Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:43

O‘zbekistonlik 156 ayol va bola Suriyadan qaytarildi. Fuqarolarni qaytarish amaliyoti davom etadi (VIDEO)


Suriyadan qaytgan ayollar va bolalar, Toshkent, 30 may, 2019 yil
Suriyadan qaytgan ayollar va bolalar, Toshkent, 30 may, 2019 yil

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning topshirig‘i bilan "156 o‘zbekistonlik, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtga qaytarildi".

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva Yaqin Sharqdagi nizoli hududlardan ayollar va bolalarni olib kelish amaliyoti davom etishini bildirdi.

Ozodlikda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Suriya va Iroq hududidagi lager hamda qamoqxonalarda yana o‘nlab o‘zbekistonlik ayollar va bolalar qolmoqda.

Rasmiy bayonot

O‘zbekistonlik 156 ayol va bola "Mehr" insonparvarlik operatsiyasi doirasida 30 may kuni maxsus aviareys bilan Toshkentga olib kelindi. ​

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, bular "aldov oqibatida o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan" insonlardir.

Bayonotda bu insonlarga hukumat tomonidan "tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilishi, ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishi, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratilishi, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi" aytilgan.

Bu ayollar va bolalar Suriya va Iroqdagi aktiv qurolli nizolar o‘tgan hududda bo‘lganmi, xususan, IShID ("Islom davlati" ekstremistik guruhi) safida jang qilgan ​jangarilarning oilasimi - bu haqda hozircha aniq ma’lumot berilmadi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva Yaqin Sharqdagi nizoli hududlardan ayollar va bolalarni olib kelish amaliyoti davom etishini bildirdi.

Gazeta.uz nashriga bergan sharhida Norboeva 30 may kuni qaytarilganlarga shifokorlar va psixologlar yordam berayotganini aytdi. Tanzila Norboevaning aniqlik kiritishicha, kelganlarning 48 nafari ayol, 106 nafari bolalardir.

"Қуролли низолар ҳудудидаги" ўзбекистонлик 156 аёл ва бола қайтарилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:18 0:00

Suriyada qolayotgan ayollar

Ozodlikda mavjud ma’lumotga ko‘ra, Suriyaning shimoli-sharqidagi birgina "Al-Xol" lagerida 150 nafar atrofida o‘zbekistonlik ayol va bola saqlanayotgan edi.

Ozodlikka ushbu lagerdan murojaat qilgan o‘zbekistonlik ayol, lagerda ushlab turilganlar Suriyadagi urushda o‘lgan yoki qo‘lga olingan IShID ("Islom davlati" ekstremistik guruhi) ​jangarilarning xotinlari va bolalar ekanini aytgan.

Ozodlik "O‘zbekistonga olib kelinganlar Suriyadagi qaysi lagerlarda saqlangan? Bu davlatda qolgan o‘zbekistonliklar yana bormi? O‘zbekistonlik jangari erkaklar ham olib kelinadimi?" kabi savollarga Tashqi ishlar vazirligidan hozircha aniq javob ololmadi. Ammo, vazirlik 29 may kuni Suriya va Iroq hududidagi o‘zbekistonliklarni qaytarish ustida xalqaro tashkilotlar bilan ish olib borayotganini bildirgan, qo‘shimcha tafsilotlarni oshkor qilmagan edi.

Lagerda saqlanayotgan ayol

So‘nggi kunlarda Suriyaning Turkiya chegarasiga yaqin joylashgan "Al-Xol" lagerida ekanini aytgan o‘zbekistonlik ayol Ozodlikka bog‘landi.

(Bu ayol o‘z shaxsiga oid ma’lumotlarni Ozodlikka bildirdi, ammo oshkor etilishini istamadi - tahr.)

Uning bilishicha, 80 mingga yaqin odam saqlanayotgan lagerda 20ga yaqin o‘zbekistonlik ayol bor va ularning O‘zbekistonga qaytarilganidan xabari yo‘q.

"Shaxsan men 30 atrofida o‘zbek ayolni bilaman, ulardan 20 tasi o‘zbekistonlik, 10 tasi qirg‘izistonlik yoki tojikistonlik o‘zbeklar. 100 ga yaqin yosh bola bor. Yangi tug‘ilgan go‘daklardan tortib, voyaga yetgan bolalargacha. Ahvol og‘ir, palatkalarda yashayapmiz. Dori-darmon, yegulik muammo. Bizni ko‘rgani O‘zbekistondan biror vakil kelganini bilmayman", deb yozdi ijtimoiy tarmoqlar orqali Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonlik ayol.

Ozodlikka "Roj" deb nomlangan yana bir lagerdan bog‘langan o‘zbekistonlik ayol ham u turgan manzildan o‘zbeklarni yurtiga olib ketishgani haqida biror ma’lumotga ega emasligini aytdi.

"Bizga yordam beringlar! Bu joylarga kelib qolganimizdan mingdan ming pushaymonmiz. O‘zbekistonga ketishni istmaymiz. Bu yerda qiynalib ketdik, bolalarimiz ezilib ketdi", deydi ismi sir saqlanayotgan o‘zbekistonlik ayol.

Ayni paytda, har ikki ayolning Ozodlikka aytishicha, ularning lager ichidagi harakati va o‘zaro aloqasi cheklangan.

Qaytishni istamagan ayollar

Har ikki ayol lagerlarda saqlanayotgan o‘zbekistonlik ayollar orasida yurtiga qaytishni istovchilar ham, istamaydiganlari ham borligini aytadi.

"O‘zbekiston kufr davlati, nima qilamiz borib, deydiganlari ham bor. Lekin men O‘zbekistonga qaytmoqchiman. Aslida men Rossiyaga ishlagani borgandim, u yerdan meni aldab avval Turkiyaga chaqirishdi, so‘ngra Suriyaga sotvorishdi. Men aldanganimni bilganimdayoq qochishga urindim, oyoqlarim sindi qochaman, deb. Lekin, davladagilar (IShID ekstremistik guruhi a’zolari - tahr.) har gal meni ushlab, qamab qo‘ydi. Oxiri ulardan qochdim, kelib kurdlarning qo‘liga tushdim", deb da’vo qiladi "Al-Xol" lageridagi o‘zbekistonlik ayol.

Ekspert

Shu kunda Iroqda ishlayotgan xalqaro tashkilot vakillaridan birining aytishicha, hozir Suriyadagi turli qurolli guruhlar nazorati ostida 3 ta lager bor.

Bular "Al-Xol", "Roj" va "Ain-Issa" lagerlaridir. Bu lagerlarda IShID nazorati ostidagi hududlardan qochib chiqqan mahalliy aholi va ushbu hududlarda qo‘lga olingan yoki taslim bo‘lgan chet ellik jangarilar oilalari saqlanmoqda.

(Bu vakil muqaddam IShID safida bo‘lgan jangarilarni yurtiga jo‘natish bo‘yicha hokimiyatlar o‘rtasidagi munosabatlarning o‘ta konfidensial o‘tayotgani bois, shaxsini oshkor qilmaslikni so‘radi.)

"Markaziy Osiyolik jangarilar oilalari asosan "Al-Xol" lagerida saqlanayapti. Bu yerda, mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, 150 nafardan 500 nafargacha o‘zbekistonlik ayollar va bolalar bor. O‘zbekiston hukumati hozirda Suriyadagi o‘zbekistonliklarning birinchi qismini olib ketdi. Tez orada Qirg‘izistonlik ayollar va bolalar ham olib ketilishi kutilmoqda", deydi ekspert.

Uning aytishicha, Suriyada IShID nazorati ostidagi hududlarda qo‘lga olingan erkaklar alohida saqlanmoqda va ularning soni, millati, fuqaroligiga oid aniq ma’lumot yo‘q.

Ayni paytda bu ekspert ayollar va bolalarni qaytarish juda og‘ir jarayon ekaniga urg‘u berdi.

"Unutmaslik kerakki, bu ayollar faol jang harakatlari borgan hududlardan chiqib keldi. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi janglarda ayollar ham jangari erkaklar bilan bir safda hukumat qo‘shinlariga qarshi jang qilgan. Shuning uchun, hozir Iroq va Suriya hukumatlari bu ayollarni ham jiddiy tekshirish, agar aybdor bo‘lsa, shu davlat hududida jazolashni istamoqda", deydi ekspert.

Uning aytishicha, hozirga qadar Iroq qamoqlarida saqlangan Markaziy Osiyolik jangari erkaklar va ayollar sudlanib, jazoga tortilgan. Suriya hukumati esa qamoqlarda saqlanayotgan erkaklar, shuningdek, janglarda qo‘lga tushgan ayollarni mahkamaga tortish va jazolash tizimini yo‘lga qo‘yish uchun xalqaro hamjamiyat va qo‘shni davlatlardan yordam so‘ramoqda.

IShIDdan qolgan meros

Human Rights Watch tashkiloti bergan ma’lumotga ko‘ra, Suriyada jami 47 mamlakatdan borgan jangarilar va ularning oilalari lager yoki qamoqxonalarda saqlanmoqda.

"Al-Xol" lageri rahbariyatining axborot vositalariga bildirishicha, bu lagerda saqlanayotgan jami odam soni 80 mingdan oshgan. Bularning 15 mingga yaqini xorij fuqarolari, qolganlari esa IShID jangarilari nazorati ostidagi hududlardan qochgan mahalliy aholidir. 15 mingga yaqin xorijlikning asosiy qismi jangarilarning ayollari, 7 mingi esa ularning voyaga yetmagan bolalardir.

Qolgan ikki lagerda saqlanayotgan chet elliklar soni haqida aniq ma’lumot yo‘q.

3 mayda bu lagerlarni nazorat qilayotgan Suriya demokratik kuchlari guruhi vakili Salah Kemin lagerga o‘zi kelib taslim bo‘lgan yoki janglarda qatnashmaganiga ishonilgan ayollar va bolalarni vataniga qaytarish yuzasidan Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlariga rasmiy maktublar jo‘natilganini aytgan.

Hozircha mintaqa davlatlari orasida Qozog‘istongina Suriyadan 50 nafarga yaqin ayolni farzandlari bilan va bir erkakni vataniga qaytarganini ma’lum qilgan.

Shu yilning 30 aprelida Iroqda “Islom davlati” guruhi saflarida jang qilgan tojikistonliklarning 84 farzandi Tojikistonga qaytarilgan edi. Biroq katta yoshdagilar vataniga qaytarilmagan.

Endilikda bu davlatlar safiga 156 fuqarosini ortga qaytargan O‘zbekiston hukumati ham qo‘shildi.

XS
SM
MD
LG