Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:36

Poyezdlar vagon kuzatuvchilari yer usti metrosi qurilishiga safarbar qilindi


"O‘zbekiston temir yo‘llari" vagon kuzatuvchilari yer usti metrosining Qo‘yliq hududidagi qurilishida ishlamoqda.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" vagon kuzatuvchilari yer usti metrosining Qo‘yliq hududidagi qurilishida ishlamoqda.

"O‘ztemiryo‘lovchitashish” ochiq aksiyadorlik jamiyati vagon kuzatuvchilari Toshkentdagi yer usti metrosi qurilishiga safarbar etildi.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan vagon kuzatuvchilarining aytishicha, ular poyezdda tunu-kun ishlab, smenani topshirganlaridan so‘ng depodan to‘g‘ri avtobuslarda yer usti metrosining Qo‘yliq qismidagi qurilish ishlariga majburlab olib ketilmoqda.

Toshkentning sakkizta tumanidan o‘tuvchi 52 kilometrli yangi yer usti metrosi qurilishini "O‘zbekiston Temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati amalga oshirmoqda.

Jamiyat mas’ullaridan biri Ozodlikka ishchilar "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ amalga oshirayotgan qurilish ishlariga ko‘ngilli ravishda jo‘natilayotganini aytdi.

O‘z xavfsizligidan cho‘chib Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan vagon kuzatuvchilariga ko‘ra, ular ishdan haydalish haqidagi tahdidlar Toshkentdagi yer usti metrosi qurilishida o‘z kasbiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan ishlarni qilishga majburlanmoqda.

Vagon kuzatuvchilaridan biri jumladan bunday dedi:

Qurilishda ishlab bo‘lganimizdan so‘ng, kechasi kelib yana poyezdga chiqib provodniklik qilyapmiz.

- Poyezdda tunu-kun yo‘lovchilar xizmatini qilamiz, tualet artamiz, choyini damlaymiz, ba’zida uxlamaymiz. Mana o‘n kun bo‘ldi bizni ertalab smenani topshirganimizdan so‘ng Depodan bizni avtobuslarga solib yangi qurilayotoan yer usti metrosining Qo‘yliqdagi qurilishiga olib ketishyapti. U yerda g‘isht tashiymiz, beton qoramiz. Ovqat beriladi, lekin bu ish uchun maoshimizga pul qo‘shilmaydi, deb aytishdi. Qurilishda ishlab bo‘lganimizdan so‘ng, kechasi kelib yana poezdga chiqib provodniklik qilyapmiz, - deydi ismi sir qolishini istagan toshkentlik vagon kuzatuvchisi.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa vagon kuzatuvchisining aytishicha, qurilishga faqat mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlarda xizmat qiluvchi provodniklar jalb etilmoqda.

- Faqat mahalliy yo‘nalishdagilar. "Afrosiyob" poyezdi provodniklariku oq suyaklar, ularga umuman tegilmaydi. Moskva va boshqa chet davlat shaharlariga qatnovchi poyezdlar provodniklariga ham tegilmayapti. Faqat biz qora ishchi bo‘lib qoldik. Boshlig‘imizga har kuni 20 kishini chiqarasan, deb tepadan buyruq kelgan, uni ham tushunish mumkin, buyruqni bajarishi kerak, - deydi vagon kuzatuvchisi.

Vagon kuzatuvchilari metro qurilishida qachongacha ishlatilishi haqida aytilmagan.

- Metro qurilib bitmagunicha bu narsa tugamasa kerak. 1 million 600 ming so‘m oylik berganidan so‘ng, nima desa shuni bajarishga majburmiz, - deydi toshkentlik vagon kuzatuvchisi.

Rejaga muvofiq, yer usti metrosi 2020 yil ohirigacha qurib topshirilishi kerak.

Vagon kuzatuvchilarining shikoyati yuzasidan "O‘ztemiryo‘lovchitashish” ochiq aksiyadorlik jamiyatidan ham uni ustidan qaraydigan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ matbuot xizmatidan ham izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Toshkendagi 52 kilometrli yangi yer usti metrosi qurilishi o‘tgan yili boshlangan edi.

Qurilish loyihasini "O‘zbekiston Temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati amalga oshirmoqda.

"O‘ztemiryo‘lovchitashish” ochiq aksiyadorlik jamiyati "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tasarrufidagi tashkilotdir.

Jamiyat mas’ul xodimlaridan biri Ozodlikka ishchilar "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ amalga oshirayotgan qurilish ishlariga ko‘ngilli ravishda jo‘natilayotganini aytdi.

- Hech kim hech kimni majburlayotgani yo‘q. O‘sha yerda quruvchilarga yordam berilyapti, meni o‘zim ham ishdan bo‘sh vaqtda borib, hashar qilib kelyapman, ko‘ngilli bo‘lyapti, - dedi "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ mas’ul xodimlaridan biri.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Ishonch xizmati xodimi vagon kuzatuvchilaridan mehnatga majburlanayotganliklari haqida shikoyat tushmaganini aytdi.

- Provodniklarni shikoyati bo‘lsa bizga murojaat qilishsin, biz ularni shikoyatini rahbariyatga yetkazamiz, - dedi "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Ishonch xizmati xodimi.

Bundan oldin Ozodlik "O‘zbekiston Temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatiga qarashli "Toshkent mexanika zavodi" (sobiq Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi) ishchilarining yer usti metrosi qurilishlariga safarbar etilgani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistonda davlat ishchilarining o‘z vazifalari qolib qishloq xo‘jalik va obodonlashtirish ishlariga jalb qilinishi odatiy xol.

O‘zbekistonda "Obod mahalla", "Obod qishloq", "Obod tuman" hukumat dasturlarini amalga oshirish va inshootlar qurish uchun byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilgani ilgari ham kuzatilgan.

Garchi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2018 yilning 10 mayida “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarorni qabul qilgan esa-da, byudjet tashkilotlari xodimlari majburiy mehnatga jalb etilayotgani borasida Ozodlikka tez-tez shikoyat xatlari kelishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG