Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:28

Tramp: Saudiyadagi neft konlariga qilingan hujum uchun Vashington javob qaytarishga tayyor


Saudiya Arabistonidagi neft zavodlaridan biri uzra tutun o‘rlamoqda. 2019, 14 sentabr.
Saudiya Arabistonidagi neft zavodlaridan biri uzra tutun o‘rlamoqda. 2019, 14 sentabr.

Eron AQShning Saudiya Arabistoni neft konlariga 14 sentabr kuni qilingan dron hujumlari ortida Tehron turgani to‘g‘risidagi ayblovlarini rad etdi. Mazkur hujum oqibatida Saudiyadagi neft konlarining deyarli yarmi ishlamay qoldi.

16 sentabr kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abbos Musoviy:

- Biz bu nojo‘ya va umuman asossiz iddaolarni qoralaymiz, - dedi.

AQSh rasmiylari hujumlar uchun mas’uliyatni Eron qo‘llab kelayotgan shia huti isyonchilar o‘z bo‘yniga olgan bo‘lsa-da, aslida ular ortida Eron turganini tasdiqlovchi dalillar borligini aytishmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp 15 sentabr kuni Vashington hujumlarga javob qaytarishga tayyor ekanini ta’kidladi.

“Saudiya Arabistoni neft konlari hujumga uchradi. Biz hujumni kim uyushtirganini bilamiz, deb aytish uchun asosga egamiz. Ma’lumotlarimiz tasdig‘iga ko‘ra, keskin javob qaytarishga tayyormiz. Biroq biz bu masalada Saudiya Arabistonidan ularning nazdida bu hujumni kim uyushtirgan bo‘lishi mumkinligi va qanday shartlar asosida harakat qilishimiz haqida javob kutyapmiz”, deb yozdi Tramp o‘z Twitter sahifasida.

Vashington darhol Eronni ayblar ekan, boshqa davlatlar hujum tafsilotlari o‘rganib chiqilmaguncha shoshib chora ko‘rmaslikka chorladi.

Britaniya tashqi ishlar kotibi Dominik Raab hujumlar xalqaro qonunchilikka zid ekanligini aytdi, ammo kim mas’ul ekanligi hozircha aniq emasligini ta’kidladi.

Xitoy ham ishonchli tergov yoki qarorsiz, boshqalarni ayblay olmasligini bildirdi.

Saudiya neft zavodlariga qilingan hujum global energiya bozorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Tramp energiya bozorlarini barqarorlashtirish uchun AQSh strategik zaxiralaridan foydalanishga ruxsat berganini aytdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda taxminan 630 million neft zaxirasi bo‘lib, o‘tmishda narxlar haddan tashqari ko‘tarilishi oldini olish uchun AQSh prezidentlari undan foydalanishga ruxsat bergan holatlar kuzatilgan.

16 sentabr kuni savdo boshlanganida Brent xom nefti narxi 19 foizga ko‘tarilib, barreliga 71,95 dollarga yetdi.

Saudi Aramco shirkatining xabar berishicha, hujum ortidan Saudiya Arabistonida bir kunda neft qazib olish ko‘lami 5,7 million barrelga ozaygan. Bu global miqyosda kundalik neft ishlab chiqarish ko‘lamining 5 foiziga to‘g‘ri keladi.

AQSh rasmiylari hujumlar yo‘nalishi ular ortida Eron turganini ko‘rsatishini, hujumlarda hutilar iddao qilgandek dronlar emac, balki qanotli raketalardan foydalanilgan bo‘lishi mumkinligini aytishdi.

Eron AQSh ayblovlarini rad etar ekan, AQShning mintaqadagi yer va dengiz harbiy kuchlari Eron raketalari eta oladigan hududlarda ekanligi aytib, po‘pisa qildi.

Hujumlar ortidan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Eron global energiya tarmoqlariga “misli ko‘rilmagan hujumlarni” boshlaganini ta’kidladi.

Eron va AQSh o‘rtasidagi tanglik keskinlashayotgan bo‘lsa-da, Oq uy Tramp Nyu-Yorkda 17 sentabr kuni boshlanadigan BMT Bosh assambleyasi yig‘inlarida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashishi mumkinligini bildirdi.

Musoviy AQSh ayblovlari Eronga qarshi bo‘lg‘usi hujumlarga bahona bo‘lishi mumkinligini aytib, Ruhoniy Tramp bilan uchrashmasligini aytdi.

Eron Inqilobiy gvardiya qo‘mondoni Amirali Hojizoda esa mamlakat urushga tayyor ekanligini bildirdi.

2015 yilning martidan beri Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya Yamanda Eron dastaklab kelayotgan huti isyonchilarga qarshi kurashib kelmoqda. Jangari guruh Yaman poytaxti Sanani hamda boshqa hududlarni qo‘lga olgan.

XS
SM
MD
LG