Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:21

Metro qurilishida halok bo‘lgan uch hamqishloq dafn etildi


Shahrisabzlik uch yigit Toshkent metrosi Yunusobod liniyasida o‘pirilgan tuproq ostida qolib halok bo‘ldi.
Shahrisabzlik uch yigit Toshkent metrosi Yunusobod liniyasida o‘pirilgan tuproq ostida qolib halok bo‘ldi.

Yigirma yoshli Davronbek Abdullayevning Toshkentga kelganiga endigina 7 kun bo‘lgan edi. Otasi bir necha oy avval vafot etgan yolg‘iz o‘g‘il - Davronbekning zimmasiga oila boqish majburiyati tushgandi. Mana shu majburiyat uni bir necha oy avval Toshkentga mardikorlik qilgani ketgan amakisi Oybek Abdullayevning oldiga borishga undadi. Amakisi uni ham o‘zi qora ishchi bo‘lib ishlayotgan metro qurilishiga joyladi.

Ammo Davronbek onasiga pul jo‘natishga ulgurmadi. Ishlay boshlaganining yettinchi kunida metro qurilayotgan joyda yer o‘pirilib, yosh umri zavol bo‘ldi. Davronbek bilan birga yana uning ikki hamqishlog‘i – 30 yoshli Oybek Abdullayev va Jonibek Ravshanov ham halok bo‘ldi.

19 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati, Shaxrisabz tumani, Beshkapa qishlog‘ida uch yigitning jasadi yerga berildi.

- Birdaniga uch kishining janozasi o‘qilib, dafn etildi. Hamma qattiq qayg‘uda. Bugun janozasi o‘qilgan yigitlar kamtar, yomonligi yo‘q, sodda yigitlar edi. Oilaviy sharoitlari o‘ta darajada nochor emasdi. Har holda o‘rtacha bo‘lmasa ham, o‘rtachadan pastroq, ammo qashshoqlikdan yuqoriroq darajada yashab kelishayotgan edi, - dedi marhumlarning hamqishloqlaridan biri.

- Davronbek yolg‘iz o‘g‘il edi, otasi bir necha oy oldin o‘tib ketgan, onasi bilan yolg‘iz qolgandi. Endi bechora mushtipar onaning o‘t bo‘lib yonayotganini tasavvur qila olasizmi? Juda yomon bo‘ldi. Oybek Abdullayevning ikki farzandi yetim qoldi. Jonibek Ravshanov oilaning yolg‘iz boquvchisi edi. Barcha opa-singillari bilan bitta hovlida turishardi,- dedi marhumlarning yana bir hamqishlog‘i.

Unga ko‘ra, Oybek Abdullayev 20 oktabrda, Davronbek Abdullayev esa amakisining ortidan 11 dekabrda Toshkent metropoliteni qurilishiga yollangan edi. Jonibek Ravshanov noyabr oyida Toshkentga ketgandi. Ular qurilish sohasi mutaxassisi yoki usta bo‘lishmagan.

Shahrisabz tuman hokimiyatiga yaqin bo‘lgan manbaning aytishicha, Beshkapa qishlog‘ida 360ga yaqin xonadon mavjud va ularda 2300dan ko‘proq odam yashaydi:

- Beshkapa qishlog‘idagi erkaklarning taxminan 30 foizi Rossiyaga, ayrimlari Toshkentga borib mardikorlik qilishadi. Qishloqda doimiy ish o‘rinlari deyarli yo‘qligi uchun, qishloq aholisi chetga chiqib tirikchilik qilib kelishga majbur. Fermerlar qo‘lida asosan ayollar ishlaydi, o‘qituvchi va vrach bo‘lib ishlaydiganlardan tashqari, qolgan erkaklar tashqariga chiqib pul topishadi. Shu qishloqdagilarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab quvvatlash uchun 25-30 million so‘mdan oilaviy tadbirkorlik uchun, mol, tovuq sotib olishlari uchun kredit berilgan. Lekin hamma ham bu kreditdan unumli foydalana olmayapti, tadbirkorlikni eplasholmayapti. Oxir-oqibat yana mardikorlik qilishga majbur bo‘lishayapti.

Tuman hokimiyatiga yaqin bo‘lgan manbaga ko‘ra, beshkapaliklarni doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasida hozircha biron bir reja mavjud emas.

Shahrisabz shahar hokimi o‘rinbosari Azamat Sultonov Ozodlik radiosi muxbiriga hokimlik vakillari dafn marosimlarida ishtirok etganlarini, halok bo‘lganlarning oilalariga marosimlarni o‘tkazish uchun qo‘y, yog‘, gurunch va boshqa mahsulotlarni yordam sifatida berganlarini aytdi. Azamat Sultonov marhumlarningg oilalariga moliyaviy yordam ko‘rsatish ham rejalashtirilayotganini bildirdi.

Metro qurilishida shahrisabzlik uch yigitdan tashqari yana uch kishi halok bo‘lgani xabar qilindi:

1986 yilda tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanida istiqomat qilgan fuqaro Diyorov Anvar Normurodovich;

1996 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati, Oqdaryo tumani, Farmonobod qishlog‘ida istiqomat qilgan fuqaro Raxmatov Ixtiyor Amriddin o‘g‘li;

1981 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida istiqomat qilgan fuqaro Karimov Zarif To‘lqinovich.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining 19 dekabrda ma’lum qilishicha, Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida tuproq o‘pirilishi oqibatida halok bo‘lgan barcha marhumlarning jasadlari o‘zlari yashagan hududlarga yetkazib berilgan.

“Pudratchi-quruvchi tashkilotlar tomonidan ularning oila-a’zolari va yaqinlariga 100 million so‘mlik dastlabki tovon pullari to‘lab berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan qo‘shimcha kompensatsiya pullari to‘lab beriladi", deyiladi rasmiy bayonotda.

Ayni paytda Favqulodda vaziyatlar vazirligi komissiyasi hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish hamda bartaraf qilish ishlarini davom ettirmoqda. Vazirlik mazkur holatning vujudga kelishiga sababchi bo‘lgan va yo‘l qo‘ygan mas’ul tashkilot va shaxslar aniqlamoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi esa mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

Yunusobod metro yo‘lining qurilishida 18 dekabr kuni ro‘y bergan yer o‘pirilishi oqibatida 6 kishi - Oybek Abdullayev, Jonibek Ravshanov, Davronbek Abdullayev, Anvar Diyorov, Ixtiyor Raxmatov va Zarif Karimov halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG