Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:39

Prezident maslahatchisi Jizzax "byudjetchilar"ini yoppasiga Paxtakordagi "Obod qishloq"qa chiqarishni buyurdi


Jizzax viloyatida bank xodimlaridan tortib huquq-tartibot organlari xodimlarigacha Paxtakor tumaniga “Obod kishloq” loyihasi doirasidagi ishlarga safarbar qilindi.
Jizzax viloyatida bank xodimlaridan tortib huquq-tartibot organlari xodimlarigacha Paxtakor tumaniga “Obod kishloq” loyihasi doirasidagi ishlarga safarbar qilindi.

Jizzax viloyatidagi bank xodimlaridan tortib to huquq-tartibot organlari xizmatchilarigacha “Obod kishloq” dasturi doirasida Paxtakor tumanida borayotgan qurilishlarga safarbar qilindi.

Jizzax hokimiyatidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, ommaviy safarbarlik O‘zbekiston prezidenti Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov buyrug‘i bilan amalga oshirilmoqda.

Ozodlik gaplashgan jizzaxlik davlat xizmatchilari Paxtakor tumaniga o‘z hisobidan mashina yollab, qora ish qilishga mos kiyim kiyib borish​ tayinlangani, kelmaganlar ishdan bo‘shatilishi haqida ogohlantirilganini aytishdi.

Paxtakor tumani hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi 7-8 iyun kunlari butun viloyatdan barcha byudjet tashkilotlari xodimlari Paxtakor tumaniga “Obod kishloq” loyihasi doirasidagi ishlarga safarbar qilinganini tasdiqladi.

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan xodimiga ko‘ra, 7-8 iyun kunlari viloyatdagi har bir tashkilotda nomiga ikki nafardan xodimni navbatchilikka qoldirib, boshqa hammani Paxtakor tumaniga "hashar"ga chiqarishga buyruq berilgan.

Jizzax hokimiyatidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, ommaviy safarbarlik O‘zbekiston prezidenti Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov buyrug‘i bilan amalga oshirilgan. ​

"Kecha¸ 6 iyun kuni Tursunxon Xudoyberganov boshchiligida yig‘ilish bo‘ldi. Shu yig‘ilishda viloyatdagi barcha tashkilotlarni Jizzax viloyati Paxtakor tumanida "Obod qishloq" dasturi uchun ommaviy hasharga jalb qilishga buyruq berdi", - deb bildirdi hokimlik mulozimi.

"Hasharchilar"¸ ularning o‘zlariga ko‘ra¸ "Obod qishloq" dasturi doirasida tuman markazida namunali kottejlar qurilishi, aholi uylari va shu uylarga yondosh hududlarni obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan.

"Tuproq tashish, g‘isht otish, beton qorish, ko‘chalarni tozalash, xullas nima ish bo‘lsa¸ shuni qilasizlar¸ deyildi. Paxtakor tumani markazidagi obod qishloq dasturiga tushgan maxalla va ko‘chalar tashkilotlarga bo‘lib berildi", - dedi bu ma’lumotni tasdiqlagan hokimlik mulozimi.

Paxtakor tumani hokimligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi¸ "ishchilarning hasharga ko‘ngilli tarzda chiqayotgani"ni iddao qildi.

"Bugundan 7-8 iyun ommaviy hashar, butun viloyat bo‘yicha, hamma tashkilotlarga aytilgan. Hamma o‘zlari keladi, majburiy emas bu", - dedi hokimlik mulozimi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan jizzaxlik byudjet tashkilotlari xodimlari esa o‘z vazifalariga kirmaydigan ishlarga majburlanayotganliklaridan norozi ekanliklarini aytishdi.

Hammani Paxtakor tumanida birma-bir ro‘yxat asosida yo‘qlama qilayapti, kelmaganlarga ishida muammo bo‘ladi¸ deyishdi. Tekin ishchi kuchi qilib ishlatishayapti”, - deydi ismi sir qolishini istagan jizzaxlik madaniyat sohasi xodimi.

Jizzaxning Do‘stlik tumanidan bo‘lgan bank xodimi esa¸ hasharchilarga transport tashkil etilmagani sabab¸ o‘zi yo‘l kira qilib Paxtakor tumaniga borishga majbur bo‘lganini aytdi.

"Hatto obed vaqti suv va yegulik ham berishmayapti. Men 30 kilometr yo‘l bosib keldim. Hasharga kelib ketayotganlar ko‘pchiligi o‘zining yonidan yo‘lkira qilib¸ obedni ham o‘zlari amallashyapti", - deydi bank xodimi.

Paxtakor tumani Xalq ta’limi bo‘limi ishchisi Ozodlikka surunkali tarzda obodonlashtirish ishlariga majburlanayotganiga qaramay, hech kim norozilik bildirishga botina olmayotganini aytadi.

"Chunki ishdan haydaydi. Hokimiyatdagilar bizga tekin ishchi sifatida qarashga o‘rganib qolgan. "Obod qishloq" uchun davlat pul ajratadi, ular bizni tekinga ishlatishadi, qani adolat?", - deydi u.

Jizzax viloyatining Paxtakor tumani 1967 yilda cho‘l hududda tashkil etilgan.

Jizzax viloyati rasmiy saytida yozilishicha, hozirgi kunda ushbu tumanda 73 mingga yaqin odam yashaydi.

Paxtakor tumani hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, “Obod qishloq” dasturi doirasida tuman aholi punktlari me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

"Tuman qiyofasi tubdan o‘zgaradi. Sharof Rashidov ko‘chasidan o‘tuvchi ariqdan tortib har bir uy rekonstruksiya qilinadi. 23 ta yangi kottej ham quriladi. Tuman tibbiyot birlashmasi qayta remont qilinadi, 78ta bino qayta ta’mirlanadi. Bu ko‘lamli ishlarga tumanda ishchi kamlik qiladi", - dedi Paxtakor tumani hokimligining Ozodlik gaplashgan mulozimi.

Ayni paytda hokimlik mulozimi bunday keng ko‘lamli hasharning faqat 7-8 iyun kunlari bilan cheklanib qolmasligini qo‘shimcha qildi.

"Hozircha 7-8 iyun kunlari deb aytildi. Yana kuch lozim ko‘rilsa¸ yana o‘tkazilishi mumkin", - dedi Paxtakor tumani hokimligi rasmiysi.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil iyunidagi farmonida ushbu dastur respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari, mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha mablag‘lari, tarmoq korxonalarining mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari, hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalanishi ta’kidlangan.

O‘tgan hafta Andijondagi barcha byudjet tashkiloti xodimlari Marhamat tumaniga "Obod tuman" loyihasi bo‘yicha ishlarga safarbar qilingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekistonda "Obod mahalla", "Obod qishloq", "Obod tuman" hukumat dasturlarini amalga oshirish va inshootlar qurish uchun byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilgani va pul yig‘ilgani ilgari ham kuzatilgan.

Ko‘chalarni tozalash va boshqa “jamoatchilik” ishlari, jumladan, supurish, ko‘cha bo‘yi va istirohat bog‘lariga gul ekish va ularni chopiq qilish, ariq va zovurlarni tozalash O‘zbekistonda majburiy mehnatning paxta terimidan keyingi eng keng tarqalgan ko‘rinishlaridan hisoblanadi.

Garchi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2018 yilning 10 mayida “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarorni qabul qilgan esa-da, byudjet tashkilotlari xodimlari majburiy mehnatga jalb etilayotgani borasida Ozodlikka tez-tez shikoyat xatlari kelishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG