Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:37

OzodTa'sir: Toshkent moliya instituti bitiruvchilarining olib qo‘yilgan diplomlari qaytarib berildi


Toshkent moliya instituti diplomi
Toshkent moliya instituti diplomi

Toshkent Moliya institutida 10 iyul kuni o‘tkazilgan diplom topshirish marosimini televidenie tasvirga olib bo‘lganidan so‘ng, bitiruvchilarga berilgan diplomlar yana qaytarib olingani haqidagi Ozodlik xabaridan so‘ng, 12 iyul kuni egalariga topshirilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan bitiruvchilarga ko‘ra, 12 iyul kuni murojaat qilganlarning hammasiga diplom berilgan.

"Sizlarga katta rahmat. Bugun diplomlarini so‘rab borgan hamma talabalarga diplomini, grant asosida o‘qiganlarga esa diplomdan "ko‘chirma" ham berishdi. Hamma bitiruvchilar xursand, hamma bayram qilyapti", deb yozdi institut bitiruvchilaridan biri.

Toshkent moliya instituti diplomidan ko‘chirma
Toshkent moliya instituti diplomidan ko‘chirma

11 iyul kuni Ozodlikka murojaat qilgan bitiruvchilar diplom topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim televidenie suratga olib bo‘lganidan so‘ng, barcha diplomlar qaytarib olingani haqida shikoyat qilgan edilar:

“Kecha kurs sardori telefon qilib, diplomlar tayyor bo‘libdi, kelinglar¸ deganidan keyin bordik. Zo‘r tantana bo‘ldi. Rektorimiz Ulug‘bek Azizov shaxsan o‘zlari hammamizni tabriklab¸ diplomlarni topshirdi. Televidenie rosa tasvirga tushirdi. Hammamiz xursand bo‘ldik. Televidenie ketganidan so‘ng hammamizni bir xonaga yig‘ilishimizni so‘rashdi. Yana biror gaplari bo‘lsa kerak, deb kirdik. Rektorimiz bu marosim TV uchun edi, diplomlar hali tayyor emas, bir oy ichida tayyor bo‘ladi, qaytarib topshiringlar, dedi. Tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushib, diplomlarni topshirib ketdik”¸ degan edi Ozodlikka bitiruvchilardan biri.

Ozodlik bilan suhbatlashgan rektor yordamchisi taqdirlash marosimining televidenie uchun shou sifatida o‘tkazilganini inkor qilgan va diplomlarda muhr yetishmaganligi uchun qaytarib olinganini tasdiqlagan edi.

Oliygoh rasmiy saytiga ko‘ra¸ joriy o‘quv yilida Toshkent Moliya institutining 12 ta bakalavr bosqichi yo‘nalishini 894 nafar, 13 ta magistratura mutaxassisligini esa 205 nafar talaba tamomlagan.

XS
SM
MD
LG