Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:34

Samarqandda 9 yoshli bola quturish belgilari bilan o‘lgach, uy hayvonlarini ommaviy emlash boshlandi


Samarqand tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limi rasmiylari aholidan uyda saqlanayotgan it, mushuklarni veterinar vrachlarga ko‘rsatishni tavsiya etmoqda.
Samarqand tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limi rasmiylari aholidan uyda saqlanayotgan it, mushuklarni veterinar vrachlarga ko‘rsatishni tavsiya etmoqda.

Samarqand viloyat, Samarqand tuman, Ravonak qishlog‘ida 3 iyulь kuni 9 yoshli bola quturish kasalligi belgilari bilan vafot etgach, tumanda uy hayvonlari, jumladan, it va mushuklarni quturishga qarshi ommaviy emlash boshlandi.

Ravonak qishlog‘i mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, bir oy avval 9 yoshli bolani it tirnagan, lekin ota-onasi e’tibor bermagan.

22 iyun kuni bola kasallanib, isitmasi chiqqan va quturish belgilari bilan Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

3 iyul kuni esa bola hayotdan ko‘z yumgan.

- Bir oycha oldin bolani it tirnagan. Keyin bolani isitmasi chiqib, og‘zidan qon kelib, infeksionniyga yotqizishgandi. Kecha bola olamdan o‘tdi, bugun janozasi o‘qildi, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan Ravonak qishlog‘i mahalla faoli.

Samarqand viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi vrachlari quturishdan o‘lgan deb tahmin qilinayotgan bolaning laboratoriya analizlari Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutiga jo‘natilganini aytishdi.

- Ikki haftada analizlari chiqadi. Shungacha hech narsa aytolmaymiz, - dedi shifoxona vrachlaridan biri.

Lekin Samarqand tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorati hamda Veterinariya vrachlari quturishga qarshi ommaviy emlashni boshlab yuborganlar.

Tumanda daydi itlar ushlanib, qafasga solinmoqda.

- Hozir tumanda it ushlaydiganlar, veterinariya, sanepidstansiya, hammasi oyoqqa turgan. Ellik kishi ishlayapti hozir, qo‘shni tumanlardan ham veterinar vrachlar Ravonak qishlog‘iga tashlandi, - dedi Ozodlik suhbatlashgan Ravonak qishlog‘i mahalla faollaridan biri.

Samarqand tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limi rasmiylari aholidan uyda saqlanayotgan it, mushuklarni veterinar vrachlarga ko‘rsatishni tavsiya etmoqda.

Tuman sanepidstansiya bosh vrachi Obro‘y Boyqobilovning Ozodlikka aytishicha, Ravonak qishlog‘idagi jami 210 ta xonadonning hammasi tekshirilib, it-mushuklari va boshqa uy hayvonlari emlanmoqda.

- Hamma uy jonzotlari emlanmagan bo‘lsa emlanyapti, odamlarga quturish kasalligidan extiyot bo‘lish choralari tushuntirilyapti. Meni o‘zim ham uyma-uy yuryapman, - dedi Boyqobilov.

Ob-havoning isishi bilan odamlar va hayvonlar orasidagi har-xil yuqumli kasalliklarning tarqalishi yanada ortadi.

Ushbu kasalliklar orasida eng xavflisi bu quturish kasalligidir.

Mutaxassislarga ko‘ra, quturish kasalligi odamga asosan quturgan hayvonlarning tishlashi, tirnashi oqibatida so‘laklari orqali yuqadi.

Virus odamga jarohatlangan teri va shilliq qavatiga (og‘zi, ko‘zi, burni) quturgan hayvon so‘lagi tushishi orqali o‘tishi mumkin.

Quturish virusi odam organizmiga tushgandan keyin kasallik birdaniga boshlanmaydi.

Dastlab virus periferik asablar atrofida bo‘ladigan perineval suyuqlik oqimi bilan orqa va bosh miyaga yetib boradi va miya to‘qimasida ko‘paya boshlaydi hamda chuqur o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘ladi.

Kasallikning yashirin davri bir haftadan bir yilgacha, ba’zida undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Tana harorati ko‘tarilishi, yurak urishi tezlashishi, suvni ko‘rganda, hatto suv to‘g‘risida eshitganda talvasaga tushishi kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi.

- Gidrofobiya, ya’ni suvdan qo‘rqish va isitma chiqishi Ravonak qishlog‘ida o‘lgan to‘qqiz yoshli bolada ham bo‘lgan ekan-da, hozir bu tekshirilyapti, - dedi tuman sanepidstansiya bosh vrachi Obro‘y Boyqobilov.

Vrachlar, jumladan Boyqobilov ham hayvonlardan jarohatlangan holatda zudlik bilan mutaxassis shifokorga murojaat qilish va quturishga qarshi o‘z vaqtida emlanishni tavsiya etdi.

XS
SM
MD
LG