Samarqand shahar IIB tergov boshqarmasi 2 oktabr kuni tadbirkor Jamshid Shomurodovga tegishli 15 milliard so‘mlik mulkni hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda gumonlangan “Garant quruvchi servis” jabrlanuvchining zararini qoplagani bois jinoyat ishi to‘xtatilganini Ozodlikka bildirdi.
Tadbirkor Jamshid Shomurodov 2 oktabr kuni Samarqand shahar IIB Tergov boshqarmasiga borib, o‘z noroziligini bildirdi: 17 ta uyidan ajralgan tadbirkor shu mol-mulkka mutanosib tovon berilishini talab qilmoqda:
O‘zini Nabi Egamberdiyev deb tanishtirgan tergovchiga ko‘ra¸ “Garant quruvchi servis” shirkati jabrlanuvchi foydasiga 460 million so‘m pul o‘tkazgan. Pul Samarqand shahar IIB depozit hisobida turibdi.
- Pul eng yaqin muddatda da’vogar - Samarqand shahar, Belinskiy ko‘chasi, 15- uyda yashovchi Jamid Shomurodov hisobiga o‘tkaziladi. Jinoyat ishi tergov boshqarmasi tarafidan JPKning 364-moddasi (Dastlabki tergovni to‘xtatish asoslari va tartibi) asosan to‘xtatildi.
“Garant quruvchi servis” shirkati vakili Ozodlik bilan suhbatda zararni qoplagani va tergov boshqarmasi qaroriga e’tirozi yo‘qligini aytish bilan cheklandi.
Da’vogar rozi emas
Samarqandlik 50 yashar tadbirkor Jamshid Shomurodov Ozodlik bilan suhbatda 2 oktabr kuni Samarqand shahar IIB Tergov boshqarmasiga borib bu yuzadan o‘z noroziligini bayon qilganini aytdi:
- Bu qarorga men rozi emasman. 17 ta kvartira va 18 yildan beri ishlab kelayotgan to‘rt qavatli klinika binosini tortib olib buzib tashlashdi. Ko‘rgan zararimni mustaqil komissiya 15 miliard so‘m deb narxlagan. Nega men 460 million ya’ni 40 ming dollarga rozi bo‘lishim kerak?
Qamalgan hokim qurboni
Suhbatdosh o‘zini xozir iqtisodiy jinoyatlari bois sudlanib jazo o‘tayotgan Samarqand viloyat sobiq hokimi Turob Jo‘rayev va viloyat hokimining kapital qurilish bo‘yicha sobiq o‘rinbosari O‘tkir Abdullayevlarning qurboni deb hisoblaydi.
Joriy yilning 2 avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi Jo‘rayevni 13 yil va Abdullayevni 10 yil qattiq rejimli qamoq jasosiga hukm qilgan edi. Bu shaxslar pora olish va jinoiy faoliyatdan kelgan daromadni legallashtirishda aybli deb topildi.
Samarqandlik tadbirkor Shomurodov esa ayni shu ikki shaxs qilmilshari bois 20 yil davomida orttirgan mol-mulkidan ayrilganini aytadi:
- Ular qamaldi. Jinoyatchilar xususan mening mol-mulkimni reyderlik yo‘li bilan tortib olingani ham sudda tasdig‘ini topdi. Ammo mol-mulk qaytarilmadiku menga? Arzimagan 40 ming dollar tovon bilan yopdi-yopdi qilishmoqchi. Ishni cho‘zib-cho‘zib srok davnosti o‘tdi deb birato‘la yopishmoqchi. Adolat chala bo‘lmasin.
300 ta hujjatga bitta javob
Tadbirkor Jamshid Shomurodov o‘z haqini talab qilib huquq-tartibot organlariga murojaat qilgani va olgan javoblaridan iborat 300 ta hujjatni Ozodlikka taqdim qildi.
17 ta uyi, 18 yildan beri ishlatib kelayotgan tibbiy klinikasi uch oyda buzilib, hammasidan ayrilgan tadbirkorning qo‘lida o‘sha mulklar o‘rniga bugun ana shu hujjatlar bor xolos.
- Biz butun oilamizning topgan-tutganini harajat qilib Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi, 128-ko‘p qavatli uyning 1,2,3-qavatlaridagi kvartiralarni sotib olib (538 kvadrat metr qurilish osti maydoni, 1015 metr foydali maydon), tibbiy xizmat ko‘rsatish klinikasi ochgandik. Ammo sobiq hokim aralashuvi bilan bizning mulkimiz joylashgan Gagarin ko‘chasi 128-uy buzilib, o‘rnini “Garant quruvchi servis” olib ko‘pqavatli uy qurmoqchi.Umr bo‘yi yiqqan mablag‘larimizga olingan mulklardan mahrum bo‘lib qolaveramizmi?
Bitta yirik tibbiy klinikasi, 17 ta uyidan ajralgan tadbirkor shu mol-mulkka mutanosib tovon berilishini talab qilmoqda:
- Men qonunda ko‘rsatilgan haqimini talab qilmoqdaman. Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 21-bandi yer uchastkalari davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan uylari buzilganda ularning xohishiga ko‘ra yer uchastkasi yoki kvartira beriladi¸imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymati to‘laligicha qoplanadi¸ deyilgan. Shu bandda ko‘zda tutilgan shart bajarilsa roziman, deydi tadbirkor.