Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:33

Instabloger telefonini olganlar ishdan bo‘shatildi, tarmoqdan daromad olganlarga esa soliq solindi


Davlat soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda "noqonuniy daromad" yig‘ish bilan shug‘ullangani uchun soliq inspektorlari ushlagan bloger Azizbek Ashurboev vaziyatiga oid xulosasini ma’lum qildi.

Instagram tarmog‘ida 300 ming obunachisi bo‘lgan bloger 8 iyun kuni soliqchilar uyali telefonini olib qo‘ygani, so‘ngra tarmoqdagi sahifasiga kirolmay qolganidan arz qilib, yordam so‘ragan edi.

Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bu xabardan sal avval Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda reklamadan pul qilayotgan blogerlardan soliq undirilishini eslatgandi.

Ayni paytda, murojaati mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan blogerning o‘zi matbuotda ko‘rinmayotir, sahifasining esa yopib qo‘yilgani aytilmoqda.

Qoidabuzar soliqchilar

12 iyun kuni mahalliy axborot vositalari va Telegram kanallarida Instagram tarmog‘ida 300 mingdan ortiq obunachi to‘plagan blogerning murojaati tarqaldi.

Murojaatida instabloger Azizbek Ashurboev 8 iyun kuni o‘z sahifasida reklama e’loni bermoqchi bo‘lgan buyurtmachidan 400 ming so‘m pul olayotgan paytda soliqchilar uni to‘xtatgani va so‘ngra uyali telefonini olib qo‘yganini bildirdi.

Bu murojaat katta shov-shuvga sabab bo‘ldi va oqibatda, ​Davlat soliq qo‘mitasi bu hodisani maxsus nazoratga olishga majbur bo‘ldi.

15 iyun kuni berilgan bayonotga ko‘ra, bloger tarmoqda reklama berib noqonuniy daromad qilgani uchun to‘xtatilgan. Ammo, blogerning uyali telefonini olib qo‘ygan soliqchilar ham qoidani buzgan.

"Soliq qo‘mitasi bir necha kun oldin xodimlari O.Ziyaev va Sh.Hasanovlar tomonidan bloger Azizbek Ashurboevning uyali telefoni olib qo‘yilishi doirasidagi vaziyatni o‘rganib chiqqan va soliq inspektorlari vakolat doirasidan chiqqan va kasb odobi qoidalarini buzganligini aniqlab, ularni ishdan bo‘shatishga qaror qilgan. Aziz Ashurboev tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun uning shaxsiy uyali aloqa telefonini tortib olmagan holda, tushuntirish ishlarini olib borish va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bilan kifoyalanish lozim edi", deyildi rasmiy bayonotda.

300 ming obunachisi bo‘lgan instabloger

12 iyun kuni qator axborot vositalari va Telegram kanallari soliqchilar bilan mojarodan arz qilgan bloger murojaatini tarqatdi.

Jumladan, Protoday nashrida e’lon qilingan blogida Ashurboev Mirobod tumani Soliq inspeksiyasi binosida uyali telefoni olib qo‘yilganidan so‘ng tarmoqdagi sahifasiga kirolmay qolganini iddao qilgan.

"Sahifam endi-endi daromad keltirishni boshlagan paytda o‘zlarini soliqchilar deb ataydigan qaroqchilar yem bo‘lgani ham qattiq alam qilyapti. Bugun internetda soliq qo‘mitasining rahbarlari telefon va boshqa uskunalar tortib olinishini qonuniy deb aytishibdi. Bu qonun qaerda yozilgan? Qani? Biz ham ko‘raylik? Iltimos,meni bu soliqchi-qaroqchilardan qutqaring!" deb arz qildi bloger o‘z murojaatida.

Bu murojaatga prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi direktori Komil Allamjonov munosabat bildirdi. U bloger bilan sodir bo‘lgan hodisani o‘rganish va tegishli tartibda chora ko‘rishini so‘rab, Soliq qo‘mitasiga yuzlandi.

​So‘ngra O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham blogerlik faoliyati qonun himoyasi ostida ekanini ta’kidlab, Soliq qo‘mitasidan tegishli tartibda chora ko‘rishni talab qildi.

Ayni paytda, murojaati mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan blogerning o‘zi ko‘rinmayotir.

Aytilishicha, bloger shu kunda Toshkentda va shov-shuvli murojaati ortidan o‘tgan brifinglarda ishtirok etgan. Uning asosan militsiya haqidagi videoroliklar va suratlar chop qiladigan sahifasi esa yopiq qolayotgani aytilmoqda.

Tarmoqda pul ishlaganlar soliq to‘laydi

12 iyun kuni Davlat soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlardagi kanali, sahifalarida reklama berib, pul ishlaganlar soliq to‘lashi shart ekanini eslatdi.

Shu yo‘l bilan pul topayotgan blogerlardan darhol yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish so‘raldi.

Aks holda, reklama berib pul ishlayotgan shaxslarning telefoni, kompyuter yoki planshetlari olib qo‘yilishidan ogohlantirildi.

Qonunda blogerlik tushunchasi yo‘q

Ayni paytda O‘zbekiston qonunchiligida bloger degan tushunchaning o‘zi yo‘q ekani, bu holatda faoliyatning ushbu turi uchun soliq qay asosda joriy etilayotgani haqidagi savollar o‘rtaga chiqdi.

Xususan, 12 iyun kungi brifingda bu savolni o‘rtaga tashlagan jurnalistga javoban soliq qo‘mitasi hozircha faoliyat turi emas, balki xizmat turiga soliq solinayotganini ta’kidladi.

“To‘g‘ri, qonunda blogerlik degan tushuncha yo‘q. Blogerlik faoliyat turi emas, bunga qonunchilikda ta’rif berilmagan. Lekin siz kimdandir pul olib, xizmat ko‘rsatayapsizku. Bu xizmat ko‘rsatish evaziga haq olish hisoblanadi. Va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq holat sifatida qayd etiladi. Qonunda blogerlik tushunchasi mavjud bo‘lmasa-da, xizmat ko‘rsatish degan tushuncha bor”, deya Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aydos Qoshanovdan iqtibos keltiradi Daryo.uz nashri.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda Soliq kodeksiga elektron tijorat sohasida soliq joriy qilish bo‘yicha o‘zgartishlar ustida ish bormoqda. Yangi tahrirdagi kodeks tez orada jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi aytildi.

XS
SM
MD
LG