Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:50

Mahalla raisi kaltaklagan yigit bir haftadan beri shifoxonada yotibdi


Kamol Iskandarov 31 iyuldan beri Jondor tuman markaziy kasalxonasida yotibdi
Kamol Iskandarov 31 iyuldan beri Jondor tuman markaziy kasalxonasida yotibdi

Buxoro viloyati Jondor tumani “Pahlavon” mahallasida yashovchi 42 yashar Kamol Iskandarov uni mahalla raisi kaltaklaganini da’vo qilmoqda.

Bir haftadan buyon shifoxonada da’volanayotgan Kamol Iskandarovning iddaosicha, mahalla raisi Ahad Ahmedov mast bo‘lib uni kaltaklagani oqibatida labi yorilgan va miyasi chayqalgan.

Mahalla raisi Ahad Ahmedov Ozodlik bilan suhbatda kaltaklash voqeasini inkor qilmadi, biroq uning iddaosicha, janjalni birinchi bo‘lib Kamol Iskandarov boshlagan.

“Rais urib tishimni sindirdi”

Voqea 31 iyul kuni tushdan keyin Jondorning “Pahlavon” mahallasi hududida sodir bo‘lgan.

Jondor tuman markaziy shifoxonasida davolanayotgan Kamol Iskandarovning aytishicha, u o‘sha kuni mahalladagi go‘sht do‘koniga savdo qilish uchun kirgan payti mahalla raisi Ahad Ahmedov uni kaltaklagan:

Iskandarovga ko‘ra, labining yirtilgan 3 santimetr joyini jarrohlik yo‘li bilan tikilgan.
Iskandarovga ko‘ra, labining yirtilgan 3 santimetr joyini jarrohlik yo‘li bilan tikilgan.

- Go‘sht olay deb do‘konga kirgandim. Kirsam mahalla raisi go‘sht olayotgan ekan. Ichgan ekan. Qassob go‘shtni beradi. Olmaydi. “Menga kattalar yeyydigan go‘shtdan bergin" deydi. Qassob ham kesib berdi. Men navbat kutib turuvdim. Men “Rais buva yaxshi go‘sht berdiku”, dedim. Keyin qo‘pollashib, meni so‘kib, urib ketdi, deydi Kamol Iskandarov 5 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Iskandarovga ko‘ra, kaltak zarbidan uning tishi sinib, labi yirtilgan va miyasi chayqalgan:

- Birinchi yuz qismimga urdi. Bo‘ynim- tomog‘imning tagidan qisib, labimga jarohat yetkazdi. Labim 3 santimetrcha yorilgan. Keyin odamlar aralashib ayirishdi. Men tashqariga chiqib, 4-5 qadam yurgandim yana menga tashlandi. Urganida tishim sindi. Orqadan kelib urdi, qaragan paytim. Tepdi, yiqilib betonga tushdi boshim. Yotibman shifoxonada. Miyam chayqalgan. Boshimning ichki qismiga qon uyushib qolgan. Turaman desam, holsizlanib qolayapman. Rentgen qildirdim, oyog‘im darz yegan ekan, hay unisi mayli. Keyin qovoq ustimga ham ko‘karish bor edi, u ketdi, deydi Kamol Iskandarov.

Guvohlar ham tasdiqladi

Voqeaga guvoh bo‘lgan jondorliklardan birining aytishicha, o‘sha kungi janjalga mahalla raisi Ahad Ahmedovning mast bo‘lgani sabab bo‘lgan.

“Ahad aka anchadan beri mahalla raisi. U bilan oldin bunaqa voqea bo‘lmagan. O‘sha kuni tug‘ilgan kuni ekan, ichib olganiga shu janjal bo‘ldi. Boshida “menga yaxshi go‘sht ber”, deb to‘polon qildi. Keyin Kamol aralashgani uchun unga tashlanib ketdi. Bir amallab ajratdik. Keyin qassob yigit raisni mashinasigacha o‘tkazib qo‘ydi, yana to‘polon qilmasin deb. Qassob ichkariga kirishi bilan rais yana Kamolga tashlandi”, deya eslaydi ismini ochiqlamayotganimiz voqea guvohlaridan biri.

Mahalla raisi: "Qasddan, ataylab qilganim yo‘q"

Ozodlik "Pahlavon" MFY raisi Ahad Ahmedovning o‘zi bilan ham bog‘landi. Ahmedovga ko‘ra, janjal Kamol Iskandarov uni haqorat qilgani oqibatida boshlangan.

- U menga “Onangni palon qilay, rais bo‘lsang o‘zingga”, deb haqorat qildi. U menga oyog‘ini ko‘tardi, oyog‘ini ko‘targanidan keyin men o‘zimni himoya qildim... Shu orada keyin yiqilib, ketdida. Qasddan, ataylab qilganim yo‘q, tepada Xudo bor. Hech qanaqa boshi yo boshqa joyi yorilmagan, birgina labi yorilgan. Uni o‘zining oldindan davleniesi bor ekan, hozir bahona qilib, yotib oldi, dedi mahalla raisi Ahad Ahmedov.

47 yashar Ahad Ahmedov 8 yildan beri MFY raisi lavozimida ishlab kelayapti.

U 3 oy avval “Pahlavon” MFY rahbarligiga saylangan.

Ahmedov ham, Iskandarov ham oldindan o‘rtalarida biror adovat yoki nizo bo‘lmaganini ta’kidlashdi.

Kamol Iskandarovning aytishicha, o‘sha kuni u mast bo‘lmagan va tibbiy ekspertizadan o‘tkazilganda ham bu isbotlangan.

Ahad Ahmedov esa mast bo‘lganini inkor qildi.

Kamol Iskandarovning aytishicha, Jondor tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari shifoxonaga borib, bo‘lgan voqea bo‘yicha undan ko‘rsatma olishgan.

Biroq voqea bo‘yicha biror ish ochilgan yoki ochilmaganidan uning xabari yo‘qligini ta’kidladi.

Jondor tuman IIBdan voqea bo‘yicha biror izoh olish imkoni bo‘lmadi. IIB xodimi telefon orqali ma’lumot berilmasligini aytish bilan cheklandi.

XS
SM
MD
LG