Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:20

Chimkentlik vrach o‘zbekistonliklar organlarini kesib, sotganlikda gumon qilinib qo‘lga olindi


Illyustrativ surat (Chimkentdagi voqeaga aloqasi yo‘q)
Illyustrativ surat (Chimkentdagi voqeaga aloqasi yo‘q)

Chimkent shahridagi (Qozog‘iston) klinika bosh vrachi odamlar, jumladan o‘zbekistonliklar organlarini noqonuniy olib, badavlat chet elliklarga pullaganlikda gumon qilinib, politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bosh vrach bu jinoyatga xalqaro jinoiy guruh tarkibida qo‘l urgan.

18 noyabrda Chimkent shahridagi 1- klinik shifoxonasi bosh vrachi Abilay Donbay politsiya xodimlari tomonidan hibsga olindi.

Qozog‘iston IIV matbuot xizmatining Ozodlikka bergan rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, bosh shifokorga inson ichki a’zolarini noqonuniy olish ayblovi qo‘yilyapti.

- Unga Kozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 264- moddasi 2- qismi, ya’ni “Transmilliy jinoiy guruhda ishtirok etish” va 116- moddasi 3- qismi – “Odam organlarini noqonuniy tarzda olish” asosida jinoyat ishi ochildi. Hozircha u bir o‘zi qo‘lga olingan. Biroq, jinoiy guruhning boshqa ishtirokchilari ham aniqlangan, - dedi Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Jumagul Abdukarimova.

Abilay Donbay qo‘lga olinib, vaqtincha saqlash izolyatoriga kiritilgani aytildi.

Dastlabki tergov davomida Qozog‘iston hududida jinoiy guruh harakat qilgani, ular odam a’zolari transplantatsiyasi sohasida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangani aniqlangani bildirildi.

Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2017-18 yillar davomida Qozog‘istonda faoliyat yuritib kelgan jinoiy guruhga chet el fuqarolari ham kirgan.

Qozog‘iston IIV rasmiy bayonoti.
Qozog‘iston IIV rasmiy bayonoti.

Donor sifatida moddiy sharoiti og‘ir bo‘lgan va o‘z a’zolarini sotishga majbur bo‘lgan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ukraina fuqarolari jalb etilgan. Organlarni, xususan, odam buyragini chet mamlakatlarning puldor grajdanlari sotib olgani aniqlangani xabar qilindi.

Tergovchilar shifoxona bosh vrachi jinoiy guruh a’zolari bilan til biriktirib, katta pul evaziga ichki a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirganini aniqlagani aytilmoqda.

Tergov taxminlariga binoan, Abilay Donbay jinoyatga aloqadorlikda gumonlanayotgan boshqa shaxslar ko‘magida, Qozog‘istonda odam organlari oldi-sotdisiga taqiq borligiga qaramasdan, katta miqdordagi to‘lov evaziga buyraklarni kesib olish va ko‘chirish bo‘yicha ko‘plab jarrohlik amaliyotlarni o‘tkazgan.

37 yoshli Donbay Qozog‘istonning eng yosh transplantologlaridan ekani, u Moskvaning Sklifosovskiy ilmiy-tadqiqot institutida va Janubiy Koreyada tahsil olgani ma’lum.

Politsiya boshqarmasida Ozodlikka bu vrachlar dastidan qancha kishi, shu jumladan necha o‘zbekistonlik jabrlangani borasida ma’lumotlar tergov yakunlanmagani bois sir tutilayotganini bildirishdi.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi vakili bundan oldinroq transmilliy jinoiy guruhda ishtirok etganlikda hamda odamlarning a’zolarini noqonuniy olganlikda ayblanib, vrach-transplantolog G‘ani Quttimurotov va Qirg‘iziston grajdani bo‘lgan B.G. Taysalova hibsga olinganini ma’lum qildi.

Ayni vaqtda tergov harakatlari yakuniga yetib, jinoyat ishi sudga oshirilishi kutilmoqda.

Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, vrachlar aybi sudda o‘z isbotini topsa, ularga 8 yildan 12 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG