Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:27

Chegarachilar 2 yigitni beysbol tayog‘i bilan kaltakladi, DXX ular buyruqqa bo‘ysunmaganini bildirdi


Ijtimoiy tarmoqda 12 noyabr kuni tarqalgan videodan olingan kadr.
Ijtimoiy tarmoqda 12 noyabr kuni tarqalgan videodan olingan kadr.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda qora niqobli qurollangan askar​lar ikki erkakni beysbol tayog‘i bilan kaltaklayotgani aks etgan.

Ozodlik videoda aks etgan voqea Farg‘ona viloyat, Farg‘ona tumanining Qirg‘iziston chegarasiga tutash Hosilot aholi punktida 10 noyabr kuni sodir bo‘lganini aniqladi.

Kaltaklangan yigitlar Hosilot aholi punktida yashovchi 22 yoshli kirakash Umidjon Saidjonov va uning 23 yoshli sherigi Abdurasul Fozilov​lardir.

Kaltaklanish oqibatida Farg‘ona tuman kasalxonasiga yotqizilgan Saidjonov va Fozilovlar Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari ularni sababsiz kaltaklaganini 13 noyabr kuni Ozodlikka aytishdi.

Ayni paytda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati ham 12 noyabrda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video yuzasidan bayonot chiqardi.

Bayonotda Saidjonov va Fozilovlar chegaraoldi hududidan "Nexia" mashinasida o‘tayotganlarida chegara naryadining "to‘xta" buyrug‘iga bo‘ysunmaganliklari bois chegarachilar ularga nisbatan kuch qo‘llashga majbur bo‘lganliklari aytiladi.

Ijtimoiy tarmoqda 12 noyabr kuni tarqalgan bu videoda qora niqobli qurollangan askar​lar 22-23 yoshlardagi ikki erkakni haqoratli so‘zlar bilan ayovsiz kaltaklayotgani aks etgan. Yuziga qora niqob tortgan harbiylardan biri "nima deyapsan, nima x..et qilyapsan, q...q, og‘zingga s...y" deb erkaklardan biri qorniga musht tushiradi, tizzasi bilan yuziga tepadi.

Yana bir qurollangan harbiy erkakning yelkasiga beysbol tayog‘i bilan tushiradi.

Shu payt kadr ortida dod-voy ovozlari eshitiladi.

Kaltaklanish oqibatida jabrlanib Farg‘ona tuman kasalxonasiga yotqizilgan Umidjon Saidjonov uni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari kaltaklashgani haqda Ozodlikka mana bunday dedi:

Mashinani tekshirtirmay qochding" deb ura boshlashdi. Dubinka bilan boshimga urdi, o‘shandan beri hech narsani bilmayman.

- Onam bilan patir olgani sentrga borayotuvdik. "Mashinani tekshirtir" dedi. "Orqadagi sideniyani ko‘tar" dedi, ko‘tardim. "Sideniyani yech" dedi. "Unga klyuch kerak, boltda qotirilgan" dedim. "Ochasan" dedi. "Ochishni iloji yo‘q" dedim. "Mashinani chekkaga ol", dedi. Mashinani chekkaga olib narigi tomondan uyimizga qaytib keldim. Sal nariroqda uyim, onamni va patirlarni uyga tashlab sherigim bilan qaytib bordik. "Mashinani tekshirtirmay qochding" deb ura boshlashdi. Dubinka bilan boshimga urdi, o‘shandan beri hech narsani bilmayman.

23 yoshli Abdurasul Fozilov ham Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uni kaltaklashi oqibatida tan jarohatlari olgani va Farg‘ona tuman kasalxonasida muolaja olayotganini aytdi:

- Videodagi qorniga tepilgan, yelkasiga dubinka bilan urilgan men bo‘laman. Yelkamda og‘riqlar, qattiq jarohat izlari qolgan. Men Umidjon bilan birga mashinada edim. Meni ham mashinadan tushirib hech qanaqa sababsiz kaltaklashdi, hozir yelkalarim ko‘kargan, tuman shoshilinch kasalxonasida yotibmiz.

Umidjon Saidjonov Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari chegaradan o‘tayotgan, shubhali ko‘ringan odamlarni kaltaklashi, haqoratlashi deyarli har kuni ro‘y berishi, chegarachilarning bu bedodligini fosh qilish maqsadida ular paytdan foydalanib, kaltaklash sahnasini videoga olib, tarmoqda tarqatishganini aytdi:

- Biz shunday bo‘lishini oldindan bilganmiz. Shuning uchun men telefonimni mashinamda ochiq qoldirdim. Keyin videoni tarqatib yubordik, hamma ko‘rsin chegarada nimalar bo‘layotganini.

"Chegarachilar buyrug‘iga bo‘ysunishmagan"

O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik xizmati 12 noyabrda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video yuzasidan chiqargan bayonotida Saidjonov ham, Fozilov ham chegarachilarning to‘xta degan buyrug‘iga bo‘ysunmaganliklari aytiladi.

Bayonotda aytilishicha, chegaraoldi hududida avtoulovlarni tekshiruvdan o‘tkazayotgan chegarachilar naryadi mazkur hududda harakatlanayotgan "Neksiya-2" mashinasini to‘xtatmoqchi bo‘lishganida avtomashina katta tezlikda g‘oyib bo‘lgan.

Biroz vaqt o‘tib voqea joyiga yetib kelgan ikkala yigit nizo keltirib chiqargan, chegarachilarni haqorat qilgan.

"Saidjonov Umidjon Xoldorali o‘g‘li va Fozilov Abdurasul Ma’rufjon o‘g‘li "Nexia-2" rusumli avtomobilda ketayotib, to‘xtash buyrug‘i talablariga e’tibor bermay, chegaradan o‘tishga urinish nayrangidan foydalanib, yuqori tezlikda g‘oyib bo‘lishdi.
Biroz vaqt o‘tgach, bu fuqarolar orqaga qaytib, chegarachilarning yonida to‘xtab, to‘qnashuvni boshladilar, chegarachilarni haqorat qildilar va harbiylarning qonuniy talablarini mensimay qonunbuzarlik sodir etishdi", -
deyiladi DXX bayonotida.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati bayonotida aytilishicha, Saidjonov Umidjon Xoldorali o‘g‘li va Fozilov Abdurasul Ma’rufjon o‘g‘li "O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida" gi qonunining 43- moddasi va "O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida" gi qonunning 44-moddasini buzganlar.

"Tartibini buzuvchilar, Saidjonov Umidjon Xoldorali o‘g‘li va Fozilov Abdurasul Ma’rufjon o‘g‘li jismoniy kuch ishlatilgan holda ushlangan. Hibsga olingandan keyin ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari, shuningdek avtoulovni boshqarish huquqidagi hujjatlar yo‘qligi aniqlandi", - deyiladi DXX bayonotida.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati bayonotida Umidjon Saidjonov kontrabanda bilan bundan oldin ham qo‘lga tushgani va jarimaga tortilgani aytiladi.

"Yaqinlarimiz prokuraturaga arz qildi"

Saidjonov ham, Fozilov ham DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari kaltaklagani haqida yaqinlari tuman prokuraturasiga arz qilishganini aytdi.

Farg‘ona tuman prokuraturasidan Ozodlik izoh ololmadi.

XS
SM
MD
LG