Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:37

OzodTa'sir: Bemorlarga muddati o‘tgan dorilar bergan bosh hamshira ishdan olindi


Muddati o‘tgan Aloe dorisi
Muddati o‘tgan Aloe dorisi

Buxoro shahridagi “Muruvvat” ayollar internat uyidagi bemorlarga yillar davomida muddati o‘tgan dorilar berib kelgan bosh hamshira Gulshan Rahmatova ishdan olindi.

Internatdagi bemorlar oziq-ovqati, kiyimi va ko‘rpa-to‘shagiga e’tiborsiz bo‘lgan xo‘jalik bekasining ishda qolish-qolmaslik masalasi u mehnat ta’tilidan qaytganidan so‘ng ko‘rib chiqiladi.

Bu haqda Ozodlikka internat hamshiralari ma’lum qildi.

Ozodlik 8 noyabr kuni Buxoro shahridagi “Muruvvat” ayollar internat uyida bemorlar muddati o‘tgan dorilar bilan muolaja qilingani, ularning ikki xil paypoq, eski kiyimlarda yurganligi, yotar joylarining yirtiq va kir-chir ekanligi haqida "Buxorodagi “Muruvvat” uyi hamshiralari nogironlarga muddati o‘tgan dorilar berilganini iddao qildi" sarlavhali maqola bergan edi.

Internat hamshiralaridan birining aytishicha, maqola e’lon qilingan kunning ertasiga internatga Sog‘liqni saqlash vazirligidan, viloyat boshqarmasidan tekshiruvchilar kelgan:

Bemorlarga yangi kiyimlar berildi, ularning eski ko‘rpa to‘shaklari yangilariga almashtirildi.


"Bosh hamshirani ishdan olishdi. Hozir oddiy hamshira bo‘lib faqat tungi smenaga chiqyapti. O‘rniga Zarifa Rajabova degan yaxshi ayol bosh hamshira bo‘ldi. Hozir muddati o‘tgan dorilar hammasi olib tashlandi. Bemorlarga yangi kiyimlar berildi, ularning eski ko‘rpa to‘shaklari yangilariga almashtirildi. Ovqat sifati ham avvalgidan ancha yaxshilandi. Jamoadagi ichki konflikt yo‘qoldi, hamma osuda ishlamoqda. Xo‘jalik bekasining ishda qolish yoki qolmaslik masalasi u mehnat ta’tilidan qaytganidan so‘ng hal etilar ekan".

Ismi sir qolishini so‘ragan hamshiralardan birining 8 noyabrda Ozodlikka aytishicha, qimmat dorilarning talon-toroj qilinishi, bemorlar oziq-ovqati sifatining yomonligi, ko‘rpa yostiqlarning kir, yirtiqligi haqida ular Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga shikoyat qilganidan so‘ng, may oyida tekshiruv o‘tkazilgan. Lekin asosiy aybdorlar ishdan olinmagan:

“Bosh hamshira bizlarga qanaqadir yo‘q qimmat dorilarni qildik deb bemorlarni nomiga yozdirib olardi. Bular bu dorilarni aptekadan olishganmi yoki yo‘qmi, buni bilmaymiz. “Mana shu muddati o‘tib ketgan “Aloe” ukoli yaqinda to‘xtatildi. Uzog‘i bilan ikki haftacha bo‘ldi. Biz rasmga oldik eski dorini. Avgust oyida uchta o‘lim bo‘ldi, keksalik, kasallik deb yopib yuborishdi. Ularga ham muddati o‘tgan ukollar qilingan. Lekin, eski dorilar ularni o‘limiga ham sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Buni endi hech kim bilmaydi”.

Internatda 250 nafar nogiron ayol yashab, davolanadi.

Ularning aksarini ruhiy xastaligi bor ayollar tashkil etadi.

Ularga kechayu-kunduz 157 nafar hamshira va sanitarkalar navbati bilan qaraydi.

XS
SM
MD
LG