Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni Jasliq koloniyasini tugatish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Qoraqalpog‘istonning Jasliq posyolkasida joylashgan qamoqxonada 11 yarim yil saqlangan sobiq siyosiy mahkum – 41 yashar inson huquqlari himoyachisi A’zam Farmonov bu qarorni o‘ta muhim siyosiy qaror, deb baholadi.
Faol qamoqxona binosini muzeyga aylantirish, unda qiynoqqa solingan mahkumlar hikoyalarini hujjatlashtirish, ularni qiynoqqa solgan xodimlarni esa albatta jazoga tortishni so‘radi.
- Men avval ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda Jasliq qachon muzey bo‘ladi, degan masalani ko‘targan edim. Bu qamoqxona muzeyga aylantirilishi kerak. U yerda qiynoqqa solinganlarning hikoyalari o‘rganilib, hujjatlashtirilishi kerak. U yerda mahkumlarga nisbatan ruhiy-jismoniy qiynoqlarni qo‘llaganlar jazoga tortilishi kerak va bu jamoatchilikka oshkor qilinishi kerak. Aks holda, yana shunday Jasliqqa o‘xshagan qamoqxona ochilib, o‘sha ayovsiz qiynoqlar takrorlanmasligiga kafolat berolmaydi, - deydi jumladan Azam Farmonov.
1999 yilda, avvaliga yashirin tarzda, ochilgan bu qamoqxona mamlakat ichkarisida va tashqarisida ayovsiz qiynoqlari hamda o‘ta og‘ir sharoiti bilan nom qozongan.
Diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh Xalqaro komissiyasi yillardan buyon O‘zbekiston rahbapriyatiga diniy motivlar bilan qamalganlarning asosiy qismi saqlanib kelgan Jasliq qamoqxonasini yopishni tavsiya qilib kelgandi.
BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi O‘zbekistonga 2002 yildan buyon Jasliq koloniyasini yopishni tavsiya etib kelayotgandi.
Quyida Farmonovning bu qamoqda o‘tgan 11 yili haqidagi hikoyasi bilan tanishishingiz mumkin.