Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:51

5 o‘quvchi gepatitga chalindi - Qo‘qondagi maktab yarim kunga yopilib, dezinfeksiyalandi


Qo‘qon shahridagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktab
Qo‘qon shahridagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktab

Qo‘qon shahridagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabi shanba, 26 oktabr kuni tushdan keyin dezinfeksiya uchun berkitildi. Maktab direktoriga ko‘ra, darslarning bekor qilinishiga 5 o‘quvchining gepatit “a” va bir o‘quvchining diareyaga chalingani sabab bo‘ldi. Direktor maktabda darslar Farg‘ona viloyat Sanitariya-epidemiologiya stansiyasi talabi bilan to‘xtatilganini aytdi.​

21-o‘rta ta’lim maktabi direktori Durdona Qosimovaning ma’lum qilishlicha, oktabr oyi davomida u boshqarayotgan maktabning 4-5-6 sinflarida jami besh nafar o‘quvchi sariq kasaliga va yana bir o‘quvchi diareyaga chalingan.

-Bizda diareya kasalligi bir sinfda, keyin beshta o‘quvchi sariq kasalligiga chalingani sababli xat bilan xalq ta’limi boshqarmasiga chiqib, bildirgi asosida (darslarni to‘xtatishni- Ozodlik) so‘radik. Soat 15:30da dezinfeksiyadan odam keldi, soat 16:00 da xonalarni bo‘shatib berdik. Dezinfeksiyasini qilib ketdi, – dedi Durdona Qosimova.

Maktab direktorining aytganlarini Qo‘qon shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudiri muovini Ziyoda Madaminova ham tasdiqladi:

- Bizni juma kuni ogohlantirishdi. Chunki, o‘tgan hafta SESdagilar: kasallik ko‘paygani uchun dezinfeksiya qilishimiz kerak, deyishgan ekan. Bu shanba meni to‘liq dezinfeksiya qilamiz, deb ogohlantirishdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Durdona Qosimova maktabda o‘quv jarayonini “qisqartirish”ni so‘rab xalq ta’lim bo‘limi nomiga maktub ham yo‘llagan.

Ozodlik so‘rovi bilan Durdona Qosimova o‘zi tomonidan Xalq ta’limi bo‘limi mudiri nomiga yo‘llagan maktubi nuxsasini taqdim qildi.

Qo‘qon XTBga yo‘llangan maktub
Qo‘qon XTBga yo‘llangan maktub

Direktor Durdona Qosimovaning qo‘shimcha qilishicha, ayni maktabda dezinfeksiya ishlari talabalarning yozgi ta’tili chog‘ida ham o‘tkazilgan.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan 21-o‘rta ta’lim maktabining ikki nafar o‘qituvchisi dezinfeksiya bahonasida darslarning to‘xtatilganiga e’tiroz bildirdi.

"Biz o‘zimiz ham hayron qoldik. Qandaydir boshqacha tuyuldi. Chunki sanepidstansiyadan dezinfeksiya qiladi, deb direktor shaxsan o‘zi ikkinchi smena o‘qituvchilari va o‘quvchilariga javob bergan ekanlar. Ammo, maktab - muqaddas dargoh. U yerda darslar umuman to‘xtatilmasligi kerak," dedi ko‘p yillardan buyon ayni maktabda ishlayotgan o‘qituvchilardan biri.

Qo‘qon shahar Xalq ta’limi mudiri Ziyoda Madaminovaning aytishicha, yuqumli kasalliklarning tarqalishi shahar maktablarida ilk marotaba kuzatilmoqda.

U shahardagi boshqa maktablarda dezinfeksiya ishlarini o‘tkazish rejasi yo‘qligini aytdi.

21-o‘rta ta’lim maktabi Qo‘qondagi ilg‘or maktablardan biri hisoblanadi.

Maktabda 2353 o‘quvchi rus va o‘zbek tillarida ta’lim oladi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchilardan biri so‘zlariga ko‘ra, rus tili sinflarining ham borligi bu maktabda ta’lim olishni istagan talabgorlar sonining yildan yilga ortayotganiga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG