Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:47

Manbalar: Otabek Murodov hibsga olinishi ortidan Bosh prokuraturada yangi "tozalash" boshlandi


O‘zbekistonning sobiq uch Bosh prokurori - Rashitjon Qodirov¸ Ixtiyor Abdullaev va Otabek Murodovlarning uchalasi ham bugun qamoqda.
O‘zbekistonning sobiq uch Bosh prokurori - Rashitjon Qodirov¸ Ixtiyor Abdullaev va Otabek Murodovlarning uchalasi ham bugun qamoqda.

Otabek Murodov 20 iyun kuni prezident farmoni bilan O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimidan olingani ortidan tizimdagi o‘nlab yuqori lavozimli mulozim ishdan olingan.

Bu mulozimlarning ko‘pchiligi¸ guvoh yoki jinoyat ishi figuranti sifatida so‘roq qilinmoqda. Hibsda qolayotgan Otabek Murodov esa¸ jarayonga yaqin rasmiyning aytishicha¸ advokat bilan uchrashtirilmayapti.

O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlaridagi bir-biridan mustaqil ikkita mulozim iddaosiga ko‘ra¸ sobiq Bosh prokurorga yaqin bo‘lgan prokuratura xodimlaridan kattagina qismi ishdan olingan. Ulardan o‘nga yaqini jinoyat ishi figuranti sifatida tergovga tortilgan.

Borayotgan tergov¸ shuningdek kadrlar almashinuviga oid matbuotga ma’lumot berish vakolati yo‘qligi bois¸ bu mulozimlar shaxsi sir qolishini so‘radi.

Ozodlik gaplashgan huquq tizimi rasmiysiga ko‘ra¸ viloyat prokurorlarining 70 foizidan ishdan ketish haqida ariza olingan va bu arizalar qondirilgan. Hozircha bu ma’lumot Bosh prokuratura tomonidan rasman tasdiqlanmadi.

Ozodlik gaplashgan bu mulozimlar ishdan chetlashtirilgan prokuratura xodimlari o‘z sobiq rahbari Murodov ustidan ko‘rsatma yozib berishganini bildirdi. Suhbatdosh iddaosicha¸ bu xodimlar o‘z ko‘rsatmasida Bosh prokurorga katta summada pora berishga majburlanganini yozib bergan.

Prokuraturadagi kadr o‘zgarishlardan xabardor mulozim Ozodlikka Otabek Murodov qamalishi ortidan lavozimidan ajragan amaldorlar ro‘yxatini taqdim qildi.

Bu ro‘yxatda Bosh prokuraturaning Ichki ishlar vazirligi organlaridagi qonunlar ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Toshtemirov¸ Qoraqalpog‘iston prokurori Xidir Karimov¸ Bosh prokuratura Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Mirsafoev nomlari bor.

Ozodlikka taqdim etilgan ma’lumotlarda shuningdek¸ Ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasi¸ Sud qarorlarini ijro etishda va qamoqqa olinganlarni saqlashda qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat boshqarmasi¸ Qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniylikni ta’minlash va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlarini himoya qilish bo‘limi¸ Jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi rahbarlarining lavozimidan olingani aytiladi

Bosh prokuraturada boshlangan yangi tozalash to‘lqinidan xabardor ikkinchi Toshkent mulozimi¸ aksariyat boshqarma va bo‘lim rahbarlari¸ shuningdek viloyat prokurorlarining ishdan ketishini tasdiqladi.

Ozodlik hozircha bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlatishga muvaffaq bo‘la olmadi.

Ikki sobiq Bosh prokuror - Rashitjon Qodirov va Ixtiër Abdullaevlar qamoqqa olinib¸ ular korrupsiya va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblangani ortidan¸ prokuratura tizimida tozalash jarayoni boshlangan edi.

Bosh prokuratura joriy yilning apreliga qadar¸ “so‘nggi bir yil ichida tizimdagi barcha rahbarlik lavozimlarining 66 foizga yangilangani¸ 2016-2019 yillar ichida esa rahbar kadrlarni yangilashning 97 foizni tashkil etgani”ni ma’lum qilgan edi.

Ko‘rsatma berilayotgan Otabek Murodov qaerda?

Ozodlik gaplashgan huquq tizimi mulozimlari hibsda saqlanayotgan Otabek Murodovning aynan qaerda ekani haqida aniq ma’lumotga ega emasliklarini bildirdi.

Mulozimlardan biri¸ Murodovning sobiq MXX binosi yerto‘lasidan maxsus qo‘riqlanadigan boshqa ob’ektga ko‘chirilganini aytdi.

"Murodovning vaziyati Qodirovnikiga o‘xshash. Uning oldiga advokat kiritilmayapti. Uning yaqinlariga ham Murodovni qamoqqa olish haqidagi qaror taqdim etilmagan"¸ dedi jarayonga yaqin mulozim.

Otabek Murodovning Ozodlik gaplashgan yaqinlariga ko‘ra¸ uning "sud tizimida ishlagan onasi Dilbar opa Shahrisabzdan Toshkentga kelib adolat talab qilgan".

20 iyun kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi binosida prokuratura rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan majlisda mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov va prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov vazifasidan bo‘shatilgan bosh prokuror Otabek Murodovni 3- darajali adliya davlat maslahatchisi rutbasi va barcha davlat mukofotlaridan mahrum etgan edi.

Prokuratura binosida bo‘lib o‘tgan majlisda ishtirok etgan prokuratura xodimlarining Ozodlikka ma’lum qilishicha , 44 yashar Otabek Murodov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210- moddasi (Pora olish) va 211-moddasi (Pora berish) da ayblanmoqda.

21 iyun kuni O‘zbekiston Senatining 20-yalpi majlisida chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoev Otabek Murodovga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgan edi.

Beshinchi Bosh prokurorning qamoqdagi besh kuni

2018 yilning 31 yanvarida Otabek Murodov O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori etib tayinlangan edi. Murodov mustaqil O‘zbekiston tarixidagi beshinchi va eng yosh Bosh prokuror bo‘ldi. Bungacha ushbu lavozimda Bo‘ritosh Mustafoev, Usmon Xudoyqulov, Rashitjon Qodirov va Ixtiyor Abdullaev faoliyat ko‘rsatgan.

Otabek Murodovning ismi sir qolishni istagan hamkasblaridan biri¸ “uchinchi va to‘rtinchilar beshinchini ham qamoqqa tortib ketgani”ni aytadi.

- Murodovning qamalishini¸ undan oldin hibs qilingan ikki sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov, Ixtiyor Abdullaev jinoyat ishi bilan bir kupeda ekanini ta’kidlash lozim. Murodov Ixtiyor Abdullaevning yaqin hamkori sifatida istalmagan shaxsga aylandi. Ayni paytda Murodovning sobiq Bosh prokuror Qodirovni qamoqdan ozod qilish borasidagi taklifi tepaga yoqmadi¸ deydi suhbatdosh.

Mulozim iddaosiga ko‘ra¸ “Otabek Murodovning o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni tan olishi uchun Mustaqillik maydonidagi sobiq SNB yerto‘lasida besh kunlik tergov kifoya qilgan”.

Ayni paytda bu iddaoning rasmiy tasdig‘i Ozodlikda yo‘q.

43 yoshida Respublika Bosh prokurori bo‘lgan Murodov kim edi?

Otabek Murodovning shahrisabzlik qarindoshi Ozodlik bilan suhbatda “u sofdil va halol odam edi¸ shu sifatlarini xalqqa yetkazing“¸ deya zorlandi.

Uni yaqindan bilgan mulozimning aytishicha¸ Murodov o‘zbek, rus va ingliz tilida birdek so‘zlasha olgan:

- Murodovda prokurorcha do‘q-po‘pisadan ko‘ra¸ diplomatik mahorat va insoniy joziba ustuvor edi. Hokim oilasida yo‘qchilik ko‘rmay o‘sgan boy yigit. Otasi bir muddat Yakkabog‘ tumani hokimi bo‘lib, so‘ng Muborak gazni qayta ishlash korxonasida o‘rinbosar lavozimida ishlagan. Onasi esa 20 yil Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi bo‘lib ishlagan.

Murodovni shaxsan tanigan suhbatdoshga ko‘ra¸ Murodovning otasi Baxriddin Murodov O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan Qashqadaryoda birga ishlab¸ yaqin bo‘lib qolgan:

- Marhum Islom Abdug‘anievich Otabekka do‘stining o‘g‘li sifatida mehr ko‘rsatdi. 1997 yili Yurfakni bitirgan yoshgina Otabek Bosh prokuraturaning jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi lavozimiga tayinlandi. Albatta¸ o‘z navbatida¸ Bosh prokuror Rashitjon Qodirovning e’tiborini qozondi. Bugun unga o‘z sobiq rahbarlari bilan yaqinlik ham ayb sifatida qo‘yilmoqda.

Birinchi zarba

Ozodlik suhbatdoshlarining aytishicha¸ Qashqadaryo elitasiga mansub bo‘lgan Murodovlar oilasining dushmanlari ham ko‘p bo‘lgan:

- Prezidentning e’tiboriga tushgan oila edi bu. Murodovning akasi Ulug‘bek Qashqadaryo viloyati sobiq hokimi Ozod Farmonovning kuyovi edi. Uning ham mansabdan ko‘tarilishi kutilayotgan edi. Ammo Ulug‘bek Kitob dovonida o‘ta sirli tarzda yuz bergan avtomobil halokatiga uchrab¸ olamdan o‘tdi. Kriminalistikani o‘qigan Otabek buning suiqasd ekanini bildi¸ ammo hech narsa qila olmadi. Bu Otabek yo‘liqqan ilk zarba edi¸ deya eslaydi suhbatdosh.

Bu zarbadan keyin¸ Murodovni bilganlarga ko‘ra¸ uning ehtiyotkor bo‘lib qolgani kuzatilgan.

“Murodov Prezident devonida yetakchi konsultant, bosh konsultant bo‘lib ishlaganida Adliya vaziri o‘rinbosari, davlat maslahatchisi bo‘lgan davrlarida ham uni ehtiyotkorlik tark etmadi”¸ deydi suhbatdosh.

Murodov yangi prezident Shavkat Mirziyoevning nazariga tushdi. 2017 yilning 1 martida prezident Murodovning vakolatini yanada kengaytirib, siyosiy yo‘nalishlarni ham qo‘shib berdi va prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi etib tayinladi.

Otabek Murodov mansab zinalaridan yuqoriga ko‘tarilaverdi. Bu esa, suhbatdosh nazarida¸ xatarli edi:

- Bir ertak borku¸ bitta odam qanot yasab quyoshga yaqinlashganda¸ kuyib o‘ladi. Otabek ham prezidentga yaqinligi bois kuyib ketdi¸ deydi suhbatdosh.

Ishdan olinishidan olti oy muqaddam Otabek Murodov prezident Shavkat Mirziyoevning keskin tanqidiga uchradi.

Ey prokuror, eshit¸ agar jinoyat kamaymasa, Boysunga prokuror qilib yuboraman. Yurasan surgunda."

Bu gapni prezident Mirziyoev shu yilning 10 yanvarida Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan selektor yig‘ilishida jinoyatlar soni ko‘payganidan norozi bo‘lib aytgandi.

Murodovga navbatdagi zarba 26 fevral kuni yuz berdi. O‘g‘lining mansab zinalaridan ko‘tarilishini ta’minlab kelgan Bahriddin Murodov olamdan o‘tdi.

Ozodlik gaplashgan mulozimlarning mushtarak fikriga ko‘ra¸ aynan shu janoza bois Murodovning ishdan olinishi kechikkan.

Joriy yil 22 fevralida ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan “Qo‘g‘irchoqbozlar soyasida” degan maqolaning ismsiz muallifi “50 ming dollar pora oladigan kashalot Otabek Murodov qamalishiga oz qolganini” yozib chiqdi.

Bu maqolaga ko‘pchilik jiddiy qaramadi. Ammo oradan 4 oy o‘tib 21 iyun kungi Senat yig‘ilishida nutq qilgan Mirziyoev ayni maqolada keltirilganidek - Murodovni 50 ming dollar pora olishda aybladi.

Rasman 20 iyun kuni ishdan olingan Murodov o‘rniga Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev O‘zbekiston Bosh prokurori etib tayinlandi.

Shu tariqa O‘zbekistonning beshinchi Bosh prokurori Otabek Murodovning yo‘li qayrildi.

Men unga ishonch bildirgan edim¸ ishonchimni oqlamadi”¸ dedi prezident.

Ozodlikning huquq tizimidagi manbalarning aytishicha, Bosh prokuraturani isloh qilish¸ Nig‘matilla Yo‘ldoshevga undan bu tizimda qanday o‘zgarish qilish kutilayotganini obdon tushuntirish vazifasi Bosh vazirning 1-o‘rinbosari¸ Transport vaziri Ochilboy Ramatovga topshirilgan.

O‘zbekiston Respublikasining "Prokuratura to‘g‘risida"gi qonunining 6-moddasiga ko‘ra¸ "Prokuratura faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi nazoratida bo‘ladi va prokuraturaning qonunlar ijro etilishini nazorat qilish, jinoiy ishlarni tergov qilish, shikoyatlar, arizalar va xabarlarni tekshirish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish borasidagi faoliyatiga davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining hamda ular vakillarining, shuningdek mansabdor shaxslarning aralashishi ta’qiqlanadi".

XS
SM
MD
LG