Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:31

Qirg‘iz sobiq Bosh prokurori “Qonundagi o‘g‘ri”ni qamoqdan bo‘shatishda ayblanib qo‘lga olindi


Sobiq Bosh prokuror Aida Salyanova.
Sobiq Bosh prokuror Aida Salyanova.

Sobiq Bosh prokuror Aida Salyanova “Qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukaevning qamoqdan noqonuniy bo‘shatilishiga aloqador ko‘rilib, 3 iyun kuni hibs qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, u 3 iyun kuni Ichki ishlar vazirligiga so‘roqqa chaqirilgan. So‘roqdan so‘ng tergovchi uni gumonlanuvchi sifatida hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Salyanovaning hibs qilingani ortidan Ichki ishlar vazirligi binosi oldiga parlamentdagi “Ata Meken” fraksiyasi raisi Almambet Shikmamatov, deputat Natalya Nikitenko va mustaqil deputat Janar Akaev yetib keldilar. Aytib o‘tish joizki, Aida Salyanova “Ata Meken” partiyasi a’zosi hisoblanadi.

-Sobiq harbiy prokuror Mayrambek Akmataliev ikki kun Milliy xavfsizlik qamoqxonasida o‘tirganidan so‘ng tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘libdi. U tergovga: “Meni bo‘shatasizlar, men ko‘rsatma beraman”, deb aytibdi. Unga ko‘ra, Batukaevni qamoqdan bo‘shatish to‘g‘risida Salyanova ko‘rsatma bergan ekan. Bugungi tergovda Salyanova Akmataliev bilan yuzlashtirildi, lekin har birining ko‘rsatmasi bir-biridan farq qilmoqda. Hozir bir tomonlama bo‘lib, bu odamning gapi to‘g‘ri, buniki noto‘g‘ri deb ayta olmaymiz. Buni sud tergovi aniqlashi lozim, - dedi “Ata Meken” fraksiyasi raisi Almambet Shikmamatov.

Avval Aida Salyanova “Qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukaevni qamoqdan noqonuniy bo‘shatilishiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bildirgan edi.

-Bu masalada men, noqonuniy bir ish bo‘lib qolmaganmikin degan nuqtai nazardan, prokuraturaning harakatlarini juda diqqat bilan o‘rganganman. Prokuratura tomonidan hech qanday noqonuniy ish qilinmagani aniqlangan, - degan edi Aida Salyanova.

Qirg‘iziston Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Shamil Ataxanov ham 21 may kuni «Qonundagi o‘g‘ri» Aziz Batukaevga qamoqdan chiqishga ko‘maklashganlikda gumonlanib hibsga olingandi.

Avvalroq Aziz Batukaevning qamoqdan noqonuniy bo‘shatilishi bilan bog‘liq ish doirasida Bishkekda besh nafar taniqli shifokor, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Dinara Saginbaeva va Jazoni o‘tash bo‘yicha davlat xizmati raisining maslahatchisi Kalibek Kachkinaliev qamoqqa olingan.

Og‘ir jinoyatni sodir etganlikda ayblanib uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan «Qonundagi o‘g‘ri» Aziz Batukaev 2013 yilda «saraton kasaliga chalingan va yaqin kunlarda vafot etadi» degan tashxis asosida sud hukmi bilan qamoqdan bo‘shatilgan edi. U o‘sha kuniyoq tarixiy vatani Chechenistonga uchib ketgan.

Biroq oradan 6 yil o‘tgach bu tashxis sohta bo‘lgani va Batukaev qamoqdan noqonuniy bo‘shatilgani yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

Bundan avval parlament deputatlari va jamoatchilik Batukaevning qamoqdan bo‘shatilishi qanchalik qonuniy bo‘lganini tekshirishni talab qilib kelayotgan edi.

XS
SM
MD
LG