Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:41

Namanganda ovoz kuchaytirgichda azon aytish to‘xtatildi. Andijon va Farg‘onaga ham tavsiya berilgan


G‘ozi Muhammad hoji jome masjidi
G‘ozi Muhammad hoji jome masjidi

Namangan shahridagi masjidlarda joriy haftada azonni ovoz kuchaytirgichlar orqali aytish to‘xtatildi. Bu haqda namanganlik diniy faol Abbos Asad Ozodlikka bildirdi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xodimining Ozodlikka aytishicha, idora ovoz kuchaytirgichlardan foydalanmaslikni tavsiya qilgan.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 4 sentabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan maxfiy qarorida azon ovozini cheklash bo‘yicha vazifalar belgilangan.

O‘zini "diniy faol" atagan namanganlik Abbos Asadning Ozodlikka aytishicha, ovoz kuchaytirgichlardan foydalanish to‘xtatilganiga 30 oktabr kuni "3-4 kun bo‘ldi":

- Namangan viloyat imom-xatibi buyrug‘iga asosan shahar masjidlaridagi tashqi ovoz kuchaytirish karnaylari o‘chirib qo‘yildi va natijada 3-4 kundan beri azon tovushlari shahar uzra taralmay qolgan. Shahardagi masjidlardan biridagi muazzinlaridan biri bilan dafn marosimida suhbatlashib qolib, nega azon tovushlari yangramay qoldi, shahardagi barcha masjidlarda ahvol shunaqami, kabi savollarni berdim. Uning aytishicha, kimlardir azon ovozi baland yangrayotganidan rasmiylarga shikoyat qilgan ekan.

Ozodlik muxbiri diniy faol Abbos Asad aytayotgan Namangan viloyat imom-xatibi Abdulhay Tursunovning ovoz kuchaytirgichlardan foydalanishni to‘xtatish to‘g‘risidagi buyrug‘ini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani yo‘q. Viloyat bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunovdan Ozodlik bu borada munosabat ola olmadi.

Ozodlik muxbiri Namangan shahridagi G‘ozi Muhammad hoji jome masjidiga namoz arafasida borib, tomdagi ovoz kuchaytirgichlardan azon ovozi eshitilmaganiga shaxsan guvoh bo‘ldi.

G‘ozi Muxammad xoji jome masjidi tomidagi karnay
G‘ozi Muxammad xoji jome masjidi tomidagi karnay

Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan namozxonlar azon ovoz kuchaytirgich orqali taralmayotganidan tashvish bildirdi. Ammo ular o‘z ismi bilan Ozodlik orqali shikoyat qilishdan tiyildi.

Namanganlik diniy faol Abbos Asad
Namanganlik diniy faol Abbos Asad

Musulmonlar idorasi tavsiya bergan

O‘zbekiston Musulmonlari idorasining mulozimining (matbuotga gapirish vakolatlari doirasiga kirmagani uchun ismi sir qolishini so‘radi) aytishicha, Namangan¸ Farg‘ona¸ Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida azon ovozidan rohatsiz bo‘lganlar shikoyat yozgan. Bu shikoyat ortidan masjidlarga o‘ta baland ovozda azon chaqirmaslik haqida tavsiya qilingan.

Maxfiy qarorda azon yuzasidan ham vazifa belgilangan

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 4 sentabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan maxfiy qarorida azon ovozini cheklash bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan hujjatda Sog‘liqni saqlash vazirligiga "Azon shovqini detsibellarining inson sog‘lig‘iga zidligi borasida aniq xulosa va takliflar berish" yuklatilgan.

"Azon-karnay" tarafdorlari va unga qarshilar

Joriy yil yozida tarmoqda tarqagan videoda Toshkentdagi Yunusobod jome masjidiga kirib kelgan o‘zbek ayol azon ovozi kasal eriga yomon ta’sir qilgani borasida jiddiy e’tiroz bildirgani aks etgan edi.

Videodagi ayol azon ovozini pasaytirish uchun turli idoralarga shikoyat yozganligini ham aytgandi.

Namanganlik diniy faol Abbos Asadning viloyat imom-xatibidan azon tovushlarini o‘chirish to‘g‘risidagi buyruq bekor qilinishini talab qilganini aytdi:

- Karimovning o‘limidan so‘ng yurtimiz musulmon o‘lkasiga o‘xshab qolganidan quvonib ketgan edim. Endi bo‘lsa, 3 kun bo‘libdiki, azon tovushlari eshitilmay qoldi. Har kuni erta tongda subhi-sodiq kirishi bilan o‘zim hovliga chiqib olib, bor ovozimda azon chaqirib turibman.

Andijonlik 22 yashar tadbirkor Olim Nurmatov azon ovozi radiokarnaydan chiqmayotganini Ozodlik bilan suhbatda olqishladi:

- Umuman davlatimizda qonun bor, har qanday shovqinning o‘z chegarasi bor. Azonning ovozidan uxlay olmaydigan bemorlarni xam o‘ylash kerak. Yaxshi ish bo‘libdi.

Farg‘ona shaxrida tarix bo‘yicha magistraturada o‘qiyotgan 26 yashar Dilnoza Jamoliddinovaning aytishicha, azon ovozi yoqmaydiganlar bor¸ ammo ular nolisak gunoh bo‘ladi, deb e’tirozini ichida saqlaydi:

- Buni (azon ovozi cheklanishini-tahr) albatta oqlayman. Har bir diniy odat yoki ritual boshqa din vakillariga, yoki boshqa aholi qatlamiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Shaxsan o‘zim azon ovozidan ham, cherkov qo‘ng‘iroqlari sasidan ham qo‘rqaman. Bunday ovozlar ayniqsa, uyida bemori bor yoki yosh bolali oilalarga yoqmasligi tabiiy. Faqat e’tiqod masalasida qo‘rqqanliklari uchun hech kimga shikoyat qilishmaydi, musulmoncha mentalitet, xuddiki nolisa "gunoh bo‘ladi".

Bir qadam olg‘a ikki qadam orqagami?

O‘zbekistonning yaqin o‘tmishi bo‘lgan "Karimov davri"da masjidlardan ovoz kuchaytirgichlar olib tashlangan edi. Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgan 2016 yildan boshlab ba’zi masjidlar¸ xususan Toshkent shahridagi Ko‘kcha masjidida azon ovoz kuchaytirgichlar yordamida aytila boshlagan edi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 2037 ta masjid bor. Ularda jami 5 mingdan ortiq imom va imom noiblari ishlamoqda.

XS
SM
MD
LG