Farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimovaning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi ortidan butun Shirmon qishlog‘iga uch kundan buyon elektr toki uzluksiz berilmoqda.
21 noyabr kuni jurnalist fonar yorug‘ida dars qilayotgan bolalarining videosini Facebook sahifasida e’lon qilgan edi.
Shu kunlarda O‘zbekistonda havo harorati o‘ta sovib, ayrim hududlarda qor yoqqach, elektr va gaz taqchilligi yana asosiy muammoga aylandi.
Sharifa Madrahimova 21 noyabr kuni Facebook sahifasida fonar yorug‘ida dars qilayotgan bolalarining videoni e’lon qildi.
Bu videoga jurnalist quyidagi matnni ilova qildi: "Uchko‘prik tuman hokimi qo‘ng‘iroq qilib qarzdorlik ko‘payib ketganligini, qarzdorlikni undirishga yordam bersam umuman svet o‘chmasligini aytdi. Shanba-yakshanba kunlari uyma-uy yurib qarzdorlikni undirishga MIBchilarga yordam berishimni aytdim. Svet 25 daqiqa yondi va yana o‘chdi. Mana yana yarim soatdan buyon svet yo‘q. Biz qaysi asrda yashayapmiz?"
Madrahimovaga ko‘ra, uning shu videosi sahifasi va ortidan qator Internet nashrlari, xususan Ozodlikda e’lon qilinganidan yarim soat o‘tar-o‘tmas, "Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" aksiyadorlik jamiyatidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
Bir yarim soat ichida esa korxona xodimi tumandagi elektr tarmoqlari korxonasi vakili bilan jurnalistning uyiga borgan.
- Shunaqa svet juda ko‘p o‘chayapti, hatto ovqatlana olmayapmiz, bolalarimiz dars qila olmayapti, dedim. "Unda masalani borib, o‘sha joyida hal qilamiz", dedi "Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" matbuot kotibi. "Uka, hozir sovuq, ovora bo‘lib kelib yurmang", desam ham keldi u bola. Xullas, o‘shandan beri svet, hatto 5 minutga bo‘lsin, o‘chmadi, shukr. Shu videoni tarmoqda e’lon qilganim uchun shunday bo‘ldi, shekillida. Shundan keyin, tarmoqda yana post qoldirdim: "Ey odamlar, uyimda chiroq yondi, o‘chmayapti, sizlar ham talab qilishni o‘rganinglar!" deb yozdim yana. Lekin, oddiy xalqqa farqi yo‘q - sveti o‘chadimi-gazi o‘chadimi. Bo‘lmasa, bir oy yugurdim, biror qo‘shni chiqib, haqqini talab qilmadi men bilan birga, - deydi jurnalist.
Shu kunda O‘zbekistonning aksari hududlarida havo sovib ketdi. Ayrim hududlarda qor yog‘di.
Ozodlikka mamlakat turli burchlaridan - elektr tokining tez-tez uzilayotgani, aksar viloyatlarda tabiiy gaz umuman berilmayotgani, aholining asosiy qismi o‘tin va ko‘mir yoqib isinayotganidan shikoyatlar kelmoqda. Sharifa Madrahimova ham o‘tin yoqib isinayotganini aytmoqda.
Ayni paytda, jurnalistning aytishicha, Uchko‘prik tumanida aholi va davlat idoralariga elektr toki yetkazib beradigan alohida liniyalar bor va davlat idoralariga ulangan liniyada tok uzilmayotir.
- Bulardan biri davlat idoralarini ta’minlaydigan liniya - biz "Kamolot" liniya, deb qo‘yamiz. Unda chiroq o‘chmaydi, lekin kuchlanish pastroq. Unga faqat davlat idoralari, banklar, kasalxonalar ulargan. Bularni orasida bir necha aholi uylari ham ulangan bo‘lishi mumkin. Lekin aholinikida uziladi, - deydi jurnalist.
Quyida jurnalist bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin: