Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:05

IIV mulozimi: Jinoyatchilikni kamaytirib ko‘rsatish uchun birgina Farg‘ona shahrida 100 dan oshiq o‘g‘rilik qayd etilmagan


Ichki ishlar xodimlari Qur’onga qo‘l qo‘yib poraxo‘rlik qilmaslik¸ o‘z vazifasini sitqidildan ado etish haqida qasamyod qilmoqda.
Ichki ishlar xodimlari Qur’onga qo‘l qo‘yib poraxo‘rlik qilmaslik¸ o‘z vazifasini sitqidildan ado etish haqida qasamyod qilmoqda.

25 noyabrda, Farg‘onadagi huquq tizimi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yangi o‘rinbosari Azizbek Ikromov viloyatga safar qilgan.

Bir necha kun avval esa, Ichki ishlar vazirligining o‘rta bo‘g‘in amaldorlaridan biri iddaosicha¸ prezident davlat maslahatchisining Farg‘onada o‘tkazgan sayyor qabullari davomida viloyatda yuzlab mayda jinoyatning ro‘yxatga olinmagani fakti aniqlangan.

Yuzaga chiqqan jiddiy raqam ortidan prezident administratsiyasi va prokuratura xodimlaridan iborat maxsus guruh viloyatda tekshiruv o‘tkazgan.

«Tekshuruv natijasida o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlarini ro‘yxatga olishni taqiqlagan boshliqlar qolib¸ buyruqni bajargan oddiy IIB xodimlarini namoyishkorona jazolashmoqchi»¸ dedi bu xabarni yuborgan tizim vakili.

Mavzuni o‘rganish davomida Ozodlik gaplashgan ichki ishlar tizimining boshqa viloyatlardagi vakillari o‘z hududlarida ham ayni jarayon borayotganini bildirdi.

IIV¸ xususan¸ Farg‘ona viloyati IIBning Ozodlik bog‘langan rasmiylari bu masalada O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tmagan jurnalistlarga "hech qanday ma’lumot berilmasligi"ni ta’kidladi.

«Farg‘onada jinoyatchilikni bekitish avjga chiqqan»

Ozodlikka shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab ma’lumot yuborgan ichki ishlar tizimi rasmiysiga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Farg‘onada o‘tkazgan xalq qabullari davomida jinoyatchilikka oid «qo‘rqinchli raqamlar» fosh bo‘lgan.

«16 noyabr kuni prezident maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov Farg‘ona viloyat Bog‘dod tumanida sayyor qabul o‘tkazgan vaqtida mahalliy aholi yuzlab o‘g‘riliklar sodir bo‘layotgani, lekin IIB xodimlari jinoyatlarni yashirayotganidan norozi bo‘lib gapirishdi. Shundan keyin prezident administratsiyasi va Bosh prokuratura xodimlaridan iborat maxsus guruh tuzilib, 18 noyabrdan 22 noyabrgacha viloyatda tekshiruv o‘tkazdi. Natijada 2019 yilning 10 oyi davomida 200 dan oshiq jinoyatlar yashirilgani aniqlandi»¸ deb xabar berdi o‘zining vaziyatga oid rasmiy ma’lumotdan bevosita xabardorligini ta’kidlagan vazirlik mulozimi.

Ozodlik ixtiyorida Farg‘ona viloyatida 2019 yilning 10 oy davomida qancha jinoyatning rasmiy qaydga olinganiga oid rasmiy ma’lumot yo‘q.

Viloyat IIB Matbuot xizmati rahbari Ozodlikning bu haqdagi savollariga javob berishdan ochiqchasiga bosh tortdi.

Ozodlik bilan shaxsi sir qolishni so‘rab gaplashgan IIV mulozimi esa¸ yil davomida jinoyatchilikka oid raqamlarni kamaytirish maqsadida¸ asosan¸ mayda bezorilik¸ o‘g‘rilik va firibgarlikka oid shikoyatlarning qaydga olinmaganini ta’kidladi.

«Birgina Farg‘ona shahrining o‘zida 100 dan oshiq telefon va xonadon o‘g‘riligi va firibgarlik jinoyatlari yashirilgan. Bu jinoyatlarni yashirishni¸ ya’ni ro‘yxatga olmaslikni viloyat IIB boshlig‘ining shaxsan o‘zi bergan. Boshliq Mamatov IIVga viloyatda jinoyatchilikni kamaytirdik¸ deb soxta ma’lumot berib kelgan. Viloyat bo‘yicha jinoyatchilikni hisobga olishga Mamatovning 1-o‘rinbosari va shtab boshlig‘i mas’ul. Ammo maxsus tekshiruvdan so‘ng buyruqni berganlar qolib¸ uni bajarishga majbur bo‘lgan oddiy xodimlarni jazolash masalasi ko‘rilmoqda»¸ dedi Ozodlikka Farg‘onadagi xalq qabullari haqida ma’lumot yo‘llagan IIV mulozimi.

Aytilishicha¸ hozirda Farg‘ona shahar IIBning bir necha xodimi shahar prokuraturasiga chaqirtirilib¸ so‘roq qilinmoqda.

«Hamma aybni oddiy xodimlarga to‘nkab¸ boshliqlar suvdan quruq chiqmoqchi. Farg‘ona shahar IIB profilaktika inspektorlaridan ikkitasiga sovuqqonlik bo‘yicha ayb qo‘yishmoqchi. Bu yigitlarning ota-onasi viloyat prokurori va prezident qabuliga adolat so‘rab murojaat qilgan»¸ dedi Ozodlik gaplashgan mulozimlardan biri.

Hozircha jinoyatchilikni ro‘yxatga olmaganlik uchun prokuraturada so‘roq qilinayotgan profilaktika inspektorlari shaxsiga oid ma’lumot Ozodlikda yo‘q.

Viloyat prokuraturasidan bu iddaolar yuzasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Vazir yangi o‘rinbosari Farg‘onada

Farg‘onadagi huquq tizimi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ 25 noyabr kuni Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yangi o‘rinbosari Azizbek Ikromov viloyatga safar qilgan.

«Ikromov bugun O‘zbekiston tumaniga borib¸ odam o‘ldirilgan IVSni borib ko‘rdi. Viloyatda zamministr borligi uchun IIB bog‘lig‘i Mamatov prokuraturadan yashirilgan jinoyat ishlari bo‘yicha profilaktika xodimlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslikni iltimos qilgan. Shunga hozircha bu ishni to‘xtatib turishipti»¸ dedi viloyat prokuraturasiga yaqin mulozim.

Jinoyatlar ro‘yxatga olinmaganidan xalq jabr ko‘rmoqda

Ozodlik gaplashgan tizim mutaxassislari ta’kidicha¸ prezidentga Farg‘onada jinoyatchilikni kamaytirdik¸ degan hisobot berish maqsadida ularni ro‘yxatga olmaslikdan oddiy aholi zarar ko‘rmoqda.

«Aholidan tushgan arizalarni yashirib, ro‘yxatga oldirmaslik jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmasligiga olib keladi. Bu yuzlab odam millionlab zarar ko‘rdi¸ deganidir. Endi esa bu jinoyatlarni fosh etish qiyin bo‘ladi. Chunki izlar yo‘qolgan, dalillar topilmaydi va hokazo. Agar arizalar vaqtida ro‘yxatga olinganida jabrlanuvchilarning yarmi bo‘lsa ham zarari qoplanishiga erishgan bo‘lardi»¸ deb izoh berdi IIV mulozimlaridan yana biri.

«Boshqa viloyatlarda ham ayni ahvol»

Farg‘onada jinoyatchilikka oid asl raqamlarni soxtalashtirish haqidagi IIV mulozimi iddaosi ortidan Ozodlik Andijon viloyatidagi IIB xodimlaridan biri bilan suhbatlashdi.

Ayni mulozim¸ yil boshida Andijon viloyatida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Sobirov “sodir etilgan har bir jinoyatni faqat o‘z roziligi bilangina ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy qilgan”i va oqibatda qotillikdan boshqa jinoyatlarni ro‘yxatga olish qariyb to‘xtatilganini xabar qilgan edi.

Yil oxiriga kelib jinoyatchilikni ro‘yxatga olish jarayonida biro narsa o‘zgardimi¸ degan savolga andijonlik IIB xodimi bergan javob shunday bo‘ldi:

- Bekitish¸ ro‘yxatga olmaslik ayni shaklda davom etayapti. Bundan keyin ham shunday ketadi. Jinoyatni kamaytir¸ xavfsiz hudud bo‘lsin deb har kun boshimizni qotirishayapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 10 yanvar kungi selektor yig‘inida ichki ishlar tizimi rahbarlariga mamlakatdagi jinoyatlarni ochish darajasini oshirish¸ jinoyatchilikni jilovlash va jinoyat sonini kamaytirish haqida buyruq bergan edi.

Ozodlik gaplashgan tizim mulozimlari mayda jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik¸ ana shu buyruqdan keyin «yozilmagan qonun»ga aylanganini ta’kidladi.

Prezidentning bunday topshirig‘i ortidan mamlakat huquq tizimlari jinoyatchilikning keskin kamayib borayotgani haqida rasmiy bayonot berishni urfga aylantirdi.

XS
SM
MD
LG