Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:20

Ingliz shirkati Toshkent yonida yana bir Toshkent qurmoqchi. Yangi Toshkent kimga kerak?


Yaqin kelajakda qurilishi kutilayotgan yangi Toshkent ko‘rinishi
Yaqin kelajakda qurilishi kutilayotgan yangi Toshkent ko‘rinishi

Londondagi Benoy me’morchilik shirkati 2 million aholi uchun mo‘ljallangan "Yangi Toshkent" genplanining 3 o‘lchamli videosini 5 iyun kuni Youtube kanalida namoyish qildi.

Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘ida¸ Toshkent shahrining sharqidagi dalalar va aholi punktlari o‘rnida tiklanadigan "Yangi Toshkent" 20 000 gektardan ko‘proq joyni egallaydi.

Benoy me’morchilik shirkatining Ozodlik suhbatlashgan vakili "Yangi Toshkent" g‘oyasi videorolikda to‘liq tamsil qilinganini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiev “Yangi Toshkent” qurilishi “mahdudlik ichida qolgan o‘zbek qurilish-me’morlik sohasiga yangi havo” olib kelishiga umid bildirdi.

Ayni paytda Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov kichik savdo markazlari qurishga ixtisoslashgan Benoy shirkatining yangi “shahar” qurish kabi murakkab vazifani uddalay olishiga shubha bildirdi:

- Benoy me’morchilik shirkati asosan shopping sentrlarni loyihalab kelgan. Unda Birmingem shahri kattaligidagi shaharni qurish salohiyati yo‘q deb o‘ylayman¸ - deydi Ilhomov.

Taqdimot videoroligida aytilishicha¸ “Yangi Toshkent” bir necha joziba markazlaridan iborat bo‘lib, shaklan BAA davlatidagi "Palma shaharchasi"ni eslatadi.

Videorolikda aks etishicha¸ “Yangi Toshkent” davlat boshqaruvi organlari joylashgan ma’muriy hudud¸ mashhur shirkatlar ofislaridan tarkib topadigan biznes-siti¸ savdo markazi¸ aeroport va elita yashaydigan villalardan iborat.

Uyni mulozim emas me’mor quradi

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiev yangi shahar qurish g‘oyasini olqishladi:

- Sovet davridagi me’morlik tajribasi o‘lganidan 30 yil o‘tsa hamki, o‘rniga yangisi kelmadi. Konserva qutisi ichida o‘z yog‘imizga qovurildik. O‘zbekistonning oldingi rahbari va mayda rahbarchalari o‘zlarini buyuk arxitektor deb o‘ylab, ko‘ngliga kelganini qurdirib, sohani kollaps qilishdi. Yangi shahar qurilishi bu tizimga barham berib, me’mor rahbarligida amalga oshadigan loyiha sifatida muhim¸ - deydi me’mor.

Uning yana aytishicha¸ Benoy me’morchilik shirkati sakkizta muammoni yecha olsagina samaraga erisha oladi:

Birinchi muammo - joy masalasi. Menimcha, bu hal bo‘lgan. Ikkinchi muammo - suv ta’minoti. Chirchiq daryosi bois bu muammo ham o‘z yechimini topdi. Uchinchi muammo - moliyalash. Yigirma gektarlik shaharni moliyalash, menimcha, mavhum masala bo‘lib turibdi. To‘rtinchi muammo - inson resursi. Shahar qurish uchun malakali mutaxassislar kerak. Hozir, masalan, Toshkent Siti qurilishiga Turkiyadan ustalar olib kelindi - bu noto‘g‘ri uslub. Mahalliy aholini o‘qitib, ish bilan ta’minlash lozim. Beshinchi muammo - mahalliy aholini quvib chiqarmaslik kerak. Butun bir Bektemir tumani sarson bo‘lishi yaxshi emas. Yangi Toshkent quriladigan joyda yashaydigan aholiga aynan shu yerdan uy berilishi shahar aurasi uchun muhim. Ammo Toshkent Siti misolida ko‘ryotganimiz kabi mahalliy aholi ko‘chirib yuboriladi va bu o‘ta salbiy oqibat kasb qiladi. Yettinchi muammo - eski shahar va yangi shaharni bog‘lovchi transport integratsiyasi. Bu masalada ham yechim ko‘rmadim. Sakkizinchi muammo - shaxsiy avtomobillarni taqiqlash. Menimcha, bu muammo qisman hal bo‘ldi. Yangi shahar markazidagi orolchada avtomobil qatnovi bo‘lmaydi¸ - deydi Abdumalik Turkdiev.

Turdievga ko‘ra¸ yangi quriladigan shahardan Chirchiq daryosining davomi sifatida ikki kanal oqib o‘tishi ko‘p muammolarga yechim topadi.

Mini Movaraunnahr yoki boylar mahallasi

Videorolikda tasvirlanishicha¸ ikkki daryo oralig‘ida “Mini Movarunnaxr” nomli yashil orol yaratiladi.

Asosan piyodalar uchun mo‘ljallangan va mo‘’jaz golf elektrmobillari yuradigan orolda asosan ikki qavatli villa va kottejlar qurilishi rejalangan.

Villalar oralig‘i va ko‘chalarning asosiy qismi daraxtzor va tropik o‘simliklardan iborat bo‘lishi videorolikda aks etgan.

Bu yashil orol muqobil energiya tasarruf qiladigan va ekologik yashash tarzi ustuvor hudud sifatida taqdim qilingan.

Bu yashil orolda ichki yonilg‘i dvigatellariga (benzin va dizel bilan yuradigan) ega avtomobillar kirishi taqiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Yashil orolda velosiped¸ elektromoped singari naqliyot vositalari qo‘llanilishi rejalangan.

Ortiqxo‘jaevning AKFA romlarini sotish imkoni

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov yangi Toshkent qurilishini shundoq ham "cho‘kayotgan mamlakat iqtisodi bo‘yniga osilgan tosh", deb hisoblaydi:

- "Kerakmi o‘zi?" degan savoldan kelib chiqsak. Biz ko‘rgan go‘zal maketda ma’muriy markaz va Biznes siti qurilishi rejalangan. Toshkent markazidagi vazirliklar o‘z binolariga ega. Qurilayotgan Toshkent-siti binolarini to‘ldirish muammo bo‘layptgan paytda bu shahar mamlakat iqtisodi uchun og‘ir yuk bo‘ladi. Oyna-rom ishlab chiqaradigan Ortiqxo‘jaev benefitsiar bo‘ladi xolos, - deydi Alisher Ilhomov.

XS
SM
MD
LG