Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:34

"Malika" bozorida soqollilarga qarshi reyd. O‘nlab odamning soqoli olindi


Jamoliddin Muhammad soqoli majburlab olingani yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.
Jamoliddin Muhammad soqoli majburlab olingani yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan “Malika” maishiy texnika va elektronika bozorida 23 avgust kuni militsiya xodimlari o‘nlab soqolli erkakni ushlab ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan.

U yerda ularning soqoli majburlab olinib, keyin qo‘yib yuborilgan.

Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi matbuot xizmati Malika bozorida odamlar ushlanib, soqoli majburlab olingani yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.

“Malika” bozorida elektron mollari bilan savdo qiluvchi tadbirkor 23 avgust kungi reyd payti o‘zini ham militsiya ushlab, soqolini olishga majburlagani haqda Ozodlikka ma’lum qildi.

- Kecha tush payti formali va formasiz militsiya xodimlari duch kelgan soqollini ushlab, Toshkent shahar 4-militsiya bo‘limiga olib ketdi. Meni ham o‘sha yerga olib borishdi. Qamash haqida tahdidlar qilishdi. "Soqolingni oldirmasdan birontang bu yerdan chiqmaysan", deyishdi. Soqoli olinganlar qo‘yib yuborildi, qarshilik qilganlarni olib qolishdi, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan toshkentlik savdogar.

“Malika” bozorida 23 avgust kuni soqollilarga qarshi reyd o‘tkazilgani haqida Jamoliddin Mahammadjon ismli Facebook foydalanuvchisi ham yozdi.

"Malika" bozoridan chiqishimda formalik hodimlar o‘zlarini tanishtirmasdan "4-gom" degan yerga olib borishdi. Kirishda uzun navbat, hamma soqolli. Demak, soqol bo‘yicha gaplashamiz, deb o‘yladim. Ichkarida yana navbat. Bu yerda ma’lumot olinib suratga olishyapti. Men ham tushdim. Keyingi xona "suhbat". U yerda soqolimni o‘sha yerda oldirishga MAJBUR!!! ekanimni aytishdi, tabiiyki bunga ko‘nmadim. O‘zini tanishtirishdan bosh tortgan navbatdagi (bu oddiy holatga aylanib bo‘ldi) kishi soqolimni oldirmasdan bu yerdan chiqib ketolmasligimni aytdi. Qonunlarda "soqol o‘stirish mumkin emas", degan yeri bo‘lsa ko‘rsating, unga so‘zsiz itoat qilaman, dedim. Lekin ular bunday qonun yo hujjat ko‘rsatishmadi”.

Jamoliddin Mahammadjon va soqoli majburlab olingan boshqa o‘zbek vatandoshlari bo‘lib o‘tgan holatga Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi oydinlik kiritishini talab qilmoqda.

Ozodlik Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga Malika bozorida odamlar ushlanib, soqoli majburlab olingani yuzasidan izoh so‘rab murojaat qildi.

Matbuot xizmati xodimi Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Shundan so‘ng unga qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining bu xatti-harakati inson huquqlarining buzilishi o‘laroq ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasidagilar ham musulmonlarga bu kabi talablarni qo‘yishga hech kimning qonunan haqqi yo‘qligini aytmoqda.

- Soqol qo‘yish musulmonlar uchun sunnat hisoblanadi. Soqoliga qarab odamni ajratish qonunga xilofdir, - dedi O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasi mulozimlaridan biri.

O‘zbekistonda talaba yigitlarning soqoli ozgina o‘sgan bo‘lsa-da, darsdan chiqarib yuborish, ko‘cha va bozorlarda soqol qo‘ygan yosh yigitlarni militsiya bo‘limlariga olib borib, so‘roqqa tutish hollari uchrab turadi.

O‘tgan hafta investitsiya yotqizmoqchi bo‘lib kelgan tadbirkor soqoli borligi uchun Farg‘ona shahar hokimligiga kiritilmagan edi.

2017 yilda Qo‘qon shahri bozorida hijoblilar va oq do‘ppi kiyganlarning kirishi taqiqlab qo‘yilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Undan oldin Buxoroda stadionga futbol o‘yinini tomosha qilgani borgan futbol ishqibozlarining soqol qo‘yganlari stadionga kiritilmagan edi.

Stadion oldida turgan posbonlar ularga soqollarini oldirib kelishni aytib, ortga qaytargani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG