Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:37

Diniy idora ruxsatisiz Hajga borganlarni DXX Toshkent aeroportida so‘roq qildi


Aholisi 32 milliondan oshgan O‘zbekistonda  Haj kvotasi 7200 ta qilib belgilangan. Suratning 28 avgust kuni Toshkent aeroportida bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q.
Aholisi 32 milliondan oshgan O‘zbekistonda  Haj kvotasi 7200 ta qilib belgilangan. Suratning 28 avgust kuni Toshkent aeroportida bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q.

O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasi ruxsatisiz, Dubaydagi hususiy shirkatlar orqali Saudiya Arabistoniga Haj safariga borib qaytgan 35 nafar o‘zbek vatandoshi 28 avgust kuni Toshkent aeroportida to‘xtatildi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan hojilardan biri ularni aeroportda Davlat xavfsizligi xodimlari 7 soat davomida so‘roq qilgani, pasportlarini olib qolib, keyin qo‘yib yuborganini Ozodlikka aytdi.

Diniy idora ruxsatisiz Hajga borib qaytgan o‘zbekistonliklar nega so‘roq qilingani haqida Davlat xavfsizlik xizmatidan ham O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan ham izoh olib bo‘lmadi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Haj va Umra safarlarini tashkil etish bo‘limi rahbari Saidakmalxon Shokirov hojilarning Toshkent aeroportida to‘xtatilib, so‘roq qilinganidan xabari yo‘qligini aytdi.

Shokirov o‘zbekistonliklarning Saudiya Arabistoniga diniy idora ruhsatisiz xususiy shirkatlar orqali ibodat uchun borishi noqonuniy ekanini ham qo‘shimcha qildi.

Ammo, qaysi qonunga muvofiq bu noqonuniy hisoblanadi va turistik firmalar orqali Hajga borganlarga qanday jazo bor degan Ozodlik savolini Shokirov javobsiz qoldirdi.​

Toshkent aeroportida to‘xtatilib, so‘roq qilingan o‘zbekistonlik hojilardan biri DXX xodimlari ularni “Kim bilan borgansan? Guruh rahbaring kim? Qanchadan pul berding? U yerda kimlar bilan ko‘rishding?", kabi savollarga tutganini Ozodlikka aytdi.

Yetti soat ushlab turib, hammamizni pasportimizni oldi. Ichki ishlar bo‘limlariga so‘roqqa borganlaringda olasizlar, deb qo‘yib yuborishdi

- Kecha 28 avgust kuni Dubaydan Toshkentga 16.30 larda qo‘ndik. Aeroportga kelishimiz bilan DXX xodimlari bizni to‘xtatib, alohida xonalarga olib kirib so‘roq qildi. So‘roq payti soqol qo‘ygan Davron ismli toshkentlik yigit bilan ham yuzlashtirishdi. "Bu odamga qancha bergansizlar", deb so‘rashdi. Ayollarimizdan biri "mahallada 30 yildan beri navbatim kelmaydi, biz u yerda prezidentimizni duo qilib keldik axir", deb janjal ko‘targanidan keyin, vaziyat yumshadi.Yetti soat ushlab turib, hammamizning pasportimizni oldi. Ichki ishlar bo‘limlariga so‘roqqa borganlaringda olasizlar, deb qo‘yib yuborishdi”, - dedi o‘zbekistonlik hoji.

O‘zbekistonlik musulmonlarning Musulmonlar diniy idorasi ruxsatisiz xususiy shirkatlar orqali Saudiya Arabistoniga Haj va Umra safariga borishi 2017 yil 7 iyunidagi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Din ishlari qo‘mitasining "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq taqiqlab qo‘yildi.

O‘zbekistondagi Saudiya Arabistoni elchixonasi ham shu nizomga muvofiq O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasi ruhsatisiz o‘zbek vatandoshlariga viza berishni to‘xtatgan.

Ammo, xususiy shirkatlar orqali Haj va Umraga bormaslik haqidagi Nizomga qaramay, so‘nggi ikki yil ichida ayrim o‘zbek vatandoshlari Dubaydagi xususiy sayyohlik shirkatlari orqali viza olib Saudiya Arabistoniga Haj va Umraga borib kelgani haqida Ozodlik xabar bergan.

Aeroportda to‘xtatib qolingan hojilardan biri diniy idora yo‘nalishi bo‘yicha Hajga borish qiyin va qimmat ekanini aytadi.

“Diniy idora Hajga borishni monopoliya qilib olgan. Yillab kutib, navbati kelmayotganlar bor. Ikkinchidan, qimmat, 4 ming AQSh dollariga tushyapti. Dubayda hususiy shirkatlar 3 ming dollar taklif qilishadi. Sharoitlari diniy idoranikidan ancha yaxshi”, - deydi o‘zbekistonlik hoji.

Xorijiy kanallar orqali o‘zbekistonliklarning Umra va Haj safarlarini uyushtirish bilan qaysi shirkatlar shug‘ullanishi, ular orqali necha kishi Umra va Hajga borganiga oid ma’lumot Ozodlikda yo‘q.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Haj va Umra safarlarini tashkil etish bo‘limi rahbari Saidakmalxon Shokirov esa hojilarning Toshkent aeroportida to‘xtatilib, so‘roq qilinganidan xabari yo‘qligini aytdi.

Shokirovga ko‘ra, Caudiya Arabistoniga ibodat safarlariga hususiy shirkatlar orqali borish noqonuniy hisoblanadi:

Turistik firmalar orqali Hajga borish bizda qonuniy hisoblanmaydi, faqat diniy idora orqali boriladi, boshqa yo‘llar bilan borish noqonuniydir.

- Bizda Hajga mahallada ro‘yxatdan o‘tib, keyin tuman, viloyat, respublika komissiyalari orqali o‘tib borish haqiqiy borish hisoblanadi. Turistik firmalar orqali Hajga borish bizda qonuniy hisoblanmaydi, faqat diniy idora orqali boriladi, boshqa yo‘llar bilan borish noqonuniydir. Bizda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom bor, hamma musulmonlar shunga amal qilishi kerak.

Ammo, qaysi qonunga muvofiq bu noqonuniy hisoblanadi va turistik firmalar orqali Hajga borganlarga qanday jazo bor degan Ozodlik savolini Shokirov javobsiz qoldirdi.

- Bu savolga bosh prokuraturadan javob olasiz, - dedi Shokirov.

Diniy idora ruhsatisiz Hajga borib qaytgan o‘zbekistonliklar nega so‘roq qilingani va ular nega ichki ishlar bo‘limlariga borishlari kerakligi haqida Davlat xavfsizlik xizmatidan ham O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan ham izoh olib bo‘lmadi.

Aholisi 32 milliondan oshgan O‘zbekistonda Haj kvotasi 7200 ta qilib belgilangan.

2017 yilda qabul qilingan Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Hajga bir borgan odam ikkinchi marta bormaydi.

O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida esa Haj ziyorati uchun navbat bir necha yillarga cho‘zilishi, tanish-bilishchilik va ayrim holatlarda poraxo‘rlik ham kuzatilayotgani tilga olinadi.

XS
SM
MD
LG