Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:33

O‘zbek migrantlari: Rossiyaga avtobusda borish samolyotdan qimmatga tushayapti


Rossiyaga avtobus va yengil avtomashinalarda ketayotgan o‘zbek muhojirlari haydovchilar yulg‘ichligidan shikoyat qildi. Ularning Ozodlikka aytishicha, avtobus kirasi “samolyot narxi”dan ham oshib ketmoqda.

O‘zbekiston Transport vazirligi mulozimi qo‘shni davlatlarga yo‘lovchi tashish bilan xususiy shirkatlar va shaxslar shug‘ullanishini, shuning uchun yo‘l kira hajmini belgilashga vazirlikning aloqasi yo‘qligini bildirdi.

"Rossiyaga avtobusda samolyot narxida yetib bordik!"

Ozodlikka murojaat qilgan 38 yashar andijonlik Farhodning aytishicha, uning cho‘ntagini Rossiyaga borguncha "avtobus mafiyasi shilgan".

Farhodning aytishicha¸ samolyot bileti qimmat bo‘lgani bois, 8 hamqishlog‘i bilan birga 26 iyul kuni Moskvaga avtobusda ketishga qaror qilgan.

Andijonlik muhojirlarni Qozog‘iston orqali olib ketgan mikroavtobus
Andijonlik muhojirlarni Qozog‘iston orqali olib ketgan mikroavtobus

Farhod Andijonning "har bir simyog‘ochidan topsa bo‘ladigan" e’lonlardan birida ko‘rsatilgan telefonga qo‘ng‘iroq qilib, Husniddin ismli yigit bilan bog‘langan va yo‘l kirani kelishgan:

- Avtobus 350 ming so‘m, mikroavtobus – 450 ming so‘m, yengil mashina 600 ming so‘m dedi. Bolalar mikroavtobusni ma’qul deyishdi.

Andijonlik yigitlar O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidan o‘tishdan oldin Husniddin aytgan ayol bilan uchrashadi va unga kelishilgan pulning yarmini beradi. Shundan so‘ng, pulni olgan ayol yigitlarni chegaradan olib o‘tib, Chernyaevkada bir mikroavtobusga o‘tirg‘izadi va yigitlarga pasportlarini tutqazib, ortga qaytib ketadi.

Shu payt boshqa bir qozoq ayol paydo bo‘ladi va andijonlik yigitlardan qo‘shimcha pul talab qiladi.

- O‘sha ayol pasportlarni yig‘ib olib, yana 1,5 ming rubldan berishimizni aytdi.”Xafa bo‘lmanglar – o‘zbekistonliklaring sizlarni prosto olib o‘tayapti va sizlarni bizga sotyapti, dedi. Ayol har birimizdan 1,5 mingdan oldi,- dedi Farhod.

Andijonlik yigitlarning sarf-harajati shu bilan tugamaganini aytarkan, Farhod dedi:

- Qozog‘iston hududida vaqtinchalik 5 kunlik “straxovka” deb, yana 500 rubldan so‘rashdi – bu straxovka aslida 200 rubl turadi! Ular pulni, pasportni olib qo‘yib, majburlashayapti.

"Jora" o‘zbek muhojirlaridan qo‘shimcha pul yig‘moqda"
"Jora" o‘zbek muhojirlaridan qo‘shimcha pul yig‘moqda"

Yo‘lovchilar Qozog‘iston - Rossiya chegarasiga yetib borgach, chiqimning yana bir turi chiqadi:

- Xullas, 20 kishi qozoqning Uralsk shahriga yetib keldik. Bir kafedan Jora degan odam chiqib, “Tamojnyaga yana 500 rubldan – Qozog‘istonnikiga 250, Rossiyanikiga 250dan berasan”, dedi. Bu muammosiz o‘tishimiz, yuklarimiz tushirilmasligiga kafolat haqi ekan. Shunga ham ko‘ndik!

Shunda ham yig‘-yig‘lar tugamaydi:

- Haydovchi mening 13 ming rubl qarzimni 16 ming qilib yozib qo‘yibdi. Bermayman desang – mashina hech qaerga yurmaydi, men egasiman, deb turvoldi. Puli tugagan bolalar Rossiyaga, tanishlariga telefon qilib, aytilgan summani kartaga tushirib berdi, dedi sarguzashtlarini hikoya qilgan Farhod. U hatto Rossiyaga kirib borganidan keyin ham haydovchilar tamasi tugamaganini aytadi.

Farhodning aytishicha¸ Moskvaning Balashixasiga yetib kelgan mikroavtobusdan tushgan o‘zbekistonliklarni “Politsiya olib ketishi mumkin!”, deb qo‘rqitib, qimmat narxdagi taksichilar kutib olgan. Farhodning aytishicha¸ o‘zlarini olib borgan mikroavtobus xuddi shunday sxema asosida boshqa yo‘lovchilarni Balashixadan Chernyaevkaga olib ketgan.

O‘zbekistonliklarning "o‘rtakash"lar bilan yozishmasidan
O‘zbekistonliklarning "o‘rtakash"lar bilan yozishmasidan

"Unaqa narsalar bo‘lmayapti bizda!"

Ozodlik muxbiri Moskvaning Balashixasida Qozog‘iston orqali avtobusda O‘zbekistonga ketadiganlarni yig‘ayotgan Rahmatulla bilan bog‘lanib, undan narxlarni so‘radi.

- Chernyaevkadan Balashixagacha avtobus 500 ming so‘m.Ortiqcha hech narsa olinmaydi – straxovkaga 200 rubldan olinadi, bo‘ldi. “Sprinter” narxi 700 ming so‘m bo‘ladi, aka. Qolgan tafsilotlarni akam Husniddindan olasiz, dedi Rahmatulla.

Ozodlik maqolamiz qahramoni - Farhod va uning hamshaharlarini O‘zbekistondan yuborgan Husniddin bilan ham suhbatlashdi.

Husniddin Farhod va andijonlik hamshaharlari aytganlarni asossiz deb atab, ortiqcha to‘lovlar boshqa avtobuschilar tomonidan yig‘ilgan bo‘lishi mumkinligini iddao qildi. Biroq u Ozodlik muxbiriga taklif qilgan narxlar ukasi Rahmatullar aytganidan farq qildi.

- Moskvagacha avtobus 400 ming so‘m bo‘layapti. Sprinterlar – 600 ming so‘m. Hozir sug‘urta qilib qo‘ygan – 200-300 rubl straxovka oladi. Avtobus haftaning faqat seshanba va juma kunlari qatnaydi, 3 sutka yuradi. Moskvaning Balashixa degan joyiga yetib keladi. Bizga juda ko‘pchilik yordam beradi, aka. Bilmadim, unaqa narsalar bo‘lmayapti bizda! Boshqa mashinalar bo‘lishi mumkin u – faqat men bir o‘zimmasda, aka, - dedi Husniddin.

Moskvaga qarzga botib yetib borgan andijonlik yo‘lovchilar Husniddin va u kabi “o‘rtakashlar” so‘zlariga ishonmaslikka chaqirmoqda.

Farhod bu muammoga O‘zbekiston va Qozog‘iston mutasaddi idoralari ham e’tibor qaratishini so‘rab, dedi:

- Ikkita davlat kelishgan holda mikroavtobus-avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘ysa bo‘ladiku! Bunga guvoh bo‘lgan odam sifatida o‘zimizning fuqarolarimizdan yopishtirilgan e’lonlarga ishonmasdan, kerak bo‘lsa¸ samolyotda kelishlarini tavsiya qilaman.

"Rossiyaga avtobus qatnovi masalasida muzokaralar ketmoqda!"

O‘zbekiston Transport vazirligining matbuot markazi rahbari Navro‘z Ashurmatov prezident qaroriga binoan Toshkentdan Rossiyaga hozircha ikki yo‘nalish bo‘yicha avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilganini, yana bir necha yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini Ozodlikka bildirdi.

- Hozircha Rossiyaning Nijniy Novgorod va Qozon shahriga ochilgan. Talab yuqori va yo‘lovchi oqimi katta bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi shaharlariga yana avtobus qatnovlarini ochish bo‘yicha hozir “O‘zavtotransservis” muzokaralar olib bormoqda.

Transport vazirligi rasmiysining aytishicha, yangi yo‘nalishlarni ochish Qozog‘istonga ham bog‘liq:

- Gap shundaki, bu bitta bizga bog‘liq holat emas. Biz Qozog‘iston orqali tranzit o‘tishimiz kerak. Ular bunga ruxsat berishi kerak, Rossiya bilan kelishish kerak. Xalqaro tashuvlar paritet asosda amalga oshiriladi. Lekin siz aytayotgan Sankt-Peterburg va Moskva bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda va tez kunlarda bu masala bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilinadi, - dedi Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov.

O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari 2000 yil may oyida xalqaro avtomobil qatnovlari, jumladan avtobus qatnovlarini tartibga soluvchi kelishuvni imzolagan. Yo‘lovchi avtotransport xizmatlarini ko‘rsatishni rivojlantirish rejasiga ko‘ra, katta sig‘imli avtobuslar sotib olinib, Buxorodan Rossiyaning Ufa, Rostov-Don, Sankt-Peterburg, Moskva va boshqa shaharlariga avtobus yo‘nalishlari ochilishi aytilgandi.

Bu qatnovlar prezident Mirziyoyevning 2018 yil 5 martda imzolagan "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirigan edi.

Ayni paytda, Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining 2019 yil iyun oyi uchun bergan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistondan Rossiyaga vaqtinchalik migratsiya hajmi o‘sishda davom etmoqda.

1 iyun holatiga ko‘ra 2,1 million o‘zbekistonlik Rossiyada bo‘lgan. Taqqoslash uchun, 2018 yil 1 dekabrda 1,8 million kishi, undan bir yil oldin esa, 1,7 million kishi edi.

O‘zbekiston Rossiyadagi migrantlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi. Ukraina ikkinchi -1,7 million, Tojikiston 1,3 million migranti bilan uchinchi pog‘onani egalllagan.

XS
SM
MD
LG