Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:38

Uch oy maoshsiz qolgan "Ohangaronshifer" ishchilari zavod darvozasini svarkalab¸ norozilik bildirdi (VIDEO)


"Ohangaronshifer" ishchilari noroziligi
"Ohangaronshifer" ishchilari noroziligi

“Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyatining o‘nlab ishchisi 19 iyul kuni zavod darvozasini payvandlab qo‘yib, zavod direktori va yuk mashinalarining kirish-chiqishini to‘sib qo‘ydi.

Ishchilar may oyidan beri maoshsiz ishlashayotganiga shu tariqa norozilik bildirdi.

To‘rt soat davom etgan bu tadbirda bevosita qatnashganlarning Ozodlikka aytishicha¸ voqea joyiga yetib kelgan shahar hokimi va prokuror ish haqi darhol to‘lanishini va’da qilganidan keyingina norozilar zavod darvozasini ochgan.

Oradan besh kun o‘tib ham bu va’da bajarilmaganidan toqati toq bo‘lgan ishchilar¸ 23 iyul kuni Ozodlikka murojaat qildi.

“Ohangaronshifer” AJning 54 foiz aksiyasi egasi bo‘lgan O‘zbekiston davlat aktivlari boshqarish markazi rasmiysi Ozodlikka ishchilar oyligining qachon berilishi haqida aniq gap aytmadi.

“Ohangaronshifer” AJning 50 dan ortiq ishchisi 19 iyul kuni zavod darvozasini payvandlab yopib, may oyidan beri to‘lanmagan ish haqlari zudlik bilan berilishini talab qildi.

Ozodlikka voqea joyidan video yuborgan ishchilardan birining aytishicha, uch oydan beri maoshsiz ishlash oqibatida o‘zlari tushib qolgan nochor vaziyat ularni shunday choraga qo‘l urishga majbur qilgan.

“19 iyulь kuni ham ertalab direktorning oldiga borib, qariyb uch oydan buyon maoshsiz ishlayotganimizni, qiynalib ketganimizni aytdik. U shu bugun soat 4 gacha tushirib beraman, deb va’da berdi. Lekin yana aldadi. Ishchilar bundan darg‘azab bo‘lib, darvoza oldida to‘plana boshladi. Ishdan chiqqan 50dan ortiq odam bor edi. Ishchilar bo‘lmasa, zavodga bitta moshin kirmaydi ham, chiqmaydi ham deb, darvozani ikki tomonidan svarkalab tashlashdi”.

Norozilik aksiyasida ishtirok etgan boshqa ishchining aytishicha, ishchilar zavod direktori mashinasining kalitini ham olib qo‘yishgan.

“Pichoq borib suyakka yetdi. Qariyb uch oy faqat maoshga kuni qolgan oilaning ahvoli nima kechishini bilasizmi? O‘sha kuni zavod direktori ham mast holatda keldi. Buni ko‘rib ishchilarning battar g‘azabi qo‘zg‘adi. Haydovchisidan mashina kalitini tortib olishdi”.

Ozodlikka yuborilgan videoda zavod hududiga kirmoqchi bo‘lgan zavod direktori avtomobilining kaliti tortib olingani aks etgan.

"Оҳангароншифер" заводида ишчилар уч ойдан буён маошсиз ишлаётганига норозилик билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:07 0:00

Ozodlik gaplashgan ishchilardan biri, shundan so‘ng voqea joyiga shahar hokimi va prokurori chaqirtirilganini aytadi.

“Birpasdan keyin hokim bilan prokuror yetib keldi. Hokim ishchilarning dardini diqqat bilan eshitdi. Zavod direktoriga dushanbagacha bularning oyligini topib ber, deb qattiq topshiriq berdi. Keyin ishchilar tinchib, darvozalarga svarkalangan to‘siqlarni kesib olib tashlashdi. Lekin bugun seshanba bo‘lsa ham oylikdan darak yo‘q. Zavod ham yakshanba kuni tushdan keyin ishdan to‘xtadi. Nega to‘xtatishganini biz bilmaymiz”.

"Ohangaronshifer" AJ
"Ohangaronshifer" AJ

​Zavod direktori Jahongir Sultonovning telefoni kun davomida o‘chirilgani bois, u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi. Korxona rahbariyatining ish telefonlariga esa hech kim javob bermadi.

“Ohangaronshifer”ning 54 foiz aksiyasiga egalik qilish huquqini yaqinda qo‘lga kiritgan O‘zbekiston davlat aktivlarini boshqarish agentligining bo‘lim boshlig‘i Shavkat Mamatov Ozodlikka mazkur holatdan xabari borligini aytdi.

“Ijroiya organning vakolatlari “Mega Golden Hous” MChJ qo‘shma korxonasi ishonchli boshqaruvga berilgan. Ishchilarning ish haqlarini ta’minlab berish bo‘yicha, ular dushanba yoki seshanba kuni berishga va’da qilishgan edi. Bugun iyun oyining ish haqlari plastik kartochkalarga tushirib beriladi¸ deb va’da qilib turishibdi. Agar MChJ tomonidan bajarilishi bo‘lgan ishlar bajarilmagan taqdirda maxsus audit tekshiruv o‘tkazilib, uning xulosalarini bizning agentlik tomonidan ko‘rib chiqiladi va bu masalani hal qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi”.

Seshanba kuni Toshkent vaqti bilan kechki soat 7 da Ozodlik qayta bog‘langan zavod ishchilari¸ 23 iyulda ham o‘z hisoblariga umuman pul o‘tkazilmaganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG