Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:37

Izboskanlik fermerlar: "Agrobank" 14 mlnlik agregatni aldab sotib, bizni chuv tushirdi


“Agrobank”ning Toshkentdagi markaziy idorasidan ham Andijon viloyati bo‘limidan ham Izboskan tumanida fermerlarga zararli xasharotlarni o‘ldirishda foydalaniladigan zahar sepuvchi uskuna bozor narxidan ikki baravar qimmat narxda sotilgani yuzasidan izoh ololmadi.
“Agrobank”ning Toshkentdagi markaziy idorasidan ham Andijon viloyati bo‘limidan ham Izboskan tumanida fermerlarga zararli xasharotlarni o‘ldirishda foydalaniladigan zahar sepuvchi uskuna bozor narxidan ikki baravar qimmat narxda sotilgani yuzasidan izoh ololmadi.

Andijon viloyat, Izboskan tumanida kamida yetmish fermerga tuman hokimligi va “Agrobank” filiali rahbarlari tomonidan zararli hasharotlarni o‘ldirishda foydalaniladigan zahar sepuvchi uskuna bozordagidan ikki baravar qimmat - 26 million so‘mdan 36 foizlik kredit evaziga sotilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan ayrim fermerlar pasportlari bank bo‘limi rahbari tomonidan yig‘ib olinib¸ o‘z nomlariga agregat olish uchun bir yilga 26 million so‘mlik kredit rasmiylashtirilganini aytishdi.

5 sentabr kuni Ozodlik fermerlar shikoyati yuzasidan izoh olish uchun "Agrobank"ning Izboskan tuman bo‘limi rahbari Azizbek Jalolov bilan uning uyali telefoni orqali bog‘landi.

Jalolov Ozodlik savolini eshitgach, band ekanini aytib, keyinroq telefon qilishni so‘radi. Ammo, keyin ham bir kun o‘tib ham Jalolovga qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Ozodlik suhbatlashgan izboskanlik fermerlar ularni "Agrobank"ning Izboskan tumani rahbari "chuv tushirgan"i, oqibatda katta miqdorda qarzga botganliklarini aytishdi.

Ismi sir qolishini istagan izboskanlik fermerning Ozodlikka aytishicha, "Agrobank" bo‘limi rahbari ularga imtiyozli kredit berilishini va’da qilgan.

Ammo, ular 26 million so‘mlik kreditning birinchi to‘lov qog‘ozi kelganda¸ uning ustamasi 36 foizligidan xabar topganlar.

...Bizni qarzga botirib qo‘ydi. 26 million so‘m, ustiga 36 foiz. Bir yilga hisoblaganda 14 million so‘m turadigan agregat bizga 35 millionga tushyapti

- Qip-qizil firibgarlik bo‘ldi. Jalolov “70ta zahar sepadigan apparat keldi, shuni 26 million so‘m narxda olinglar, 3 yilga 24 million so‘mdan uzib yuborishga beramiz” dedi. “Paxta, g‘alla qilib uch yilda uzib yuborasizlar” dedi. “Xo‘p” deb hujjatlarni rasmiylashtiridik. “Bu bo‘lmaydi, bittadan pasport nusxalari va ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni beringlar” dedi. Biz berdik. U esa hujjatlarni olib bizning nomimizga 26 million so‘mdan bir yilga 36 foizlik qilib mikrokredit urib qo‘yibdi. Apparat o‘zi bozorda 14 million so‘m turadi. O‘zining foydasini olivolib, bizni qarzga botirib qo‘ydi. 26 million so‘m ustiga 36 foiz. Bir yilga hisoblaganda 14 million so‘m turadigan agregat bizga 35 millionga tushyapti, - dedi izboskanlik fermer.

Agregat bozorda 14 million so‘m tursa fermerlarga uni bozordan olgan afzal emasmi edi? Bu savolga izboskanlik fermer shunday javob qildi:

Muhtaram yurtboshimiz selektor yig‘ilishlarida fermerlarni qo‘llab-quvvatlash kerakligini takror-takror aytyapti, bu bankirlar fermerlani pullarini talon-taroj qilyapti

- Uch yillik kredit deganiga sekin uzamiz deb o‘ylagan edik-da. Hozir tayyor pul bizda ham yo‘q-da. Lekin, bank rahbari bir yilga 36 foizlik kredit urib qo‘yibdi-da. Biz bunaqa foizda bir yilga deb o‘ylamagan edik-da. Bir so‘z bilan aytganda bank rahbari hokimlik bilan til biriktirib yetmishta fermerni chuv tushirdi. Muhtaram yurtboshimiz selektor yig‘ilishlarida fermerlarni qo‘llab-quvvatlash kerakligini takror-takror aytyapti, bu bankirlar fermerlani pullarini talon-toroj qilyapti.

Izboskan tuman hokimligining qishloq xo‘jalik masalalariga mas’ul mulozimi fermerlarni "Agrobank"dan kreditga agregat olishga hech kim majburlamaganini aytdi.

- Bilishimizcha, ularga bu agregatni hech kim majburlab sotmagan. O‘zlari shu narxga rozi bo‘lib olishgan. Lekin biz buni o‘rganib chiqyapmiz, agar bank tomonidan aldov yoki fitnakorlik bo‘lgan bo‘lsa aniqlab, chora ko‘riladi, - dedi hokimlik mulozimi.

Ayni sxema bo‘yicha o‘qituvchilarga noutbuk sotilgan

Asosiy vazifasi aholiga moliyaviy xizmat ko‘rsatish bo‘lgan “Agrobank”ning Izboskan filiali bundan oldin Xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati bilan "til biriktirgan holda" o‘zlari olib kelgan noutbuklarni o‘qituvchilarga ikki baravar qimmatga “o‘tkazgani” haqida o‘qituvchilar Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

“Agrobank”ning Izboskan filiali xalq ta’limi xodimlariga 3 million so‘mdan kredit berib¸ Lenovo noutbuklari oldirishdi. O‘z nomiga bunday kredit ochilganidan xabari yo‘q o‘qituvchilar ham ko‘p. Bank kompyuter sotadigan do‘kon emasku! Kredit so‘rab borganlar qolib¸ bunaqa kreditni umuman istamagan o‘qituvchilarga 3 milliondan berib¸ noutbuk sotishgan. Bankdagilarning o‘zlari bizga may oyidan beri tumanda 370 o‘qituvchiga shunday kredit berilganini aytdi”¸ deb xabar yuborgan edi izboskanlik o‘qituvchilardan biri 2 sentabr kuni Ozodlikka.

“Agrobank”ning Toshkentdagi markaziy idorasidan ham, Andijon viloyati bo‘limidan ham Izboskan tumanida fermerlarga zararli hasharotlarni o‘ldirishda foydalaniladigan zahar sepuvchi uskuna va o‘qituvchilarga noutbuklar bir xil sxemada bozor narxidan ikki baravar qimmat narxda sotilgani yuzasidan Ozodlik izoh ololmadi.

Fermer xo‘jaligini yuritish O‘zbekistonda eng og‘ir sohalardan ekanligi aytiladi.

Toshkentdagi Xalqaro Press klubning 2017 yil oktabr oyida o‘tkazilgan fermerlar hayotiga bag‘ishlangan anjumanida O‘zbekistondagi aksar fermerlar zarar ko‘rib ishlayotgani aytilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki yil avval o‘z chiqishida paxta yetishtirishdan hatto fermerlar ham foyda ko‘rmayotganini e’tirof etgan edi.

XS
SM
MD
LG