangan. Iftorga musulmonlar bilan bir qatorda nasroniylar ham keladilar.

Kamerunlik yosh yigitlar esa saharlikka odamlarni uyg‘otish uchun ko‘chama-ko‘cha nog‘ora chalib yuradilar.

Eritreyada esa musulmonlar Ramazon oyiga kamida ikki-uch hafta oldin tayyorgarlik ko‘ra boshlar ekanlar. Ular tez aynimaydigan turli hil shirinliklarni, qizil achchiq qalampir va ziravorlardan iborat qaylalarni tayyorlaydilar. Bu narsalarni qo‘shnilar bir-birlariga tarqatadilar.

Har juma va dushanba kunlari iftorlik paytida odamlar masjidlarga ovqat olib kelib, bir -birlarini siylaydilar. Ramazonning oxirgi o‘n kunligida esa turli festivallar va sayllarni o‘tkazadilar.

Tanzaniya aholisining 30-40 foizi musulmon ekani aytiladi. Bu mamlakatda musulmonlar Ramazonga 15 kun qolganida masjidlarni, ko‘chalar va do‘konlarni bezaydilar hamda qarindosh urug‘lari va do‘stlarining uylariga borib, bir-birlaridan hol -ahvol so‘raydilar.

Tanzaniyada Ramazon oyida musulmonlarga mansub bo‘lgan restoran va boshqa emakxonalar iftorgacha ishlamaydi. Iftor vaqtida esa masjidlarda nog‘oralar chalinib, odamlar ogohlantiriladi.

Djibutida esa Ramazon oyida erkaklar ham ayollar ham milliy kiyimlarda yurishar ekan. Ramazon oyida bu mamlakat aholisi baliq iste’mol qilishni to‘xtatadi. Ramazonning 27-kuni esa ular masjidlardan chiqib, qo‘shiq kuylab, raqslarga tushadilar.

XS
SM
MD
LG