Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:50

SChR askari: 1 oy "it yotib, mirza turdik", o‘qimadik, faqat ishladik


Chirchiq shahri, 531-safarbarlik chaqiruv rezervi batalyonidagi kazarma
Chirchiq shahri, 531-safarbarlik chaqiruv rezervi batalyonidagi kazarma

Chirchiq shahriga joylashtirilgan 07984- harbiy qismning 531-safarbarlik chaqiruv rezervi (SChR) batalyonida avgust oyida bir oylik xizmatni o‘tab qaytgan toshkentlik yigitning aytishicha, u xizmatdoshlari bilan birga bir oy davomida harbiy mashg‘ulot o‘rniga qurilish ishlarida ishlatilgan.

Sobiq askar bir oy davomida eshik-derazasi yo‘q, ta’mir qilinayotgan kazarmada yotishgani uchun askarlarning aksariyati shamollab, kasal bo‘lganini, o‘zi esa gaymorit dardini orttirganini aytdi.

Toshkent harbiy okrugining mulozimi SChRga chaqirilgan askarning iddaolarini o‘rganib chiqib javob berishga va’da berdi, ammo harbiy okrugdan javob bo‘lmadi.

Chirchiq shahridagi 531-safarbarlik chaqiruv rezervi batalyoniga bir oylik harbiy xizmatga avgustda chaqirtirilgan, ismi sir qolishini so‘ragan toshkentlik yigitning aytishicha, xizmatga borgan 640 bolaning aksariyati uyiga kasal bo‘lib qaytgan:

“Bizga bu bir oylik xizmat dahshatli tushdek bo‘lib qoldi. Harbiy qism hududidagi kazarmani remont qilish bizning chekimizga tushdi. 640 boladan 170 nafari shu ishni qildi. Sizga yuborgan kazarma suratining ichkarisida bizning yotar joyimiz, xonalarda derazalari yo‘q, hamma tomon chang, tuproq. Qariyb bir oy ana shu joyda it yotish, mirzo turish qilib yashadik. Issiq suv yo‘q, sovuq suv ham ko‘p o‘chadi. Skvoznyak (elvizak – tahr.) gurillab turgani uchun hamma bolalar shamollab, kasal bo‘lib qoldi”

Askarlarning yotoq joyi
Askarlarning yotoq joyi

Ozodlik bilan suhbatlashgan paytda tinmay burnini tortib, yo‘talib gapirgan sobiq askarning aytishicha, ularga tibbiy xizmat ham ko‘rsatilmagan:

“Birinchi shamollaganimda sanchastga borsam, bizlarda dori yo‘q, ertaga keling, dedi. Ertasiga borsam ham yo‘q. Keyin uydan dori olib keltirdim. U dori kelguncha ko‘krak qafasimga o‘tib ketdi. Yana sanchastga bordim. Jonim og‘riyapti, ukolmi, kapelnitsami bormi deb so‘radim. Ukol olishga tepadan ruxsat kerak deydi. Borib olib kelaymi hozir desam, u odam ikki kundan keyin keladi, deydi. Xullas, davolashmadi. Oqibatda shamollash kuchayib, gaymorit kasalligini orttirib keldim. Hozir kasalxonada, davolanyapman. Buni sizlarga yozishimdan maqsad, bu chastga xizmatga boradigan boshqa bolalar ham men kabi kasal bo‘lib kelmasin deyman”.

Charchagan askar "dam" olmoqda
Charchagan askar "dam" olmoqda

Suhbatdoshning aytishicha, bir oylik xizmatda ular deyarli dars o‘qimagan, faqat qurilishda ishlatilgan:

“Ana shu eski kazarmani remontida ishladik. Bir-ikki marta dars o‘tganday bo‘lishdi. Ertalabki nonushtadan keyin, “shagat” qildiradi, keyin ishga. Yuvinishga issiq suv yo‘q. Agar bir oy xizmat qilgan bo‘lsak, birinchi haftada dush qildirishgan edi, keyin uch hafta uyga ketguncha issiq suv ko‘rmadik. Bolalar paqirga suv isitib cho‘milib olishardi. Avtomatni bir marta ko‘rdik, poligonga o‘q otgani olib borishganida. O‘shanda beshta avtomatni oldimizga tashlab, uni razbor qilishni o‘zlaring o‘rganinglar deyishdi, tamom. Keyin 9 tadan o‘q otib qaytib keldik”.

Askarlar ta’mir qilayotgan xonalar
Askarlar ta’mir qilayotgan xonalar

Sobiq askar yigit 640 nafar askardan 35 ming so‘mdan pul yig‘ib olinganini iddao qildi:

“Poligonga ketishdan oldin, poxodga sumka olasizlar deb 35 ming so‘mdan pul yig‘ishdi. Poligonga ketadigan kunimiz qani sumkalar desak, bayramoldi sumka otmen bo‘ldi, dedi. Pul ham yo‘q bo‘ldi, sumka ham. Har hafta konsertga deb 15 ming so‘mdan yig‘ishadi, lekin konsert bo‘lmaydi. O‘zi biz bir oyga qariyb 4,5 million so‘m to‘lab kelgan bo‘lsak, yana nega pul yig‘ishadi?”

Askarlar yuvinadigan joy
Askarlar yuvinadigan joy

Sobiq askar bir oylik xizmatga chaqirilganlarning ovqati yomon bo‘lmaganini qo‘shimcha qilar ekan, ayrim askarlar alohida e’tiborda bo‘lganini aytdi:

"Chastning ichkarisida boylarning bolalari bilan oddiy xalqning bolalari ajralib qolgan. Bizda to‘rtta vzvod bor edi. To‘rtinchi vzvodda shtab joylashgan, o‘sha yerning ichida 40 kishilik kazarma ham bor. Ana shu 40 odam boylarning bolalari, yig‘ib olingan. Ular o‘sha yerda yotishadi, sharoiti lyuks. Dush, tualet ichida, hamma narsasi bor. Yotoq krovatlari ham ikki qavatli emas, bir qavatli. Ular ertalab bir chiqishadi, kechqurun bir chiqishadi aylangani, bo‘ldi, boshqa payt ular ko‘rinmaydi. Bu yoqda esa kambag‘alning bolasi, changu tuproqqa belanib ishlaydi, skvoznyak xonalarda uxlaydi. issiq suvi ham yo‘q. Shunaqa tengsizlik bor bu harbiy chastda".

Ozodlik askarning bu iddaolariga munosabat olish uchun O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Toshkent Harbiy okrugi bilan bog‘landi.

O‘zini xizmatchi To‘xtamurod Boqiyev deb tanishtirgan harbiy sobiq askarning iddaolarini diqqat bilan tinglab, yozib olganidan so‘ng:

“Hammasi tushunarli, hozir yo‘nalish bo‘yicha bu haqda mas’ul mulozimlarga xabar beraman, ular hozir siz bilan bog‘lanishadi”, deb Ozodlik telefon raqamini yozib oldi.

Ammo kun davomida Toshkent Harbiy okrugidan Ozodlikka qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG