Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:31

Xo‘jaylida o‘qituvchilar ham paxtaga safarbar etildi


Bu suratni olgan xo‘jaylilik o‘qituvchi iddaosicha, Xo‘jayli tumani hokimi o‘rinbosari Quralbay Seytmuratov va tuman Xalq ta’limi bo‘limi rasmiylari 17 oktabr kuni o‘qituvchilarni paxtaga jo‘natyapti.
Bu suratni olgan xo‘jaylilik o‘qituvchi iddaosicha, Xo‘jayli tumani hokimi o‘rinbosari Quralbay Seytmuratov va tuman Xalq ta’limi bo‘limi rasmiylari 17 oktabr kuni o‘qituvchilarni paxtaga jo‘natyapti.

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi maktablar o‘qituvchilarining bir guruhi 17 oktabrdan majburan paxta terimiga chiqarilgan.

Bu haqda Ozodlikka biri biridan alohida xabar bergan maktab direktorlariga ko‘ra, har bir maktabdan yigirma o‘qituvchi darslarini boshqa o‘qituvchilarga qoldirib, dalaga chiqqan.

Tuman hokimligi rasmiylari Ozodlik muxbirining nega hukumat ko‘rsatmasiga zid ravishda o‘qituvchilar paxtaga olib chiqilgani haqidagi murojaatini e’tiborsiz qoldirdi.

Xo‘jayli tumanidagi umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari 17 oktabr kunidan paxta terimiga majburan chiqarilgani haqida ismi sir qolishini so‘ragan maktab direktorlaridan biri Ozodlikka xabar qildi:

“Tuman hokimi va uning muovini Xalq ta’lim bo‘limiga majlisga har ikki kunda chaqirib paxtaga kamida 15-20 odamdan chiqasizlar bo‘lmasa komissiya yuborib paxtaga chiqarmagan maktab direktorlarini ishdan oldiraman deb qo‘rqityapti”, dedi maktab direktori.

Ismi sir qolishini so‘ragan Xo‘jaylidagi boshqa maktabning direktori ham o‘qituvchilarni paxtaga chiqarishga tuman hokimligidan ko‘rsatma bo‘lganini tasdiqladi:

"Shu paytgacha har maktabdan farroshlarni, kutubxonachilarni, qorovullarni, kotiblarni, tex.xodimlarni chiqarib keldi. 17 oktabr kuni 18:00 da hokimiyatga barcha direktorlarni hokim o‘rinbosari Seytmuratov Qural xonasiga birma-bir chaqirib, ertaga men aytgan odamlarni ikki xissa ko'paytirasiz, bo‘lmasa har kuni kechda hokimiyatga shtabga chaqiraman deb topshiriq berdi. Shunga hozir o‘qituvchilarni ham chiqarishga majbur bo‘lyapmiz", - dedi xo‘jaylilik maktab direktori.

Ozodlik Xo‘jaylida ta’lim soxasi xodimlarining paxtaga chiqarilgani haqidagi xabarlarga izoh olish maqsadida tuman hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Qurolboy Seytmuratovning uyali telefoniga kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, lekin u bilan bog‘lanish urinishlari natijasiz qoldi.

Tuman hokimi Jengis Ermishevning yordamchisi esa Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.

​O‘zbekistonda ta’lim va sog‘liqni-saqlash sohasi xodimlarining dala ishlariga majburlanishi o‘tgan yildan taqiqlab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘tgan yil kuzida o‘tkazilgan hukumat majlisida o‘qituvchi va shifokorlarni paxtaga majburlab chiqarganlar jazolanishini aytgandi.

"Majburiy mehnat bilan bog‘liq muammolar Bosh prokuratura, Mehnat vazirligi va tashkilotlar nazoratida bo‘ladi. Bu borada ommaviy axborot vositalarining ham ko‘magiga tayanamiz.

Bu bir yilda hal bo‘ladigan muammo emas. Ayrim hokimlar, rahbarlar necha yillar davomida o‘qituvchi va shifokorlarni dalaga chiqargan, ularsiz paxta terishni hatto tasavvur ham qila olmaydi. Shuning uchun asta-sekin majburiy mehnatga barham beramiz", — deb aytgan Bosh vazir.

O‘zbekiston Bosh vaziri maktablarni hokimlar nazoratidan chiqargan va faqat Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunishini ham ta’kidlagandi.

O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Shavkatovna Mirziyoyeva esa shu yilning may oyida Facebook sahifasida qilgan bayonotida o‘quvchilar va o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilishini "barkamol avlodni tarbiyalashda eng ko‘p tashvishga solayotgan besh muammoning biri" sifatida tilga olgan edi.

Lekin, shunga qaramasdan, o‘qituvchilarning mahalliy hokimlar tomonidan majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqida Ozodlikka xabarlar kelishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG