Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:32

O‘zbekistonning "Buyuk kelajagini" 10 ekspert tark etdi


"Buyuk kelajak" xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti Ekspertlar kengashining 10 a’zosi kengashni tark etganini e’lon qildi. Ular o‘z qarorini o‘zlariga nisbatan hurmatsizlik qilinib kelgani bilan izohladi.

"Buyuk Kelajak" tashkiloti muassislaridan biri, Ozodlik savollariga javoban, ekspertlarning qarorini “tashkilotning ichki ishi" deb izohladi.

2018 yilning mayida tashkil etilgan "Buyuk Kelajak" xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti Ekspertlar kengashini 10 ekspert tark etgani haqda kengashni tark etganlardan biri Dilmurod Yusupov o‘zining Facebook sahifasida xabar berdi:

"Buyuk Kelajak" xalqaro nodavlat–notijorat tashkiloti tashkil etilganda biz O‘zbekistondagi islohotlarga o‘z hissamizni qo‘shishimiz uchun imkon yaratilganidan xursand bo‘lgandik. Biz barchamiz O‘zbekistonni 2035 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini yaratish bo‘yicha bir qator loyihalarda ishtirok etdik, ishlab chiqdik, Biz «Buyuk Kelajak» xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotining (XNNT) ikkita forumida va boshqa ko‘plab tadbirlarda onlayn ravishda va shaxsan ishtirok etdik. Ming afsus bilan tashkilot ichidagi ayrim sabablarga ko‘ra, biz mazkur tashkilot doirasidan chiqamiz, ammo mamlakat taraqqiyoti uchun o‘z hissamizni qo‘shishda davom etamiz”.

“Buyuk Kelajakni” tark etganlar orasida Dilmurod Yusupovdan tashqari turli soha ekspertlari Behzod Hoshimov, Zaynab Muhammad-Do‘st, Qahramon Nosirov, Nodir Nuritdinov, Bahrom Rajabov, Toshtemir Haydarov, Umid Obilxo‘jayev, Hasan Rajabboyev va Shukurjon Nazarovlar bor.

"Buyuk Kelajak" xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti ta’sischilaridan biri, moskvalik huquqshunos Bahrom Ismoilov Ozodlik bilan muloqotda tashkilotdan chiqqan ekspertlarga minnatdorchilik bildirib, ularning tashkilotni tark etishiga izoh berdi.

Bahrom Ismoilov Ozodlik savollariga javob berar ekan, "Buyuk Kelajak"da 300 dan ortiq ekspert borligini, ularning har biri uyushmaga erkin kirish-chiqish huquqiga ega ekanini eslatdi:

- Tashkilot tuzilishi jihatidan O‘zbekistonning turli vazirlik va idoralari bilan muloqotni taqozo etadi. Shu bois juda ko‘plab ichki ishchi guruhlar mavjudki, ekspertlar unga kirib-chiqib turishadi. Bir guruh shaxslar shaxsiy qarashlariga binoan tashkilotni tark etishdi. Ular “Buyuk Kelajak” ish faoliyatidan norozi bo‘lgani bois chiqishgandir. Vaholanki, "Buyuk Kelajak" oldiga qo‘yilgan deyarli barcha vazifalarni biz bajardik, deb o‘ylaymiz. Har holda, biz hurmat va ehtirom ila ulardan ishimizga qo‘shgan katta hissalari uchun minnatdormiz.

"Buyuk Kelajak" ta’sischisi tuzilma ish olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasining 2035 yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlanish modeli loyihasini topshirish arafasida ekanini ham bildirdi.

Ozodlik "Buyuk Kelajak"dan chiqishini e’lon qilgan ekspertlardan biri bilan suhbatlashdi. Ularning aytishicha, yosh mutaxassislarning noroziligiga qator sabablar mavjud.

Ismini ma’lum vajlarga ko‘ra sir saqlashni so‘ragan norozilardan biri bunday dedi:

- "Buyuk Kelajak"da qator do‘stlarimizga nisbatan behurmatlik holatlari bo‘lgani, davlat tili va G‘alaba kuni munosabati bilan bo‘lgan provokatsiyalar, tashkilot kengashining tarqatilishi va yangi ekspertlarning tashkilotga kiritilishida yo‘l qo‘yilgan o‘zboshimchalik bir guruh fikrdoshlarning tashkilotdan chiqib ketishiga sabab bo‘ldi.

"Buyuk Kelajak" boshqaruv rahbarlariga qo‘yilgan e’tirozlar
"Buyuk Kelajak" boshqaruv rahbarlariga qo‘yilgan e’tirozlar

"Buyuk Kelajak" rasmiy saytida Ekspertlar kengashining asosiy maqsadlari qatorida O‘zbekiston prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga ko‘maklashish ekani belgilanganini ko‘rish mumkin.

"Buyuk Kelajak" Ekspertlar kengashiga ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining 2035 yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlanish modelini tayyorlash topshirilgani ham aytiladi.

Bu tashkilotning asosiy homiylari qatorida Fattoh Shodiyev Xalqaro jamg‘armasi ko‘riladi.

Ayni damda, turli sohalarda yirik natijalarga erishgan va olamning turli burchaklarida faoliyat yuritayotgan 300 dan ziyod iste’dodli yosh mutaxassisni o‘zida birlashtirgan "Buyuk Kelajak"ning bir qator vakillari O‘zbekistonda hukumat va davlat boshqaruvi idoralari faoliyatiga jalb etilgani borasida Ozodlik xabar qilgandi.

Jumladan, tashkilot eksperti Odilbek Isoqov moliya vazirining maslahatchisi, Moliya vazirligining davlat suveren, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro tanlovda g‘olib topilgan moskvalik 60 yashar san’atshunos va “Buyuk Kelajak”ning yana bir eksperti Tigran Mkrtichev Nukusdagi Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyiga yangi rahbari etib tayinlandi.

“Buyuk Kelajak” tashkiloti a’zosi Farhod Salomov 2018 yilning oktabrida “Xalq banki” raisi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Moskvada ish boshlagan vakolatxonasiga rahbar etib "Buyuk Kelajak” Xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti eksperti 33 yashar Saidno‘mon Mansurov tayinlangandi.

Moskva o‘zbek milliy - madaniy avtonomiyasi raisi Habib Abdullayev “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direktori lavozimiga tayinlangani borasida Ozodlik xabar qilgan.

"Buyuk Kelajak" haqida tashkilot rasmiy saytida bunday deyilgan:

"BUYUK KELAJAK" xalqaro nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lishlariga qilingan da’vatlariga javob bo‘lib hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘maklashmoqchi bo‘lgan barchaning sa’yi-harakatlarini birlashtirish, davlat va jamiyatni har tomonlama va jadal rivojlantirish maqsadida 2018 yilning aprel oyida «BUYUK KELAJAK» XNNT tashkil etilgan edi..."

XS
SM
MD
LG