Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:49

Xorazmda mahalla raislari hokimlik tashkil etgan yozgi oromgohga bola topishga jalb etildi


O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda mamlakat bo‘ylab 1067 ta bolalar oromgohi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda mamlakat bo‘ylab 1067 ta bolalar oromgohi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 

Xorazmning Shovot tumanida mahalla raislari tuman hokimligi tashkil etgan yozgi oromgohga bola topishga jalb etildi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan shovotlik mahalla raisiga ko‘ra, tuman hokimligi rasmiylari unga “bola topmasang lager pulini cho‘ntagingdan to‘laysan yoki homiy topasan”, deb aytishgan.

Gap Shovot tumanidagi 8-son Maishiy xizmat kasb-hunar kolleji binosida tuman hokimligi tashkil etgan “Tong” bolalar yozgi oromgohi haqida ketyapti.

Ushbu oromgohda bir bolaning 12 kun dam olishi, yeyish-ichishi bilan birga qo‘shib hisoblaganda, 332 277 so‘m turadi.

Lekin, shovotlik mahalla raisining aytishicha, bu pulga bolasini lagerga junatishga qurbi yetadigan oilani topish qiyin bo‘lyapti:

- Odamlarga qimmatlik qilyapti. Puli borlar esa bolasini kollej binosida nomiga tashkil etilgan lagerga yuborishni ep ko‘rmayapti. "Ozgina qo‘shib Toshkentga jo‘nataman" deydi. Hokimlikdagilarga shunday desak "homiy top, bo‘lmasa cho‘ntagingdan to‘la" deydi. Butun tumanda hozir mahalla raislari uyma-uy yurib lagerga bola yoki homiy qidirish bilan band.

Shovotdagi "Tong" yozgi oromgohiga yo‘llanmalar.
Shovotdagi "Tong" yozgi oromgohiga yo‘llanmalar.

“Mahalla” jamg‘armasining Shovot tuman bo‘limi raisi Ilhom Hajiev mahalla raislariga lager uchun bola topish aytilgani, lekin bu majburiy emasligini aytarkan, bunday dedi:.

- Har bir mahalla hech bo‘lmaganda bir bolani shu lagerga yuborsin deyapmiz. Kerak bo‘lsa homiy topsin, ularning puliga kam ta’minlangan bolalarni topib jo‘natsin, deyapmiz. Kambag‘alning bolasi ham lagerda dam olishi kerakku. Men yashaydigan mahallada 700-800 xo‘jalik bo‘lsa, shu yerdan 10 ta bolani topsa bo‘ladiku, homiy ham topsa bo‘ladi. Birinchi smenaga 115ta bola topib, shu lagerga jo‘natdik. Bolalarni hursand qilish hammamizning burchimizku. 330 ming so‘m 6 kilo go‘shtning puli. Shu pulga bola lagerga borib, ikki hafta o‘ynab keladi, bir narsalarni o‘rganadi, faqat ovqat yeyish yoki dam olish emas u yerda. Bilim oladi. Shuni ota-onalarga tushintirib bilish kerak.

Shovot tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha muovini Muhiddin Quronboev ham lagerga bola jalb etishga hech kim majburlanmaganini aytdi.

- Ixtiyoriyku bu! Bolalar yozda uyda o‘tirmasin, ko‘cha changitib, bekor yurmasin, lagerga borsin deyapmiz, lekin ixtiyoriy bu.

Muhiddin Quronboev tuman hokimligi tashkil etgan "Tong" lageriga bola to‘plash bilan bog‘liq muammo yo‘qligini ham qo‘shimcha qildi.

O‘zbekistondagi har yili 300 ming nafardan ortiq bola yozgi ta’tilni oromgohlarda o‘tkazadi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda mamlakat bo‘ylab 1067 ta bolalar oromgohi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonda o​romgohlarga yo‘llanmalar kasaba uyushmalari, xo‘jalik organlari va ota-onalarning mablag‘i hisobidan qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 martdagi “Bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 67-sonli qarori va “Respublika oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish konsepsiyasi” asosida respublikada kam ta’minlanadigan oilalar bolalariga yozgi oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.

XS
SM
MD
LG