Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:41

Pop dehqon bozoridagi g‘alayonda hushidan ketgan yoymachi ayol shifoxonaga yotqizildi


Ozodlikka yuborilgan videoda yerda hushsiz yotgan ayolga shifokorlar birinchi yordam berayotganini ko‘rish mumkin.
Ozodlikka yuborilgan videoda yerda hushsiz yotgan ayolga shifokorlar birinchi yordam berayotganini ko‘rish mumkin.

Namangan viloyati Pop tumani Dehqon bozorida savdogarlar va tuman hokimligi vakillari o‘rtasida 19 iyun kun yuz bergan to‘qnashuvda "miyasi chayqalgan" yoymachi ayol shifoxonaga yotqizilgan.

Bozordagi ko‘katfurush ayolning iddao qilishicha, janjal payti hokimlik xodimi tomonidan itarib yuborlgan ayol yerga yiqilib, hushidan ketgan.

Ammo, Pop tumani hokimligi rasmiysi bu holatni buzilishga tushgan bozordan ketishni xohlamayotgan yoymachilarning "shantaj maqsadida uyushtirgan sahna ko‘rinishi" deb atadi.

"... hammasi qochib ketdi"

Ozodlikka 19 iyun kuni yuborilgan videoda shifokorlarning yerda hushsiz yotgan ayolga ilk yordam berayotganini ko‘rish mumkin.

Hodisa guvohlarining Ozodlikka aytishicha, g‘alayon sotuvchilarning bozordan ularni chiqarib yuborishga kelgan hokimiyat vakillariga qarshilik qilishlari ortidan boshlangan.

Pop dehqon bozorida ko‘kat sotuvchi ayolning iddao qilishicha, janjal payti hokimlik mulozimlaridan biri ko‘kat sotuvchi savdogar ayolni itarib yuborgan va ayol yerga yiqilib, hushidan ketgan.

Hodisadan ko‘p o‘tmay uni shifokorlar tez tibbiy yordam mashinasida tuman shifoxonasiga olib ketgan.

- Hokimlikdan kelib bozor darvozasini qulflab qo‘ydi. Malohat degan ko‘katchi ayol "darvozani och", deb borganida, hokimlik amaldori ayolni "qanjiq", deb haqoratlab, zarb bilan ko‘ksidan itarib yubordi. Orqa tomonda edik, yetib kelsak, qiz behush yotibdi, hamma dod-voy qilib qoldi. Militsiya, soliq, hokimlik rasmiylari hammasi qochib ketdi, - deb iddao qiladi poplik yoymachilardan biri.

Ozodlik hozirda Pop tumani kasalxonasi travmatologiya bo‘limida davolanayotgan ayolning 33 yoshli ko‘katfurush Malohat Usmonova ekanini aniqladi.

Malohat Usmonovaning o‘zi esa Ozodlik bilan suhbatda hushiga bozor darvozasi yonida kelganini esladi:

- Darvozani u yog‘ida turuvdim. Hokimlik mulozimiga qarab "bozorni buzguncha - aholida suv yo‘q - suvlarni ta’minlasalaring bo‘lmaydimi," dedim. Haligi odam "san qanjiq o‘chir ovozingni" dedi. "Nimaga qanjiq deysan", deb oldiga borganimni eslayman, itarib yubordi. Hushimdan ketib yiqildim. O‘zimga kelganimda darvozani tagida yotibman, - deydi Malohat Usmonova.

Lekin u bo‘lib o‘tgan hodisa haqida militsiyaga shikoyat qilmaganini aytdi.

- Qo‘rqaman, chunki militsiya ham ular tomonida-da, militsiya ham ko‘rdiku, ko‘rib hammasi qochib ketdi, - dedi Usmonova.

Tuman shifoxonasi xodimlari Ozodlikka Usmonovaga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilganini bildirishdi.

"Shantaj"

Ozodlik savdogar ayol iddaosi yuzasidan izoh olish uchun Pop tumani hokimiyatiga bog‘landi.

Hokimlik rasmiysi bu holatni bozordan ketishni xohlamayotgan yoymachilarning "shantaj maqsadida uyushtirgan saxna ko‘rinishi" deb atadi.

"U ayol va hokimlik rasmiylari o‘rtasida hech qanaqa kontakt bo‘lgani yo‘q. Ayolni o‘zi tashlab, yiqilib tushyapti. Shantaj maqsadida qilinyapti-da bu", - dedi hokimlik mulozimi.

Pop tumani hokimligi mulozimi​ bozor buzilishini sharhlar ekan, Dehqon bozori o‘rnida yangi zamonaviy turar joy binolari qurilishini aytdi.

Unga ko‘ra, savdogarlarga boshqa joydan "hozirgi kun talabiga javob beradigan savdo rastalari" qurib berilgandi.

- Shaharni boshqa qismidan chiroyli rastalarni qurib berganmiz, lekin u yerga borib savdo qilishni xohlashmayapti. Ularga hech kim savdo qilma, deyayotgani yo‘q. Lekin, qonun bor, tartib bor, shunga amal qilishlari kerak, biz qonun doirasida harakat qilyapmiz, - deydi hokimlik mulozimi.

Lekin, Ozodlik suhbatlashgan yoymachi savdogarlar savdo majmuasida ijara narxlari va tadbirkorlikka qo‘yilgan soliqlar yuqori bo‘lishidan xavotirda ekanini aytdi.

Ayrim yoymachilar hozir ham Pop dehqon bozorini ishg‘ol qilib, bozor hududini tark etishga qarshilik qilmoqdalar.

Uch yuzga yaqin savdogar hozir ham shu yerda yotib qolyapmiz. Bizga bir yarim kvadrat metrlik rasta uchun kuniga 5 ming so‘m talab qiladigan xususiy bozor kerak emas. Dehqon bozorimizni joyida qoldirsa bo‘ldi, buzilgan rastalarini ham o‘zimiz tiklab olamiz, bozorimizga tegishmasin”, - deydi namanganlik savdogar ayol.

O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoevning "2017-2019 yillarda dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga asosan bozorlar qayta rekonstruksiya qilinmoqda.

Buza-buzlar boshqa bozorlarida ham savdogarlarning keskin noroziligi fonida kechgan.

XS
SM
MD
LG