Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:39

Andijon shahar hokimligi matbuot kotibi: Dilmurod Rahmatullayevning intim suratlari fotoshop


Andijon shahar sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev
Andijon shahar sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev

"Andijon shahar sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining yalang‘och ayol qo‘ynida yotgani aks etgan suratlarni fotoshop deb atadi".

Bu iddaoni shaxsan o‘zi eshitganini ta’kidlagan Andijon shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Gulshanoy Qo‘chqorova 27 avgust kuni Ozodlikka shunday dedi.

Ayni paytda Qo‘chqorova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu surat, ko‘pdan andijonliklar noroziligiga sabab bo‘lib kelgan Dilmurod Rahmatullayevni lavozimidan bo‘shatish uchun so‘nggi turtki bo‘lganini e’tirof qildi.

24 avgust kuni Dilmurod Rahmatullayevning intim munosabati aks etgan rasmlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan, 26 avgust kuni u hokimlikdan olindi.

Andijon shahrining uch yillik hokimi Dilmurod Rahmatullayev 26 avgust kuni shahar xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishdan olindi.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan majlis ishtirokchilaridan biri Ozodlikka Dilmurod Rahmatullayev hokimlik vazifasini "bajara olmagani uchun" degan asosda ishdan olinganini bildirdi.

“Viloyat hokimi, “men bu bolani juda ko‘p ogohlantirdim, sening ustingdan shikoyat ko‘payib ketdi dedim. Lekin bu bola o‘z bilganidan qolmadi. Mana, oxir-oqibat shunaqa bo‘ldi”, deb hokimlikdan olib tashladi. Shuhrat Abdurahmonov qo‘lidagi bir dasta qog‘ozni ko‘rsatib, shahar hokimi ustidan shuncha shikoyat borligini ta’kidlab o‘tdi”.

Ozodlik gaplashgan bu deputat sessiyada Dilmurod Rahmatullayevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan intim suratlari tilga olinmaganini aytdi.

"Sessiyada bu haqda gap bo‘lmadi. Juda qisqa majlis bo‘ldi. Deputatlar Dilmurod Rahmatullayevni ishdan olish taklifini ma’qulladi, Bahromjon Haydarovni vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi etib taiynladi. Shu bilan sessiya tugadi".

Andijon shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Gulshanoy Qo‘chqorova 27 avgust kuni Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat viloyat hokimining sabr kosasini to‘ldirganini aytdi.

“Erotik” xarakterdagi suratlarning tarqalishi Rahmatullayev ustidan tushgan shikoyatlar ustiga to‘kilgan so‘nggi tomchi bo‘ldi.

- Sessiyada viloyat hokimi Dilmurod Rahmatullayevning o‘z majburiyatlarini bajara olmaganini aytdi. Chunki, haqiqatan ham so‘nggi paytda aholining shahar hokimi ustidan arz-shikoyati ko‘payib ketgan edi. Boshqa narsalar, jumladan “erotik” xarakterdagi suratlarning tarqalishi so‘nggi tomchi bo‘ldi. Aslida, so‘nggi paytlarda viloyat hokimi nafaqat butun viloyat bilan, balki shahar muammolari bilan ham o‘zlari shug‘ullana boshlagan edi.

Gulshanoy Qo‘chqorovga ko‘ra, Dilmurod Rahmatullayev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan intim suratlarni fotoshop deb atagan.

Dilmurod Rahmatullayevning ko‘zlariga qarab, uni shok holatiga tushib qolganini ko‘rdim.

- Bu suratlar chiqqanda men yonida edim. Dilmurod Rahmatullayevning ko‘zlariga qarab, uning shok holatiga tushib qolganini ko‘rdim.Chunki, u ham, men ham bu suratlarning fotoshop qilinganini bildik. Kimdir unga nisbatan shantaj qilayotgani aniq bo‘ldi. Dilmurod aka juda yomon, depressiv holatga tushib qoldi.

Ozodlik bilan suhbatda shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari¸ Dilmurod Rahmatullayevning bu soxta suratlarning ijtimoiy tarmoqda kim tomonidan tarqatilganini aniqlash so‘rovi bilan huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilgan-qilmaganidan bexabarligini aytdi.

- Bundan xabarim yo‘q, lekin Dilmurod Rahmatullayev Telegram kanali orqali murojaat qilib, o‘z fikrini bugun aytdi.

26 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Dilmurod Rahmatullayev bilan intervyu deb iddao qilingan savol-javob matni tarqagan va unda go‘yo sobiq hokim intim suratlarning tarqashi uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovni ayblagan edi.

Bu matnda¸ mazkur shantajga javob tariqasida yaqin kunlarda viloyat hokimi Abdurahmonovning intim videolari oshkor qilinishi aytilgan.

27 avgust kuni sobiq hokim Dilmurod Rahmatullayev Telegram kanalida o‘zi tarqatgan videomurojaatda bunday "intervyu"ning soxta ekanini bildirdi.

“Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda men bilan qanaqadir muloqotlar, murojaatlar to‘g‘risida gap ketayapti. Bu¸ albatta, g‘irt yolg‘on, bo‘hton. Bu Andijon shahrimizni, viloyatimizni, shu bilan birga viloyat rahbarlarimizni obro‘siga putur yetkazish, deb o‘ylayman, hamda buni la’natlayman, qoralayman! Agar mard bo‘lsa, shu murojaatni eshitganidan keyin men bilan bog‘lanishi yoki men bilan suhbat o‘tkazishi mumkin. Men hech kim bilan bog‘langanim yo‘q, hech kim bilan bu masalada gaplashganim yo‘q. Bu ham menga nisbatan uyushtirilayotgan navbatdagi bo‘htonlardan biri deb o‘ylayman. La’natlayman va qoralayman!”¸ deydi o‘z videomurojaatida Dilmurod Rahmatullayev.

Ayni paytda sobiq hokim bu raddiyasida intim suratlari haqida lom-mim demagan.

27 avgust kuni Ozodlik Dilmurod Rahmatullayev bilan bog‘lanib¸ undan o‘ziga nisbatan "maxsus uyushtirilgani" aytilgan so‘nggi voqealarga munosabat olishga urindi. Kun davomida sobiq hokimning mobil telefoni o‘chirilgani bois u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

So‘kong‘ich hokim tarixi

Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Dilmurod Rahmatullayev 2016 yilda Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi lavozimidan olinib¸ Andijon shahar hokimi vazifasiga tayinlangan edi.

Ozodlik 2017 yil 21 noyabrida Andijon hokimining paxtaga kam odam chiqargan kollej va litseylar direktorlarini “hayvon”, “shakal”, “eshak”, “padaringga la’nat” kabi tahqirlovchi so‘zlar bilan haqorat qilgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan edi.

Ozodlikka yuborilgan bu audioyozuvda 18 noyabr kuni o‘tkazilgan majlisda Dilmurod Rahmatullayev ikki mahalla faolini “shakal, kampir, harom” kabi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.

Bu haqoratlari uchun D.Rahmatullayev sud qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi MJtK 41-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 30 baravari (5 million so‘m) miqdorida jarima to‘lashga hukm etilgan edi.

Bu hukmdan so‘ng Ozodlikka kelgan boshqa audioyozuvlarda ma’muriy jazoga tortilgan Dilmurod Rahmatullayevning qo‘l ostidagi xodimlarni haqorat qilishda davom etgani aks etdi.

Xususan¸ 2018 yilning 12 iyun kuni shahar hokimi safarbarlik chaqiruv rezerviga odam topib, pul o‘tkazmayotgan ikki tashkilot rahbarini qattiq haqorat qilgan edi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 17 aprel kuni o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilish masalasida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida, bir necha hokimga hayfsan e’lon qilib, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayevni oxirgi marta ogohlantirayotganini aytgan edi.

Ammo so‘kong‘ichligi uchun so‘nggi ogohlantirish olgan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev 2018 yilning 15 mayida mahalliy tashkilot rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini​ "iflos, xudo urgan, maraz, pes, moxov, harom va latta" kabi so‘zlar bilan yana haqorat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG