Farg‘ona viloyat, Furqat tuman Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi sudyasi Abdurasul Munojiddinov ustidan Farg‘ona viloyat prokuraturasi nazorat tartibida surishtiruv boshladi.
Munojiddinov mavjud qoidaga zid tarzda 60 yoshdan oshgan kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlab, o‘z vazifasini suiiste’mol qilganlikda ayblanmoqda.
Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan Farg‘ona viloyat prokuraturasi xodimiga ko‘ra¸ sudya Munojiddinov qamoq jazosi tayinlagan shaxsning qamoqda o‘lishi vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
10 oktabr kuni sudya Munojiddinov bilan suhbat o‘tkazilib, uning ustidan nazorat viloyat prokurori o‘rinbosari Baxtiër Ismoilov zimmasiga yuklatilgan.
Furqat tuman Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasi Abdurasul Munojiddinov joriy yil 11 sentabr kuni Beshariq tuman hokimiyati binosida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida shu tumanda yashovchi “Damas” haydovchisi bo‘lgan 61 yashar Abdurazzoq Qodirovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga (Mayda bezorilik) asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Mahkum Qodirov hukm o‘qilgan kuni O‘zbekiston tuman IIB tergov hibsxonasiga olib ketilgan va jazo muddatining sakkizinchi kuni salomatligi yomonlashgani uchun muddatidan ikki kun oldin uyiga eltib qo‘yilgan. Mahkum uyiga kelishi bilan jon bergan.
Furqat tuman sudyasi ana shu o‘limga aloqadorlikda ayblanmoqda.
Ozodlik 9 va 10 oktabr kunlari ikki marta sudya Abdurasul Munojiddinovga u mavjud qonunga zid tarzda qamagan mahkumning o‘limi borasida savollar berdi.
Abdurasulov bu savollarni diqqat va sabr bilan eshitdi, lekin javob bermadi.
Ma’muriy javobgarlik kodeksining 29-moddasiga ko‘ra, ma’muriy qamoqqa olish yoshi 60 dan oshgan kishilarga tayinlanishi mumkin emas.
Mahkum bo‘yni singani ortidan o‘ldi
Ozodlikka o‘qib berilgan sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, marhum tirikligida bo‘yni to‘mtoq jism bilan urib sindirilgan.
O‘z ismi aytilmasligini istagan O‘zbekiston tuman prokuratura xodimining iddao qilishicha, Abdurazzoq Qodirov “Bir necha operlar tarafidan kaltaklangan”:
- Qodirov hibsdaligi paytida bir necha marta hushidan ketgan. Uni kaltaklagan operlar uch marta "Tez yordam" chaqirishgan.
Safdor aybdormi?
Mahkum o‘limi ortidan tekshiruv boshlangan va mahkum Abdurazzoq Qodirovning o‘limiga aloqadorlikda gumon qilinib O‘zbekiston tuman (Farg‘ona viloyati) IIB tergov hibsxonasi noziri Iskandar Umarov 25 sentabr kechqurun hibsga olingan edi.
Ayni paytda uning ustidan jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan O‘zbekiston tumani IIB xibsxona xodimi safdor Iskandar Umarov 21-28 sentabr kunlari, ya’ni marhum Qodirov jazo o‘tayotgan paytda 3 marta smenada bo'lgan.
Tergovga yaqin bo‘lgan Ozodlik manbasiing aytishicha¸ aynan Umarovning smenasida uch marta "Tez yordam" chaqirilgan. Umarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) va 104-moddasida (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Safdor Iskandar Umarov yaqinlarining Ozodlikka shikoyat qilishicha¸ faqat bitta odamni aybdor qilish adolatdan emas. Ularning aytishicha¸ tergov faqat Umarovni ayblash bilan cheklanmoqda:
- Aslida marhumni boshqa kunlari boshqa xodimlar ham urishgan Bu haqda Iskandar tergovda aytdi. Lekin uning bu gapini prokuratura tekshirmayapti. Chunki qolganini bosdi -bosdi kilishmoqchi.
Aybdorlar jazolanadi
Farg‘ona viloyat prokuraturasi xodimiga ko‘ra¸ qamoqdagi mahkumning o‘limiga u yoki bu tarzda aloqador bo‘lgan barcha jinoyat ishi figuranti sifatida savol - so‘roq qilinmoqda.
“Tuman IIB boshlig‘iga nisbatan JKning 207- moddasi, ya’ni ishga sovuqqonlik bilan yondashish aybi qo‘yildi. Furqat tuman ma’muriy sudi sudyasini xam noqonuniy ravishda qamoq tayinlagani uchun javobgar kilish masqsadida respublikka sudyalar kollegiyasi komisiyasiga xat yuborildi” dedi prokuratura vakili.
Marhum mahkum Qodirov ishini hujjatlashtirgan Beshariq tuman IIB profilaktika inspektori O‘ktam Sapoxonovga ko‘ra¸ marhum yaqinlarining arizasiga binoan tuman prokuraturasi jasadni eksgumatsiya qilib sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazgan.