Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:43

"Elektr toki bilan baliq ovlagan" sobiq militsionerlarni kaltaklagan 6 yigit hibsga olindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Ozodlikka Mirzacho‘l tumanida yashovchi bir guruh ota-onalar nomidan kelgan maktubda “elektr toki bilan baliq tutayotganlarga to‘sqinlik qilgani uchun bezorilikda ayblangan farzandlarimiz qiynoqqa solinmoqda. Ular sobiq IIB xodimlarining noqonuniy baliq oviga halaqit bergani uchun 20 maydan beri beri hibsda qolmoqda” deyiladi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani borasidagi shikoyat o‘z tasdig‘ini topmaganini Ozodlikka bildirdi.

Mirzacho‘l tuman IIB zobiti 6 yosh yigit O‘zbekiston jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 164-moddasi (Bosqinchilik) moddalari bo‘yicha ayblanib, joriy yil 20 may kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanganligini Ozodlikka bildirdi.

Zobit hibsda qolayotganlar ismlarini keltirdi.

Zobitga ko‘ra¸ 23 yashar Musulmonov Davron, 23 yashar Oltinbekov Sardor, 20 yashar Mo‘minov Dalyar, 22 yashar Jo‘raev Baxtiyor, 23 yashar Qurbonboev Muxtor va 23 yashar Xushvaqtov Nuriddinlar 20 maydan beri tuman IIB izolyatorida saqlanmoqda.

Ota-onalardan birining Ozodlikka iddao qilishicha¸ Mirzacho‘l tuman IIB izolyatorida hibsda qolayotgan bolalar qiynoqqa solingan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlikka¸ mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani borasidagi shikoyat o‘z tasdig‘ini topmaganini bildirdi.

“Mazkur xolat yuzasidan hibsdagi yigitlarning qiynoqqa solinganligi to‘g‘risidagi vajlar to‘liq tekshirildi. Maxsus prokuror har bir hibsdagi gumonlanuvchi bilan shaxsan uchrashib, qiynoq fakti mavjud emasligini aniqlagan. Mazkur yigitlarga qo‘llanilgan ehtiyot chorasini boshqasiga almashtirish masalasi ko‘rilmoqda. Lekin aytish kerakki, ular jiddiy jinoyatga qo‘l urishgan, gumonlanuvchilardan ikkitasi muqaddam sudlangan shaxslardir”,- deyiladi matbuot xizmatining Ozodlikka javobida.

Shuningdek O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga ko‘ra, “Ota-onalarning qiynoqqa solish borasidagi vaji o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsada, bu jinoyat ishi tergovi viloyat prokurorining alohida nazoratiga olingan“.

O‘zini hibsda qolayotgan Oltinbekov Sardorning otasi deya tanishtirgan suhbatdoshga ko‘ra¸ “Baliq tutishimga halaqit berdi” deya yigitlar ustidan shikoyat qilgan sobiq IIB xodimlari M. R. va I. B.dir. Jizzax viloyati IIB axborot multimedia guruhining o‘z Internet sahifasida bildirishicha janjal figuranti bo‘lganlar soni to‘qqizta. Ulardan uchtasi jabrlanuvchi va olti nafari ayblanuvchi.

Ota-onalardan birining iddaosiga ko‘ra¸ jabrlanuvchi deb aytilayotgan bu uch shaxs IIBdan pensiyaga chiqqan xodimlar bo‘lib baliq tutish taqiqlangan paytda taqiqlangan usul bilan baliq ovlashgan.

Nima bo‘lgan edi?

Ozodlik voqea guvohlari va Tabiatni muxofaza qilish qo‘mitasi Jizzax viloyat bo‘limi mulozimlari bilan suhbat asosida voqeaga oydinlik kiritishga urindi.

Jizzax viloyat IIB axborot multimedia guruhi ma’lumotiga ko‘ra bu oddiy bosqinchilik bo‘lgan:

“Yuzlariga niqob tutgan 6 nafar yigit tumanning Rasul Haydarov suv iste’molchilar uyushmasi hududidagi zovurda baliq ovlayotgan 3 nafar fuqaroga hujum qilishgan.

Jinoyatchilar baliqchilarga tayoq bilan tan jarohati yetkazib, 2 ta uyali telefon, 200 ming so‘m, 3 AQSh dollari, 4 ta qarmoq hamda jabrlanuvchilardan biriga tegishli haydovchilik va pensiya guvohnomalarini olib ketishgan”.

Hibsda qolayotgan Oltinbekov Sardorning otasi esa bu voqeani boshqacha talqin qildi:

- 20 may kuni Gagarin shahri yaqinidagi sizot suvlar oqiziladigan kanalda IIB tizimidan nafaqaga chiqqan R. M.¸B. I. va ismini bilmaganim yana bir kishi yuqori kuchlanishdagi elektr toki mavjud dugalarni suvga tiqib baliq ovlashgan. Bu baliqlar karaxt bo‘lib pastga oqib ketgan. O‘sha yerda yurgan o‘g‘lim Oltinbekov Sardor ko‘rib qolib ushlab olgan. R. M. va B.I. katerda yetib kelib nega balig‘imni olding deb Sardorga tashlanishgan. O‘sha yerda yurgan yigitlar kelib elektr bilan baliq tutish mumkin emas deyishgan. B.I. "men spetsnazda ishlaganman, sizlarni qamataman" deb qo‘l ko‘targan paytda o‘g‘lim va o‘rtoqlari qarshilik ko‘rsatgan¸ - dedi suhbatdosh.

Hibsda qolaëtgan yigitlarning ota-onalari adolat istab mahalliy huquq-tartibot organlariga murojaat qilgani samarasiz bo‘lganini aytishdi.

Jizzax viloyat IIB axborot multimedia guruhi ma’lumotiga ko‘ra¸ “jabrlanuvchilar (Nafaqadagi IIB xodimlari -tahr) bosh to‘qimalarining lat yeyishi, yorilish, bosh miya yopiq shikastlanishi, tish sinishi, bosh miya chayqalishi kabi shikoyatlar bilan tuman IIB ga murojaat qilishgan.

“Olib borilgan tezkor surishtiruv natijalariga ko‘ra, jinoyatni tumanning Erjar, Mustaqillik, Do‘stlik mahallalarida yashovchi, 23-26 yoshli yigitlar sodir etganligi ayon bo‘ldi. Yigitlarning hech biri ishlamaydi,” deyiladi Jizzax viloyati IIB axborot multimedia guruhi tarqatgan ma’lumotda.

Ozodlik 29 may kuni suhbatlashgan tabiatni muhofaza qilish bo‘limining ismi aytilishini istamagan mulozimiga ko‘ra, bu davrda baliq tutish taqiqlangan:

- Ular baliq ovi taqiqlangan paytda hamda taqiqlangan usulda baliq ovlagan. 10 martdan 31 mayga qadar Jizzaxdagi suv havzalarida baliq ovi taqiqlanadi. Bu baliqlarning uvildiriq qo‘yadigan payti. Lekin elektr bilan baliqlarni tok urdirib ovlash umuman taqiqlangan.

Iznsiz baliqchilar qanday jazolanadi

Joriy yilning 29 may kuni O‘zbekiston prezidenti «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi.

Bundan buyon “tegishli ruxsati bo‘lmay turib yoki taqiqlangan joylarda yoxud taqiqlangan muddatlarda, taqiqlangan qurollar yoki vositalar bilan ov qilish yoki baliq ovlaganlar uch yilgacha muddatga ov qilish huquqidan mahrum etiladi".

Oldingi tahrirda ayni huquqbuzarlik uchun eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima ko‘zda tutilgan edi.

XS
SM
MD
LG