Линклар

Шошилинч хабар
28 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:53

Gulnora Karimovaga qarshi yangi jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi, Imon Karimova buni "siyosiy sirk" deb atadi


Gulnora Karimova Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida saqlanmoqda.
Gulnora Karimova Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida saqlanmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan yana uchta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar qildi.

Bosh prokuratura Gulnora Karimovani davlat mulkini talon-toroj qilish, O‘zbekiston manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atgan.

Jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishiga «White and Case» xalqaro kompaniyasidan kelib tushgan ma’lumotlar va fuqarolarning arizalari asosida to‘plangan tekshirish hujjatlari asos bo‘lgan.

“Aniqlanishicha, Gulnora Karimova bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan holda, «Quvasoysement» va «Bekobodsement» AJning davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalarini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olgan”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Rasmiy ma’lumotda bildirilishicha, Gulnora Karimova qayd etilgan aksiyalarni chet el tadbirkorlariga sotgan hamda ularning noqonuniy faoliyatiga rahnamolik qilib, respublika manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.

Bundan tashqari, Gulnora Karimova fuqarolar va turli kompaniya egalarini zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, ularning mulkini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.

“Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi. Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov davom etmoqda”, deb ma’lum qildi Bosh prokuratura.

Gulnora Karimovaning qizi Imon Bosh prokuraturaning bu bayonotiga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali javob qaytardi. U Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan yangi jinoyat ishlarini “siyosiy sirk” deb atadi.

“Shveysariya prokuraturasi bir necha marta O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovaga bildirilayotgan ayblovlar va uning jazo muddatini hisoblash yuzasidan qonuniy savollarga javob bera olmayotganini ta’kidlagan. O‘zbekiston hukumatining jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish harakatlariga qaramay, Gulnora Karimova davlat mulkini talon-toroj qilishda ishtirok etmagani, faqat xorij kompaniyasidan pora olishda ayblanayotgani oydinlashganidan so‘ng, O‘zbekiston birdan o‘ziga kerakli bo‘lgan ayblovlar asosida yangi ishlarni qo‘zg‘atishga qaror qildi”, deb yozdi Imon Karimova.

Uning nuqtai nazaricha O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovani qamoqda iloji boricha ko‘proq saqlab turishdan manfaatdordir:

“Hokimiyat va unga yaqin odamlar Gulnora Karimovani ozod etilishiga maksimal darajada to‘siqlar qo‘yishga harakat qilmoqda, negaki ular o‘zlarining noqonuniy harakatlari, Gulnora Karimova xalqaro tergov jarayonida ko‘rsatma beradigan bo‘lsa, fosh etilishidan qo‘rqmoqdalar”, deb yozdi Imon Karimova.

Imon Karimova 1 avgust kuni ham Zangiota ayollar qamoqxonasida qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimova ustidan “yana bir nolegal sud rejalashtirilmoqda”, deb yozgan edi.

Biroq Imon Karimova onasiga nisbatan qanday ayblov ilgari surilayotgani haqida hech narsa demagan.

XS
SM
MD
LG