Toshkent shahar va Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan shirkat va xususiy tadbirkorlardan qator soliqlar kabi daromad solig‘ini ham oldindan to‘lash so‘ralmoqda.
Avvaliga “iltimos” shaklida aytilgan summa to‘lanmagan taqdirda¸ Ozodlikka murojaat qilgan kompaniya va tadbirkorlarga ko‘ra¸ turli bahonalar bilan ular bank hisobidan yechib olinmoqda.
Soliq inspektorlaridan biri¸ “byudjet tushumlari bo‘yicha belgilangan rejani bajara olmayotgan og‘ir tumanlarda”¸ daromad solig‘ini oldindan to‘lash bo‘yicha kompaniya va tadbirkorlarga bosim bo‘layotganini tan oldi.
Soliq qo‘mitasining Ozodlik gaplashgan rasmiylari¸ bunday to‘lovlarning ixtiyoriy ekani¸ soliq xodimlarining yakka tadbirkor yoki yuridik shaxs hisobiga daxl qilish vakolati yo‘qligini bildirdi.
“Byudjet xaltasi yana teshik...”
Toshkent shahridagi to‘rt shirkat vakili 2019 yil tugamay turib yil oxirigacha barcha turdagi soliqlar¸ xususan¸ daromad solig‘ini to‘liq to‘lash borasida bosim bo‘layotganini xabar qildi.
Soliqchilar qahriga uchrashdan cho‘chigan ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya vakillari¸ shirkat va o‘z nomlari sir qolishini so‘radi.
“Bizga nalogovoy chiqayaptida¸ “avans to‘lovi”¸ ya’ni soliqni oldindan to‘lab beringlar¸ deyapti. Ularga ko‘ra¸ sabab bitta byudjet chokidan yirtilayapti”¸ dedi Toshkent shahrining Olmazor va Chilonzor tumanlarini tilga olgan shirkat (yuridik shaxs) vakillari.
Har qanday tadbirkorlik sub’ekti daromadini o‘z biznesini kengaytirishga sarflashni afzal bilishini aytgan Ozodlik suhbatdoshlari daromad solig‘ini oldindan to‘lashni biznes uchun to‘siq sifatida izohladi.
“Hech kim hali boshlanmagan dekabr oyi uchun olmagan daromadidan soliq to‘lashni istamaydi. Har qanday ishlab chiqaruvchi daromad ko‘rsa¸ uni o‘z proizvodstvosini kengaytirishga sarflashni xohlaydi. Bular esa¸ byudjet tushumlari bo‘yicha bizga berilgan plan to‘lmayapti¸ deb u yer bu yerdan bahona topib¸ hisobimizdan pulni baribir yechib olishadi”¸ dedi Toshkentdagi shirkatlardan biri hisobchisi.
“Andijonda tadbirkor hisobidan soliqni yechib olishmoqda”
Ozodlikka bog‘langan Toshkentdagi shirkat vakillari¸ kelasi oy uchun daromad solig‘ini oldindan to‘lash hozircha iltimos shaklidaligini aytsa¸ Andijondan xabar yo‘llagan tadbirkor¸ o‘z hisobidan soliqchilar pul yechib olganini iddao qildi.
“Ruxsatsiz pul yechish masalasida xabaringiz bormi-yo‘qmi? Andijon Soliq boshqarmasi tadbirkor (M.Ch.J) lar hisobidan pullarini asossiz ravishda keyingi oylarga soliq hisobida olib qo‘yayapti. Qaroqchilikning yangi turimi bu? O‘z pulingga o‘zing xo‘jayinchilik qilolmasang¸ alam qilarkan. Pulim nega asossiz olindi¸ degan savolga bular keyingi oy solig‘ini oldik¸ deyapti. Bular yilni ochko yig‘ib yopib olishmoqchi kamomadlarsiz. Tovonini yana tadbirkor to‘layapti”¸ dedi Andijondagi qurilish shirkati vakillaridan biri.
Ozodlik¸ keyingi oy daromad solig‘ini oldindan to‘lash so‘ralayotgan yoki bunday soliq yechib olinganini iddao qilgan shirkat vakillari so‘rovi bilan ular nomlarini oshkor qilmagan holda¸ Soliq qo‘mitasidan bu xabarlarga izoh olishga urindi.
Qo‘mitaning Ozodlik gaplashgan rasmiylari¸ mol-mulk¸ yer solig‘idan farqli daromad solig‘ini oldindan to‘lashning ixtiyoriy ekanini bildirdi.
“Agar yudirik shaxs yoki yakka tadbirkorning soliqdan qarzi bo‘lsa¸ uni undirish tartibi bor va bunday hollarda ular hisobidan to‘lanmagan qarzni undirib olishga ruxsat bor. Lekin hali kelmagan oylar daromad solig‘ini oldindan to‘lash ixtiyoriy va soliqchilar bunday soliqni shirkat yoki tadbirkor bank hisobidan o‘zicha yechib ololmaydi”¸ dedi Davlat soliq qo‘mitasining Ozodlik bog‘langan mutaxassislari.
“Planni bajarmagan ishdan haydaladi”
Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan viloyatdagi soliq inspektorlaridan biri¸ “byudjet tushumlari bo‘yicha belgilangan rejani bajara olmayotgan og‘ir tumanlarda”¸ daromad solig‘ini oldindan to‘lash bo‘yicha kompaniya va tadbirkorlarga bosim bo‘layotganini e’tirof qildi.
“Bizga plan berilgan. Yil tugayapti¸ berilgan reja bajarilmasa¸ kallamiz ketadi. Prezident soliq tushumlarini ta’minlay olmaganlarni o‘tmishda qanday jazolaganini ko‘rgansiz. Shunga hozir¸ ayniqsa¸ hududimizdagi yur.litsolarga yalinib yuribmiz¸ oldindan to‘langlar deb”.
Prezident qahriga uchragan soliqchilar
Joriy yilning 4 aprel kungi videoselektorda davlat byudjetiga soliq tushumlari bo‘yicha belgilangan reja bajarilmagani uchun ayniqsa¸ Toshkent shahri¸ xususan esa¸ Shayxontohur tumani prezident Mirziyoyevning keskin tanqidiga uchragan edi.
Bu tanqid ertasiga mazkur tuman soliq inspeksiyasining 133 nafar xodimi yoppasiga ishdan bo‘shatilgan¸ tuman inspeksiyasi sobiq rahbarlariga jinoyat ishi ochilgan edi.
4 aprel kungi tanqidlar ortidan Toshkentdagi yetti tuman barobarida Samarqand va Andijondagi qator tuman soliq idoralari rahbarlari ham ishdan olingan¸ maxsus qaror bilan soliq tizimining 13 ming xodimini attestatsiyadan o‘tkazish jarayoni boshlangan edi.