Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:39

Marhamatni “Obod tuman”ga aylantirish byudjet tashkilotlariga yuklandi


2015 yilda tumanda hamshiralar ta’mirlash ishlariga jalb qilingandi (Illyustrativ surat)
2015 yilda tumanda hamshiralar ta’mirlash ishlariga jalb qilingandi (Illyustrativ surat)

Andijon viloyatining Marhamat tumanida byudjet tashkilotlari xodimlari “Obod tuman” loyihasi doirasidagi ishlarga safarbar qilingan.

Ozodlikka bog‘langan marhamatliklarning aytishicha, qo‘shni tumanlardan ham ayrim davlat korxonalari xodimlari obodonlashtirish, daraxtlarni oqlash, uylarni ta’mirlash uchun Marhamatga jalb etilgan.

"Obod tuman" dasturi doirasida tuman markazidagi uylar bir xil rangga bo‘yalib, shu uylarga yondosh hududlarni obodonlashtirish ko‘zda tutilgan.

Marhamat tumani ijtimoiy-ta’minot bo‘limi xodimining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, har bir tashkilotga alohida uylar biriktirilib, ularni ta’mirlash majburiyati yuklangan.

- Marhamat tumani bu yil "Obod tuman" dasturiga tushgan. Shuning uchun hamma tashkilotlarga magistral yo‘li bo‘yidagi uylar bo‘lib berilgan, o‘rtacha 2-5 tadan. Bitta uy ta’miriga 30-40 million so‘m ketadi. Talab bo‘yicha uyni tomi yashil cherepitsa, tashqari fasadi ham bir xil rangda bo‘lishi kerak. Hamma xarajati tashkilotlar bo‘yniga qo‘yilgan, shunga butun viloyat oyoqqa turgan, - deydi Marhamat tumani ijtimoiy-ta’minot bo‘limi xodimi.

“Obod tuman” loyihasi doirasidagi ishlarga bank xodimlaridan tortib huquq-tartibot organlari xodimlarigacha safarbar etilgan.

Marhamat tumani Tibbiyot birlashmasining ayrim xodimlari ham oldiniga "shanbalik" deya taqdim qilingan obodonlashtirish ishlariga kundalik ravishda jalb etilayotganini aytishdi.

- Asaka tumanidan Marhamatga kiraverishdagi yo‘l bo‘yidagi mahallalarda ishlatishyapti. Bir kun shanbalik deyishgandi, lekin har kuni chiqarishyapti, - deydi Tuman tibbiyot birlashmasi ishchisi.

Byudjet tashkiloti xodimlari shikoyati yuzasidan Marhamat tumani hokimligi rasmiylaridan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

“Obod tuman” dasturi doirasida Marhamat tumani aholi punktlarining me’moriy qiyofasini yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil iyunidagi farmonida ushbu dastur respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari, mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha mablag‘lari, tarmoq korxonalarining mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari, hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalanishi ta’kidlangan.

2018 yilning iyunida qabul qilingan farmon ijrosiga nega aynan hozir kirishilgani sabablari haqida hozircha Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Lekin, Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan marhamatlik mahalla faollaridan biri tuman hokimiyatini davlat muassasalari xodimlariga turli maqsadda va istalgan vaqtda foydalanish mumkin bo‘lgan ishchi kuchi sifatida qarab, ularni istagiga zid ravishda ekspluatatsiya qilishda ayblashadi.

- Bu dasturga ajratiladigan pulni moliyaviy manbasidan emas, yana tekin ishchilar hisobidan qilishyapti, - deydi marhamatliklardan biri.

Marhamat tumani Tibbiyot birlashmasi xodimining aytishicha, ular surunkali obodonlashtirish ishlariga olib chiqilayotganiga qaramay, hech kim norozilik bildirishga botina olmayapti.

- Ishdan quvadi. Hamma qo‘rqadi. Hammamiz chiqayapmiz, na iloj. Marhamat tumani "Obod tuman" dasturiga tushgan bo‘lsa buning uchun pul ajratilgandir, nega biz tekin ishchi sifatida ishlashimiz kerak?! - deydi u.

O‘zbekistonda davlat ishchilarining o‘z vazifalari qolib qishloq xo‘jalik va obodonlashtirish ishlariga jalb qilinishi odatiy xol.

O‘zbekistonda "Obod mahalla", "Obod qishloq", "Obod tuman" hukumat dasturlarini amalga oshirish va inshootlar qurish uchun byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilgani va pul yig‘ilgani ilgari ham kuzatilgan.

Ko‘chalarni tozalash va boshqa “jamoatchilik” ishlari, jumladan, supurish, ko‘cha bo‘yi va istirohat bog‘lariga gul ekish va ularni chopiq qilish, ariq va zovurlarni tozalash O‘zbekistonda majburiy mehnatning paxta terimidan keyingi eng keng tarqalgan ko‘rinishlaridan hisoblanadi.

Garchi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2018 yilning 10 mayida “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarorni qabul qilgan esa-da, byudjet tashkilotlari xodimlari majburiy mehnatga jalb etilayotgani borasida Ozodlikka tez-tez shikoyat xatlari kelishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG