Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:32

Prezident: Odamlarimiz Yaqin Sharqqa ahvolimiz harob bo‘lgani uchun ketgan


Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyat hokimligida 3 iyun kuni yig‘ilish o‘tkazdi. Prezident rasmiy saytidan olingan surat.
Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyat hokimligida 3 iyun kuni yig‘ilish o‘tkazdi. Prezident rasmiy saytidan olingan surat.

Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyat hokimligida 3 iyun kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida o‘zbekistonliklarni Yaqin Sharqdan qaytarishga qaratilgan "Mehr" operatsiyasiga ham to‘xtalib, bunday dedi:

- Mana, 156 nafar yurtdoshimizni Yaqin Sharqda urush bo‘layotgan joydan olib keldik. Xo‘sh, ular nima uchun ketgan? Ahvolimiz harob bo‘lgani uchun, sharoit bo‘lmagani uchun ketgan. Lekin u yerda nima bo‘ldi? Xotin-qizlarimizni sotishdi, beshta bola beshta otadan, 14 yoshli qiz tuqqan. Shu holat bizga yarashadimi?

Ularni Vatanga olib kelish juda qiyin bo‘ldi. Qancha davlatlar bilan gaplashdik. Samolyotni u yoqqa qo‘ndirish, terroristlarni qo‘lidan olib chiqish oson emas. Lekin qaytardik - nima bo‘lgandayam ular bizning vatandoshimiz. Endi nima qilish kerak? Nuroniylar, jamoatchilik qayoqqa qarayapti? Kim buni tushuntiradi? Bunday narsalar hammamizni o‘ylantirishi, qiynashi kerak, - dedi prezident.

Xabarlarda aytilishicha, davlat rahbari Toshkent viloyati faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tdi. Prezident viloyat hokimiyatining kadrlar siyosatini, qoloqligini tanqid qilgan. Ayni paytda viloyatning geografik tuzilishini ham tanqid qilgan prezident, viloyat ikkiga bo‘linishini bildirgan.

“Toshkent viloyatida quruq gap. Qani raqobat, qani ilm, qani natija, qani tashabbus”, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezident ayrim tuman va shahar hokimlarining iqtisodiy savodsizligini ham ta’kidlagan va pora olgan hokimlar kim bo‘lishidan qat’iy nazar qamalishini aytgan.

Yig‘ilish chog‘ida prezident 2018 yilning fevralida Quyi Chirchiq tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Sobir Murodovni ishdan oldi. Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmatining bildirishicha, bunga Quyi Chirchiq tumanida “aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi mahsulot Respublikadagi o‘rtacha darajadan pastligi” sabab bo‘lgan.

Prezident viloyatning boshqa tumanlaridagi ahvol ham yaxshi emasligini ta’kidladi. Mirziyoevga ko‘ra, viloyatda aholining yashash sharoiti respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 3 baravar past.

“Viloyatda 121 ming kishi ishsiz, 117 ming kishi xorijga ishlagani ketgan, 137 ming yosh iqtisodiy og‘ir ahvolda. 117 ming kishi - xorijda. Shular bizdan rozimi? Onasi har kuni bolasini duo qilmagani uchun bizdan rozimi?” - degan prezident.

XS
SM
MD
LG